O‘zbekiston | 14:36 / 16.01.2018
58272
3 daqiqa o‘qiladi

Arzon uy-joyga muhtoj oilalarni aniqlash uchun tartib o‘zgartirilmoqda

Foto: Fotolia

Yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joy olish uchun talabgorlarga yozma tavsiyanomani endi tuman hokimligi huzurida tuzilishi rejalashtirilgan komissiya taqdim etishi belgilanmoqda. Bu haqda «Qishloq qurilish invest» MChJ injiniring kompaniyasi mutasaddi vakili Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.

«​Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, uy quruvchining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyalari asosida 2017 — 2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilingan.

Unga ko‘ra, dasturda ishtirok etish uchun ariza beruvchiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahalla) tomonidan beriladigan yozma tavsiya birlamchi hujjat hisoblangan. Boshqacha qilib aytganda, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oila, deb topilgan talabgorga ana shunday yozma tavsiya berish nazarda tutilgandi.

Afsuski, ayrim holatlarda ushbu vakolatni suiiste'mol qilib, mansabdor shaxslar haqiqiy uyga muhtoj bo‘lgan oilalarga emas, o‘ziga to‘q, uy-joyi yetarli bo‘lgan kishilarga ham tavsiyanoma bermoqda. Buni 2018 yilda o‘zgartirib, tegishli tavsiyanoma va xulosani tuman hokimligi huzurida tuzilishi rejalashtirilgan komissiya tomonidan taqdim etilishi belgilanmoqda»​, deydi u.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, «boshqa oila yoxud boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) birgalikda yashovchi oila; ko‘p bolali oilalar; to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalayotgan onalar (otalar); tarkibida birinchi guruh nogironi bo‘lgan yoxud surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va qonun hujjatlariga muvofiq alohida xonada yashashga ehtiyoj sezuvchi shaxs bo‘lgan oila; kam ta'minlangan oilalar, shuningdek uy-joy maydoni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq bo‘lmagan oilalar - uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oila» hisoblanadi.

Mavzuga oid