Sport | 23:00 / 21.02.2018
7895
3 daqiqa o‘qiladi

Dominikan Respublikasida o‘zbek kurashi kuni e'lon qilindi

2018 yildan boshlab 23 fevral Dominikan Respublikasida Kurash milliy kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.

Respublika hukumati qo‘llab–quvvatlashi va mamlakat Kurash federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi qarori bilan 23 fevral kuni kurash bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, hakamlik seminarlari, o‘quv mashg‘ulotlari,turli tanlovlar va kurash sporti targ‘ibotiga bag‘ishlangan boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkazilishi belgilandi.

"Kurash milliy kunisportchilarimiz,murabbiylarimiz, hakamlarimiz vaboshqa mutaxassislar tomonidan betakror kayfiyat va muhitda nishonlanadi. Bu tadbirga mamlakatimiz poytaxti Santo-Domingo shahri, shuningdek, Azua, Peraviya, San-Kristobal, San-Pedro-de-Makoris, Monte-Plata, La-Vega, San-Xuan, Duarte, Sanches-Ramires va boshqa provinsiyalarda katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ishonamizki, Kurash milliy kuni Dominikan Respublikasida kurash ommaviyligini yanada oshirishga xizmat qiladi", deydi Dominikan Kurash federatsiyasi prezidenti Israil Karabalo.

"Kurash sporti o‘z jozibasiyu insonparvarligi bois ona sayyoramiz xalqlari ko‘nglidan munosib o‘rin egallamoqda. Har yili  kurash xalqaro oilasiga a'zo bo‘layotgan davlatlar soni muntazam oshib bormoqda. Bugungi kunda “kurash”, “halol”, “to‘xta”, “ta'zim”, “yonbosh”, “chala” kabi o‘zbek so‘zlari jahonning 130dan ortiq mamlakatida jaranglamoqda.

Xalqimizning faxri bo‘lgan kurash qisqa vaqt ichida rivoj topib, Osiyo o‘yinlari tarkibidan rasman o‘rin oldi. Shu yil kuzda Indoneziyada qit'amiz polvonlari Osiyo o‘yinlari g‘olibligi uchun gilamga chiqadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 2 oktabrdagi “Kurash milliy sport turini yanada rivojlantirish chora–tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori milliy qadriyatimizning asosiy bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan kurash rivojini yangi bosqichga olib chiqmoqda", deyilgan IKA matbuot xizmati xabarida.

Dominikan Respublikasi Kurash federatsiyasi Janubiy Amerikada haqiqiy ma'noda kurash qon tomiriga aylangan milliy federatsiya hisoblanadi. Federatsiya rahbarlarining sa'y-harakatlari bilan har yili muntazam tarzda mamlakat chempionatlari, qit'a birinchiliklari yuqori darajada o‘tkazilib kelinmoqda.

Xususan, 2005 yili yoshlar o‘rtasida V jahon chempionatiga Dominikan Respublikasi mezbonlik qilgandi. Ushbu mamlakat 2015 yili Panamerika Kurash konfederatsiyasiga a'zo federatsiyalar ishtirokida Kurash oyligi o‘tkazilishining tashabbuskori bo‘lgan.

Mavzuga oid