O‘zbekiston | 12:15 / 31.01.2018
313986
3 daqiqa o‘qiladi

Rustam Inoyatov MXX rahbarligidan ketdi

Foto: Pang Xinglei / Xinhua

1995 yil yozidan buyon uzluksiz ravishda O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisi lavozimida bo‘lib kelgan general-polkovnik Rustam Inoyatov lavozimini tark etdi. Bu haqda «Kun.uz»ning ishonchli manbalari xabar bermoqda.

Manbaning ma'lumot berishicha, endi Milliy xavfsizlik xizmati rahbarligiga 2015 yil 20 apreldan buyon respublika Bosh prokurori sifatida ishlab kelayotgan Ixtiyor Abdullayev rahbarlik qiladi.

Rustam Inoyatov prezident apparatida ishlashda davom etishi, prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lishi kutilmoqda.

MXX tuzilmasida yana bir qator tayinlovlar ro‘y berishi mumkin. 

Qayd etish kerakki, bu o‘zgarishlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini isloh etishga kirishuvi ortidan ro‘y bermoqda. 

Prezident o‘tgan yilning 22 dekabrida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a'zolariga qilgan murojaatnomasida Milliy xavfsizlik xizmati 26 yil avval hukumat tasdiqlagan nizom asosida ishlab kelgani, endi MXX faoliyatini isloh qilish vaqti kelgani va yaqin vaqt ichida MXX faoliyati to‘g‘risida qonunni ishlab chiqilishini ma'lum qilgandi.

2018 yilgi davlat dasturi loyihasida «​Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»​gi​ qonun qabul qilinishi belgilangan. Qonunga ko‘ra Parlament Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini nazorat qiladi.

Rustam Rasulovich Inoyatov 1944 yilning 22 iyunida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida KGB polkovnigi Rasul Inoyatov oilasida tug‘ilgan. 1968 yili Toshkent Davlat universitetining eron filologiyasi fakultetini tamomlagan. Armiyadagi xizmatdan keyin KGBda turli lavozimlarda ishlagan. 1976 - 1981 yillarda Afg‘onistonda doimiy rezident sifatida xizmat qilgan. 1995 yilning 27 iyunidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisi hisoblangan.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati 1991 yilda tashkil etilgan. MXXning asosiy vazifalari xorijiy davlatlar va tashkilotlar maxsus xizmatlarining O‘zbekistonga qarshi razvedka-qo‘poruvchilik faoliyati bilan kurash olib borish, O‘zbekiston mustaqilligi, konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy butunligi, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va mudofaa qudratini g‘ayriqonuniy tajovuzlardan himoya qilish hisoblanadi.

Mavzuga oid