Jahon | 07:40 / 25.01.2018
18036
2 daqiqa o‘qiladi

Shifokorlar o‘smirga oyog‘ini teskarisiga qilib tikishdi

Foto: © Fotolia / pix4U

Shifokorlar oyog‘i amputatsiya qilingan shimoliy irlandiyalik 15 yoshli Tristin Styuartga tovonini tizzasi o‘rniga tikib qo‘yishdi. Bu haqda The Sun nashri xabar bermoqda.  

O‘smir 2014 yildan boshlab oyog‘idagi og‘riqlardan shikoyat qilib kelgan. 3 yil o‘tib, ya'ni 2017 yil yozida unda sinovial sarkoma – qo‘l-oyoq bo‘g‘imlariga shikast yetkazuvchi yomon sifatli o‘simta borligi aniqlangan. O‘smirning hayotini faqat oyog‘ini olib tashlash bilangina saqlab qolish mumkin edi.

Shifokorlar o‘smirning oyog‘ini to‘liq olib tashlamasdan, faqatgina boldir qismini olib tashlashni, so‘ngra tizzasi o‘rniga tovonni teskarisiga qilib tikishni taklif qilishgan. Ta'kidlanishicha, bu holatda boldir va tovon suyaklarini biriktiruvchi bo‘g‘in tizza bo‘g‘ini rolini o‘ynaydi va bu protez qo‘llashni osonlashtiradi. O‘smir bunga rozilik bergan.

“Inqilobiy operatsiya” muvaffaqiyatli o‘tgan. O‘smir amputatsiyadan keyin qo‘ltiqtayoqlarda harakatlangan, biroq hozir protezlarda yurib, yugurishni mashq qilmoqda. “Oyog‘ing qanday ko‘rinishining nima farqi bor. Men faqatgina yugurishni istardim va shunday bo‘lishini bilaman”, deb aytgan o‘smirning o‘zi.

Kelgusida o‘smirning oilasi unga maxsus yugurish protezlarini olib bermoqchi.

Mavzuga oid