Jahon | 16:23 / 19.01.2018
10242
3 daqiqa o‘qiladi

100 metrli minoralar Xitoy havosini smogdan tozalaydi

Foto: South China Morning Post

Sian (Shensi provinsiyasi)dagi 100 metrli havo tozalovchi minora bu yo‘nalishdagi dunyodagi eng noyob va baland obekt hisoblanadi. Dastlabki tadqiqotlar davomida uning havodagi ifloslikni 15 foizga qisqartirishning uddasidan chiqqani aniqlandi. South China Morning Post shu haqida xabar berdi.

Sian shahridagi 100 metrli havo tozalovchi minora Xitoy Fanlar akademiyasining maxsus loyihasi doirasida qurilgan. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, u shaharni joylashuviga qarab 10 kilometr radiusda smogdan tozalashga yordam beradi. Minora qurilishi 2015 yilda boshlangan, asoschilarning so‘zlariga ko‘ra, u bu turdagi dunyodagi eng baland va noyob minora hisoblanadi. Loyiha qiymati oshkor etilmagan.

Tizim futbol maydonining yarmiga teng keladigan hududda joylashgan minora atrofidagi issiqxonalar yordamida ishlaydi. Ifloslangan havo issiqxonalarga tortiladi va quyosh energiyasi yordamida isiydi. Qaynoq havo minoraga kelib tushadi va ko‘p bosqichli tozalash tizimlaridan o‘tib, yuqoriga ko‘tariladi. Shundan so‘ng qaytib atmosferaga chiqadi.

Tajribaning ilk bir necha oyida minora 10 million kub metr havoni tozaladi. Olimlar jamoasi minora atrofidan 10 kilometr radiusda ko‘plab havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatdi. Ular ifloslik darajasining 15 foizga qisqarganini ko‘rsatmoqda. Tadqiqotning yetakchi muallifi Tsaol Yuntszining so‘zlariga ko‘ra, hatto eng tutunli kunlarda ham smogni me'yoriy darajaga keltirishga muvaffaq bo‘lingan. Bu vaqtinchalik natijalar, zero tajriba hali davom etmoqda. Tadqiqotchilar mart oyida obekt samaradorligining to‘liq ilmiy bahosini o‘z ichiga olgan batafsil hisobotni taqdim etishni rejalashtirishmoqda.

Agar tajriba muvaffaqiyatli o‘tsa, Xitoyning ko‘plab shaharlarida shunday minoralar quriladi. Minora balandligi esa besh karraga oshiriladi: balandligi - 500 metrga, diametri esa - 200 metrga. Har holda 2014 yilgi patent arizasida shunday raqamlar ko‘rsatilgan. Shunday bo‘lgan taqdirda, issiqxonalar 30 kilometr kvadrat hududda joylashadi va obektlar shahar havosini to‘liq tozalay oladi. 

Havo sifatini yaxshilash maqsadida Xitoy temir rudasi qazib olish litsenziyalarining uchdan birini bekor qilmoqchi. Kampaniya davomida mingdan ortiq litsenziyalar qaytarib olinadi. Tabiat qo‘riqxonalari yaqinida joylashgan joylarda ham ruda qazib olish taqiqlanadi. 

Mavzuga oid