Sport | 18:40 / 24.01.2018
80059
3 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan ishi prokuraturaga oshirilgan

O‘zbekiston terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayanning ishi bo‘yicha ma'lumotlar prokuraturaga taqdim etilgan. Bu haqda O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov ma'lum qildi.

«Avvalo, shuni ta'kidlab o‘tishni xohlardimki, Samvel Babayanning futboldan chetlatilishi, ushbu sohada turli qing‘irliklar bilan shug‘ullangan, faqat o‘z manfaatini o‘ylab futbol orqasidan kun ko‘rib kelayotgan ayrim shaxslarga ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib xizmat qilishi lozim.

Babayanning «Paxtakor» klubi boshqaruvida va O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida amalga oshirgan turli qing‘irliklari bizga ma'lum. Biz o‘z vakolatimiz doirasida, o‘rnatilgan tartibda  O‘zbekiston futbol federatsiyasi ustavidan kelib chiqib, uni futbol faoliyati bilan shug‘ullanishdan bir umrga chetlashtirdik. Shu bilan birgalikda, uning hujjatlari va materiallarini prokuraturaga topshirdik. Babayan ishi bilan bundan buyog‘iga prokuratura xodimlari shug‘ullanishadi va uning aybi to‘liq isbotlansa, u qonun oldida, albatta, javob beradi.   

Afsuski, so‘nggi yillarga kelib yurtimizda futbol tizimi butunlay izdan chiqib ketgan. Murabbiy va hakamlarni qo‘ya turaylik, yurtimizda «futbol atrofidagi shaxslar» paydo bo‘lgan. Garchand sohaga hech qanday aloqasi bo‘lmasa-da, mas'ul rahbarlarning e'tiborsizligidan foydalanib vositachilik bilan shug‘ullangan. Ular asosan jamoalar o‘rtasida kelishilgan o‘yinlarni tashkil etishda, kerakli natijaga erishish uchun hakamlar bilan kelishishda, futbolchilarning boshqa klubga transfer qilinishida, yosh futbolchilarning yoshini sun'iy ravishda kichraytirishda  «jonbozlik» ko‘rsatishgan. Aynan shunday illatlar tufayli yurtimizda futbol tizimi yillar davomida izidan chiqib ketgan. 

Bizda ana shunday «futbol atrofidagi shaxslar»ning bir nechtasi haqida ham ma'lumot bor. Futbolimizni ana shunday illatlardan tozalamas ekanmiz, jahon chempionatiga chiqish bizga armon bo‘lib qolaveradi», degan Ahmadjonov «Xalq so‘zi» gazetasiga bergan intervyusida.

Mavzuga oid