Jamiyat | 00:05 / 05.02.2018
153072
5 daqiqa o‘qiladi

Hokim barchasiga nuqta qo‘ya olmaydi, uning haqi yo‘q

Men kuzatib kelgan vaziyatga dangal baho berishni istayman: Farg‘ona viloyati hokimi uzr so‘rashi kerakmi? Javobni juda tezlik va topqirlik bilan bermaylik, avvalo, bungacha bildirilgan mulohazalarga to‘xtalishni lozim topib, birma-bir tahlilga kirishaylik.

Hokim kim o‘zi?

Hokim (arab tilidan olingan) eng birinchi navbatda, qaror qabul qiluvchi, boshqaruvchi, degan ma'nolarni anglatadi. Shuningdek, qadimiy arab lug‘atlarida himoyalovchi, (mol-mulk) egalik qiluvchi kishilar ham hokim deb e'tirof etilgan. O‘zbek tilining izohli lug‘atida yozilishicha, hokim qadim davrdan shahar va uning atrofidagi qishloqlar ustidan oliy hukmdorning amrini o‘tkazish uchun belgilab qo‘yilgan amaldor. Keyinchalik bu nom bilan sobiq Turkiston o‘lkasidagi ayrim shahar yoki muzofotlarda chor hukumatining siyosatini o‘tkazib kelgan amaldorga nisbatan qo‘llangan.

Mustaqil O‘zbekistonning ilk yillarida barcha narsani o‘z nomi va milliy qadriyatlar uyg‘unligida atash boshlandi. Shunday qilib, viloyat, shahar va tumanlarda birinchi rahbarlik lavozimida ishlaydigan shaxsni hokim, deb atadik. Ammo, bu demokratik rivojlanish yo‘lidan yuz burib, feodal hokimiyatga qaytishimizni anglatmaydi. Bu nomni amalga qaytishi bir zo‘ravon xohlasa, o‘qituvchini urishi, hokimlar istasa hazor-bahazor so‘kish, xalqni qadrsiz qilishi uchun emas.

Hokim kimligini soddaroq qilib aytganda, u - xalqning xizmatkori. Hokim - xalq to‘lagan soliq va to‘lovlar ortidan maosh olib, ishga yollangan ishchi. U xalq ishonch bildirgan kishining hududlardagi yordamchisi, millat yetakchisi sifatida saylangan shaxsning siyosatini joylarda ta'minlash uchun kafil bo‘luvchi amaldor.

Amalda qanday bo‘lyapti?

Sayxunobod tumani sobiq hokimi Egamberdiyev mushtumzo‘rlik qilgani uchun lavozimidan ozod etildi, Andijon shahar hokim Rahmatullayev esa so‘kong‘ichligi uchun jazoga tortildi. Endi Farg‘ona viloyati hokimi G‘aniyev o‘z viloyatdoshlaridan ayrimlarini so‘kdi. U endi toshloqliklarni «haromi» deb tahqirlab, hajga yubormasligini aytib do‘q qilishi, ajratilgan yordam pulini minnat qilgani uchun uzr so‘rashi kerakmasmi?

Mahalliy «oqlovchi jurnalistlar» uning qattiqo‘l va tartibli rahbar ekanini ming bor ta'kidlagani bilan masalaning aniq mohiyati quyidagicha: u har bir harakati va so‘zi uchun xalq oldida javobgar. «Oq tepa lavash» bilan yuz bergan holat esingizdan chiqib ulgurmagan bo‘lsa, boshqaruvchining oqilona qarorini olqishlayman. Negaki, vaqtida aniqlangan kamchilikni o‘z nomi bilan atagan ish boshqaruvchi xatoni tan oldi, endilikda bunday vaziyatga tushmaslik uchun qattiq tirishib ishlashini bosh egib bildirdi. Ofarin! Gap shundaki, «Oq tepa lavash» uchun xaridor poshsho, hokim uchun xalq «​yalangoyoq»​mi?

Nega davlat va xalq bir kemada emas?

Do‘ppini yechingda, bir chetga qo‘yib, javob bering: nega davlat va xalq o‘rtasida ko‘rinmas parda paydo bo‘lgan? Nega ular bir kemada emas? Masalan, men bozorga otlangan ayolning xursandchiligini yuzidan sezaman, ammo davlat idorasiga ishi tushgan kishi esa afti bujmayib eshikdan chiqib keladi. Axir, shu binolarda ham bizdek «​qora»​ xalq vakillari ishlaydi, ular ham bizning aka-uka, opa-singillarimizku.

Aslida, davlat xizmatchisi vakolatini o‘z burchidan ustun qo‘yishi haddan tashqari ko‘payib ketdi. Uning bitta imzosi katta kuchga egaligi unga qo‘shimcha «qanot» baxshida etib, so‘zini qudratli qilib qo‘ydi. Bir tarafdan koorporativ manfaatlar idoralararo mas'uliyatni susaytirib, nazorat va taftishni ham kuchsizlantirdi. Xalq buni ich-ichida sezadi, lekin gapirishdan foyda qolmaganini bilardi. 

So‘nggi yilda ommaning qalbida yana umid shamchirog‘i yondi, ular hukumat islohotlariga katta qiziqish bilan boqadi. Prezidentning har bir yangi qarorini muhokama etib, tushunib yetishga urinadi. Bir og‘iz suhbatga tashna olomon yangi muloqot kunlarini kutishni boshladi. G‘aniyevning harakati nimaga olib keldi? Birgina viloyat hokimining o‘z mansabi nomunosib so‘zlari yana barchasini yo‘qqa chiqaradimi? Davlatimiz haqiqiy kurash maydoniga, islohotlar va o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ymoqda. Shunday ekan, sizga maosh berib kelayotgan xalq oldida yorug‘ yuz bilan yurish uchun janob hokim, uzr so‘rang. Siz xalqning qayta uyg‘ongan ishonchini o‘chirishga haqingiz yo‘q!

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid