O‘zbekiston | 20:30 / 12.01.2018
9111
2 daqiqa o‘qiladi

Advokatlar aholiga barcha sohada yuridik xizmat ko‘rsatishlari mumkin bo‘ladi

Foto: Kun.uz

2018 yilgi Davlat dasturi loyihasining sud-huquq sohasida huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Shunga ko‘ra, advokatlarga faqatgina sud majlislarida qatnashish emas, balki aholining keng qatlamiga huquqiy yordam ko‘rsatishlariga ruxsat berish masalasi ham muhokama qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirjon Jo‘rayev Taraqqiyot strategiyasida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida shu haqda ma'lum qildi. 

“Aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish tizimida advokatura instituti muhim o‘rin tutadi. Advokatura instituti fuqarolar va yuridik shaxslarga huquqiy masalalarda ko‘mak beradi. Biroq bugungi kun advokatlari faoliyati tahlil qilinganida, ular faqat sud jarayonlarida qatnashish bilan ovora. Ular boshqa yo‘nalishlar, jumladan, konsalting xizmatlari ko‘rsatish, tadbirkorlarga maslahatlar berish yoki davlat organlari va muassasalarida yurdik xizmat ko‘rsatishga advokatlar jalb qilinmayapti. 

Bunga sabab, advokatlik faoliyatiga doir qonunchilik hujjatlari va me'yorlarida bu narsalarning huquqiy asoslari belgilanmaganlidir. Shundan kelib chiqib dastur loyihasida bu masalaga e'tibor qaratilgan. Advokatura to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, advokatlar faqatgina sudlarda huquqiy yordam ko‘rsatmaydi. Ular tadbirkorlarga konsalting xizmatlarini ham ko‘rsatishlari mumkin bo‘ladi. Bunda ular advokatlik firmasi yoki byurosi ochmasdan, boshqa shakllarda huquqiy yordam ko‘rsatishlari mumkin bo‘ladi.

Amaldagi qonunchilik talablariga binoan esa, advokatlar firma yoki byurodan tashqari boshqa tuzilmalar ochishga haqi yo‘q. Agarda ular shunday tuzilmalar ochsa, advokatlik litsenziyasidan mahrum bo‘lishardi”, - dedi Nodirjon Jo‘rayev. 

 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid