Chempion hikoyalari: Jyessi Lingard
Jyessi Lingard, tan olish kerak, hatto «Manchester Yunayted» muxlislari uchun ham u qadar yulduz futbolchi emas. Ko‘pchilik klub nihoyat qandaydir top-yulduz sotib olinishi-yu, u Jyessini tarkibdan chiqarib yuborishini kutib yuradi. Doim uning iqtidori, qay darajada top futbolchi ekani bahsli, asosan uning «Manchester Yunayted» darajasidagi futbolchi emasligini aytuvchilar ko‘proqqa o‘xshaydi, nazarimda.
Savol tug‘iladi, «Manchester Yunayted» darajasi nima o‘zi? Bir o‘yinda nechtadir futbolchini aldab o‘tish yoki mavsumda qanchadir gol urishmi? Yoki o‘z xarakteri va mehnati bilan «Manchester Yunayted» xarakterini tashib yurishmi? Qaysi biri? «Manchester Yunayted» deganda xayolingizga ko‘proq mashhur Karlos Teves keladimi yoki oddiy Denis Irvinmi? Bahsli masala, shunday emasmi?
«Chempion hikoyalari» ruknida material qilayotganimda, asosan janubiy amerikalik iqtidorlarga murojaat qilaman. Go‘yoki boshqacha bo‘lish mumkin emasdek, axir Yevropada, top klubning «tumshug‘ida tug‘ilib», keyinchalik o‘sha klubning o‘rtacha futbolchisi bo‘lishdan osoni bormi? Nimasi hikoya bo‘larkan buning, to‘g‘rimi?
Aslini olganda esa, unday emas. Yashash uchun kurashadigan ko‘chalardan chiqib, o‘z iste'dodini butun dunyoga namoyish qilish, xo‘p, ajoyib ertak, ammo faqatgina o‘zingdan boshqasi bilmaydigan ichki iqtidoringni isbotlashga kuch topa bilish yanayam qiyinroq emasmi? Ronaldino yoki Jyezusni hech bo‘lmasa, atrofdagilar payqashgan, uning shu iste'dodini yuzaga chiqarishga ko‘mak berishgan, aynan mana shu e'tiroflarning o‘zi ham bo‘lajak yulduzlarga qanot bo‘lgan. Ammo iqtidoring u qadar ko‘zga tashlanmasa, hatto o‘z murabbiylaring ham ishonch bildirmasa, doim ijarama-ijara yursang, deyarli har o‘yinda kerakli ekaningni isbotlashga ehtiyoj tuysang... Va mana shu qiyinchiliklar ortidan, nihoyat hammani tan olishga majbur qilsang, hal qiluvchi gol ursang - mana shu ham go‘zal hikoya emasmi? Bu yanada og‘irroq emasmi, axir bu yo‘lda sen ko‘proq yakkalanasan, tushkunlikka tushish uchun, bariga qo‘l siltash uchun sabablar doim yetarli bo‘laveradi... Eng yomoni, futbol seni qutqarishi mumkin bo‘lgan yagona imkoniyat emas, sen juda ko‘p variantlar ichidan aynan futbolni tanlashing kerak, bunisi yanada tahlikali...
«Manchester Yunayted» akademiyasi direktori yordamchisi Toni Uelan Jyessi Lingardning o‘ziga xos hikoyasini aytib berdi. «Uiorringtondagi bolakay» qanday qilib klub yoshlar tizimining bayroqdoriga aylangani haqidagi hikoyani...
«Uning ko‘zlari doim chaqnab turardi. Istehzoomuz tabassum. U bilan doim nimadir bo‘lardi.
Men «Manchester Yunayted»ga murabbiy sifatida Brayan Kidning taklifiga binoan 1990 yildan yarim stavkalik ish boshladim. Keyinchalik akademiyaga o‘tdim va 1998 yildan boshlab, to‘liq ishlovchi sifatida juda ko‘p bo‘lajak yulduzlarning ulg‘ayishlariga guvoh bo‘lganman. Bu yigit ham men shug‘ullantirgan javohirlardan biri, yoqimtoy va shum bolakay, shu bilan birga iqtidorli yosh futbolchi. Har bir futbolchining o‘z yo‘li bor, ammo Jyessining dastlabki yillardan boshlab, bugungi kunga yetib kelishi yanada qiziqarli va hech kimnikiga o‘xshamaydi».
Jyessining bizga kelib qo‘shilishi
«Jyessini yaqindagina nafaqaga chiqqan Mayk Glenni olib kelgandi. Rivojlanish markazidan akadamiyaga o‘tgan bolakay klubning barcha yoshdagi jamoalarida o‘ynab chiqdi. Biz yangi loyiha ustida ish olib borgandik va iqtidorli bolalarga alohida stipendiya joriy qildik. Lingard o‘sha dasturga kiritilgan ilk nomzodlardan biri bo‘lgan va aytish mumkinki, u o‘sha loyihamizning pioneri edi. Ammo bu uchun u ham ko‘p narsani qurbon qilganini bilaman. Uorrington - Jyessi tug‘ilgan shahar bizdan u qadar uzoq bo‘lmasa-da, dasturda ko‘rsatilganidek, u o‘z uyini tark etishi va bizga qo‘shilishi kerak edi. Bunday holat har qanday yosh futbolchi hayotida burilish nuqtasi ekanini ta'kidlash mumkin.
Belgilangan dastur (MANUSS) bo‘yicha mashg‘ulotlar boshlangach, albatta, biz aynan qaysi bolalar qolishi-yu, kimlar ketishi haqida ko‘p munozara qilganmiz. Bunday munozaralarda Jyessining ismi juda ko‘p tilga olinar, chunki ko‘rinishidan juda kichik va nimjon bo‘lgan bolakayga ko‘pchilik shubha bilan qarardi. Ammo u bizni fikrimizni o‘zgartirishga va u bilan shartnoma imzolashimizga majbur qildi. Uning munosabati va xarakteri muhim rol o‘ynadi va albatta, Lingardni olib qolishda jonbozlik ko‘rsatgan Brayan Makklerga ham minnatdorchilik bildirib qo‘yish lozim».
O‘z vaqtini kutib...
«U 15 yoshda edi, ammo U16 tarkibida o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Lingard va o‘zidan katta bo‘lgan jamoadoshlari o‘rtasidagi farq osonlik bilan ko‘zga tashlanar va ba'zi o‘yinlarda u shunchaki maydonga tusha olmasdi, chunki jismoniy yuklamalarni ko‘tarish unga juda og‘irlik qilardi. Jyessi buni juda yaxshi tushunardi va hammasi bizning qarorlarimiz va rejalarimiz asosida ketishiga qarshilik qilmasdi.
Biz uni ba'zi o‘yinlarda maydonga tushirar, keyin esa, biroz dam berardik. Bunday holatlar ba'zi futbolchilarni izdan chiqaradi, ruhan o‘zlariga kelmay qoladi. Ammo Jyessi uddaladi. Albatta, oson bo‘lmagan, ammo u murabbiylar shtabiga ishonardi va barchasi uning foydasi uchun qilinayotganini his qilardi. Qaysidir vaqt keladiki, uning ichidagi bor talanti va impulsi yarq etib yuzaga chiqadi - buni kutardik.
Bu kunning kelishi oson bo‘lmadi. U bir necha yil ijarama-ijara yurdi, nihoyat, mavsumoldi yig‘inlarida o‘zini ko‘rsatdi va Lui van Gaal uni mavsumning ochilish o‘yinida asosiy tarkibda tushirdi... afsus, debyut uchrashuvidayoq tizzasidan jarohat olgan Jyessi bir necha oyga safdan chiqdi».
Tiklanish
«Uzoq vaqt tiklanish jarayonini boshdan kechirgan Jyessini, shu davrda ko‘p marotaba mashg‘ulotlar maydonida cho‘loqlanib yurishini ko‘rardim. Doim energiya va harakatga to‘la bo‘lgan, futbolni, mashg‘ulotlarni jon dilidan yaxshi ko‘radigan yigitning bu holatda ko‘rish menga og‘ir bo‘lar va nimalarni his qilayotganini sezardim. Jyessiga o‘xshagan yigitlarni yoqtirib qolish juda oson. Uni bunday holatda ko‘rish oson emasdi.
O‘sha kunlari men bir tadbirda Garet Sautgeytni uchratib qoldim. U o‘shanda Angliya yoshlar jamoasida murabbiy edi. Biz biroz gaplashdik va u mendan Jyessi haqida so‘radi. Payqashimcha, Sautgeyt U21 terma jamoasi o‘yinlarida Lingardga qiziqib qolgan, mana hozir u endi milliy terma jamoa murabbiyi sifatida futbolchini tarkibga jalb qilyapti. Bu ajoyib.
Shuning o‘zi ham Jyessining qat'iyati va kuchli xarakterini ko‘rsatadi. O‘sha holatdan u Angliya terma jamoasi futbolchisi darajasiga yetib bora oldi.
Jyessi yaxshi texnikaga ega, jismonan baquvvat va o‘ziga yarasha aqlli o‘ynay oladi. Ko‘pchilik yaxshi futbolchi bo‘lish uchun iqtidorning o‘zi kifoya deyishadi, yo‘q, shuningdek sizga kuchli xarakter, barqarorlik va har qanday to‘siqlarga qarshi kurasha oladigan kuch kerak bo‘ladi. Jyessi aynan mana shu xususiyatlarni o‘ziga jamlay olgandi»
«Uembli qahramoni»
«2016 yildagi Angliya kubogi finali Jyessining yulduzli onlari bo‘ldi.
Men bir paytlar futbol o‘ynagan, juda yosh bo‘lgan paytlarimda ham kubok finalida gol urish qanday hissiyot ekanini bilardim. Agar gol muallifi sizga qaysidir jihatdan bog‘liq inson bo‘lsa, ikki barobar baxt.
Golni eslaysizmi? Zarba berish uchun eng maqbul pallani topa olish xususiyati unda bolaligidan bor. O‘sha eng boshidan kuzatganlar uchun, bolakayning ulg‘ayib, o‘ta dramatik tarzda kechgan kubok finalida hal qiluvchi golni urishi... «Men bu bolani taniyman, u ham meni taniydi» - bu o‘y odamni ko‘klarga ko‘taradi. Ayniqsa, Jyessining hikoyasi juda ko‘p o‘zi kabi bolakaylarga qo‘shimcha kuch tarqatadi, nazarimda.
Avvalo, sovrin juda muhim. Ammo klubdagi juda ko‘pchilik uchun yanada ahamiyatlisi - akademiya tarbiyalanuvchisi Jyessining muvaffaqiyati hammaga ajib tuyg‘u ulashgandi. Bizda undan faxrlanish imkoniyati bor edi. Bu kungacha turli qiyinchiliklar va mavhumliklarni yashab o‘tgan yigit uchun finaldagi gol tortning ustidagi naqsh bo‘lgandi.
Axir biz uning oilasini ham bilamiz. Jyessining onasi bilan uzoq yillardan beri tanishmiz, uning bolaligida juda ko‘p quvvatlab turgan buvasini bilamiz. O‘ylab qolaman, bizniki shu darajagi hissiyotlar qamrab olgan ekan, ular nimalarni his qilishyapti ekan-a? Bunday voqealar insonlarni birlashtiradi».
(Jyessining «Uembli»dagi qahramonliklari shu bilan tugamadi. Oradan uch oy o‘tib, Angliya superkubogi finalida u «Lester» darvozasiga undan ham chiroyli gol urdi. Maydon markazida to‘pni qabul qilib olgan futbolchi raqibning besh futbolchisini aldab o‘tib, hisobni ochdi. Naryog‘da Pogbaning transferi rasman e'lon qilinayotgan va butun internetni larzaga keltirayotgan pallada, Pogbaning yoshlikdagi jamoadoshi Jyessining goli o‘sha to‘polonni ham yorib chiqdi. Jyessi ismidagi o‘xshashlikka qiyosan uni Messiga tenglashtira boshladilar.
Keyingi yil fevralida esa, «Manchester Yunayted» xuddi shu stadionda Liga kubogi finalida maydonga tushdi va bu o‘yinda ham Jyessi gol urdi. Shu tariqda 9 oy ichida Jyessi «Uembli»dagi uchta finalda qatorasiga gol urdi).
Boshqalarni ilhomlantirib...
Jamoa boshqaruviga Joze Mourino kelgach, Lingardning iqtidori yanada barq ura boshladi. Noyabrning oxirlarigacha asosan zaxirada o‘tirgan futbolchi keyingi 3 oyda aql bovar qilmas o‘sishga erishdi va hozirda u 13 gol muallifi sifatida, bu ko‘rsatkichda faqat Lukakudan ortda bormoqda xolos. Xususan, «Chelsi»ga qarshi yaqinda bo‘lib o‘tgan o‘yinda ham Lingard zaxiradan maydonga tushib, hal qiluvchi gol muallifiga aylandi.
«Jyessining muvaffaqiyati akademiyadagi boshqa bolalarni ham ilhomlantirishiga umid qilamiz. Bu bizning ishimizni osonlashtiradi: axir ularga yaqinda Jyessining shu stullarda o‘tirgani, u ham shu bolakaylar kabi ba'zida xato qilgani va mana endi mashhur yulduzga aylanganini aytib berish qanchalik oson va foydali. «Jyessi ham siz kabi bola edi va futbolchi bo‘lishni orzu qildi. Bu yo‘lda u qat'iy bo‘ldi, kerak bo‘lsa, ko‘p narsalardan voz kecha oldi» deymiz, masalan.
1945 yilda klubga Mett Basbi kelganidan beri, «Manchester Yunayted» o‘z tarbiyalanuvchilari bilan dong taratib keldi. Jyessining yutug‘i o‘sha «Basbi bolalari», «Klass-92» kabi namunalarning davomi deyish mumkin.
U va Markus Reshford Liga kubogi finalida maydonga tushishlari va klub uchun shu paytgacha begona bo‘lgan yevrokubokni yutishda o‘z hissalarini qo‘shishlari katta voqea. Bu ikkisining o‘sha kuni safda bo‘lishi akademiyada ishlayotgan insonlar, u yerda tarbiya topayotgan bolalar uchun ulkan muvaffaqiyat edi. Axir biz ularni hammadan ko‘ra ko‘proq tanirdik, shunday emasmi? Biz ularni eng boshdan qanday bo‘lganliklarini, bu g‘alabaga qaysi yo‘llardan va qanday qiyinchiliklarni yengib kelganliklarini hammadan yaxshi bilardik.
Noto‘g‘ri tushunmang, lekin aytishim kerak, Jyessi va u kabilarni men elchilarga o‘xshataman. Ular futbolga kirib kelib, haqiqiy «Manchester Yunayted»ni butun futbol olamiga tanishtiradilar, axir umrlarining uchdan ikki qismi aynan shu klubda kechgan. Ularni «Manchester Yunayted»dan alohida tasavvur qilish imkonsiz».
Zavq va ehtiros
«Men o‘z vaqtida Mett Basbi qo‘l ostida to‘p surish baxtiga muyassar bo‘lganman. U har doim bir ko‘rsatmani qaytarardi: «hammasi oddiy - qizil libosdagi sheriginga to‘pni uzat va futboldan zavqlan, tamom. Sen hafta bo‘yi shug‘ullanding, endi esa, maydonga tush va o‘yna. Atrofingdan xavotirlanma, raqibing haqida o‘ylama, seni sheriklaring quvvatlab turadilar. Sizlar ajoyib klubning bir bo‘lagisizlar. Qo‘rqmanglar. Bundan zavq olinglar».
Bu so‘zlar xuddi Jyessini ta'riflayotgandek, shunday emasmi?
Jyessi hozir ham akademiyaga kelib turadi, yosh bolalarning futbol o‘ynashlarini tomosha qiladi. Albatta, bizdan hol-ahvol so‘ragani oldimizga chiqadi - ustoz uchun bu naqadar baxt ekanini juda yaxshi bilaman. U doim o‘z ildizini unutmayotgani yaxshi, mana shu xususiyatning o‘zi ham uning aynan shu yerda tarbiya topganini isbotlab turgandek...
U yana juda ko‘p yirik sovrinlarni qo‘lga kiritishi, terma jamoada o‘ynashi mumkin, lekin biz uchun doim o‘sha ko‘zlari yonib kulib turadigan shum bolakay bo‘lib qolaveradi»
Qahramon Aslanov tayyorladi
Mavzuga oid
15:52 / 21.11.2024
Ruben Amorim - Ronaldu unga qo‘ygan laqab, yangi uslub va «MYu»da nimalarni o‘zgartirmoqchiligi haqida
16:05 / 08.11.2024
«Old Trafford»da «Amorim-bol»: Yangi murabbiy qo‘l ostidagi «MYu» qanday taktik yechimlar taqdim etadi?
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
16:20 / 02.11.2024