Jahon | 09:20 / 22.01.2018
9267
2 daqiqa o‘qiladi

Tom Kruz va Jonni Depp nomzodi «Oltin malina» antimukofotiga qo‘yildi

Foto: Alfredo Estrella

Tom Kruz, Jonni Depp, Mark Uolberg va boshqa aktyorlar nomzodi «Oltin malina» antimukofotiga qo‘yildi, g‘oliblar nomi 3 mart kuni, «Oskar» mukofotlarini topshirish marosimidan avval ma'lum qilinadi.

Mukofot tashkilotchilari nomzodlar nomini an'anaviy ravishda hazil aralash videorolikda e'lon qilishdi. Videorolik bu safar «odamlar sog‘lig‘i va atrof-muhitga xavfli bo‘lgan elementlarni yo‘qotish»ga bag‘ishlandi. 

«Zaharli aktyorlik ijrosi» nominatsiyasiga «Mo‘miyo» filmi uchun Tom Kruz, Jyeymi Dornan («Ellikta qorong‘uroq rang»), Mark Uolberg («Transformerlar: so‘nggi ritsar» hamda «Salom, dada, Yangi yil! 2»), Jonni Depp («Karib dengizi qaroqchilari: Murdalar ertak so‘zlamaydi») va Zak Efron («Malibu qutqaruvchilari») da'vogarlik qilmoqda. «Zaharli ijro» nominatsiyasida nomi qayd etilgan aktrisalar orasida Dakota Jonson («Ellikta qorong‘uroq rang»), Ketrin Xaygl («Vasvasa»), Emma Uotson («Sfera»), Jyennifer Lourens («Ona!») bor.

«Yilning eng yomon kartinasi» nominatsiyasida «Emoji film», «Transformerlar: so‘nggi ritsar», «Ellikta qorong‘uroq rang», «Mo‘miyo», «Malibu qutqaruvchilari» bor.

«Oltin malina» antimukofoti har yili «Oskar» mukofotlarini topshirish marosimidan avval beriladi. «Oltin malina» laureatlari tilla rang qoplangan plastik malina bilan taqdirlanadi. Mukofot qiymati besh dollardan kamroqni tashkil etadi.

Mavzuga oid