O‘zbekiston | 13:18 / 13.01.2018
11373
2 daqiqa o‘qiladi

Sudyalik lavozimida bo‘lish muddati ketma-ketligiga rioya etish majburiy bo‘lmaydi

Foto: Dreamstime

Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida sudyalar maqomining huquqiy asoslarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.
 
Eslatib o‘tamiz, prezident Sh.Mirziyoyev o‘zining 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash uchun, birinchi navbatda, sudyalarni odil sudlovga ta'sir o‘tkazadigan omillardan himoya qilish kerak. Tergov va sud ishiga aralashish holatlarini aniqlash, buning uchun javobgarlikni kuchaytirish va jazo muqarrarligini ta'minlash g‘oyat muhimdir”, deb ta'kidladi.
 
Loyihaga ko‘ra, 2018 yil 1 aprelgacha Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, O‘zbekiston sudyalar assotsiatsiyasi va Adliya vazirligi tegishli qonun loyihasini ishlab chiqadi. Unda sudyalik lavozimiga ilk bor tayinlanayotgan nomzod bo‘yicha tuman va shahar jamoatchiligi fikrini o‘rganish tartibi o‘rnatiladi. Shuningdek, qonun loyihasida Prezident tomonidan sudyalik lavozimlariga tayinlash (taqdimnoma kiritish) tartibini takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Sudyalik lavozimida bo‘lish muddatining ketma-ketligiga rioya etish majburiy bo‘lmaydi.
 
Hozirgi vaqtda sudyalar lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz davrga tayinlanadi (saylanadi). 

Loyiha 15.01.2018 yilgacha muhokama uchun ochiq. 

Mavzuga oid