Jamiyat | 00:19 / 11.02.2018
14701
2 daqiqa o‘qiladi

“Leykoz bilan og‘rigan bolalar uchun” aksiyasi start oldi

KUN.UZ tahririyatining ijtimoiy loyihalaridan biri “Leykoz bilan og‘rigan bolalar uchun” shiori ostida amalga oshirilmoqda. Ushbu ijtimoiy aksiya muxlislarimiz orasida ommalashib, ular mazkur tadbirda ham moddiy, ham ma'naviy faol ishtirok etishmoqda. Shu kunga qadar tahririyatimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi va Gematologiya va qon quyish ilmiy markazi klinikasi bilan hamkorlikda ko‘plab bolajonlarning shifo topishida ko‘maklashdi. Ushbu loyiha ayni kunlarda ham davom etmoqda. 

Kuni kecha KUN.UZ tahririyati Driver’s Village MChJ bilan hamkorlikda bemor bolalarga moddiy yordam ko‘rsatildi, ularga kerakli dori-darmonlar berildi. Ularning ota-onalariga ma'nan ko‘mak ko‘rsatildi. 

Shifoxonada bemor bolalarning ota-onalari bu xayriyadan juda xursand bo‘lishdi, duolar qilishdi, ko‘zlarida yosh bilan o‘z tilaklarini bildirishdi. 

- Bizga shunchalik yordam berayotgan insonlarga kattadan katta rahmat. Ishlariga rivoj bersin, bizdan qaytmasa Xudodan qaytsin. Qanday yaxshi niyatlari bo‘lsa, yetishishsin. Hech kimning bolasi kasal bo‘lmasin, - deydi onalardan biri.

- Homiylarga katta rahmat aytamiz, - deydi ko‘zida yosh bilan yana bir ona. – Juda ham xursandmiz. Haqiqatan ham moddiy yordam o‘ta zarur edi, bu borada qiynalib qolgan edik. Sizlarga ham, shifokorlarga ham katta rahmat aytamiz.

Shu o‘rinda KUN.UZ tahririyati ushbu shifoxonada davolanayotgan 15 nafar bemorga moddiy yordam ko‘rsatayotgan Driver’s Village MChJ rahbariga alohida minnatdorlik bildiradi. Xayriya aksiyasi davom etadi...

Mavzuga oid