O‘zbekiston | 20:30 / 31.01.2018
42073
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuraturaning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Prezident matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, yig‘ilishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va o‘zgarishlar jarayonida prokuratura organlari tomonidan qilinayotgan ishlar va ular oldida turgan vazifalar muhokama qilindi.

Davlat rahbari prokuratura organlari oldida turgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Prokuratura organlari xodimlari islohotlarni samarali amalga oshirishda o‘zlarining bor salohiyati, bilim va tajribasini safarbar etishi zarurligi ta'kidlandi. Qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarning amaliy ijrosini so‘zsiz ta'minlash prokuraturaning eng muhim va dolzarb vazifasiga aylanmog‘i lozimligi aytildi.

Yig‘ilish ishtirokchilarining e'tibori farovon hayot asosi bo‘lgan tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investorlarning mamlakatimizda erkin faoliyat yuritishi uchun sharoitlar yaratish prokuratura organlari tomonidan kafolatlanishi zarurligiga qaratildi.

Prokurorlarning sektorlar rahbari sifatidagi faoliyatida eng muhim vazifalaridan biri odamlar hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish maqsadida hududlarni rivojlantirishga ko‘maklashishdir.

Davlat boshqaruvini xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish prokuratura organlarining jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlashdagi rolini kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishni yakunlar ekan, prokuratura xodimlari yuqori kasbiy malaka va yuksak insoniy fazilatlari bilan davlat organlari xizmatchilariga o‘rnak bo‘lishi, hamisha adolat va qonuniylik himoyasida turishi lozimligini alohida ta'kidladi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq Prezidentning Davlat maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Otabek Murodov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlandi.

Mavzuga oid