O‘zbekiston | 12:20 / 15.02.2018
16844
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston harbiy delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi

Foto: Twitter/AshrafGhani

O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari - Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi, deb xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Kobulda O‘zbekiston delegatsiyasi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari armiyalari bosh shtab boshliqlarining yillik konferensiyasida ishtirok etdi. Unda AQSh/NATOning «Qat'iy qo‘llab-quvvatlov» missiyasi vakillari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston Qurolli kuchlari rahbarlari ishtirok etdi. Konferentsiya kun tartibidagi asosiy mavzular orasida xalqaro terrorizm va giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi birgalikda kurashish masalalari ham bo‘ldi.

O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchixonasi ma'lumotlariga ko‘ra, tashrif davomida delegatsiya Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda Afg‘oniston rahbarining ta'kidlashicha, yuqori martabali harbiy delegatsiyaning tashrifi Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning yangi sahifasini ochadi.

Mavzuga oid