O‘zbek futbolida yangi hangomalar. Tupuklardan ho‘l bo‘lgan reglament haqida
Professional so‘zi anchadan buyon ortiqchalik qilib qolgan PFL Birinchi Ligada qatnashadigan jamoalar sonini e'lon qildi. Ha, ha, aynan e'lon qildi. Hech qanday saralashsiz, hech qanday o‘tish o‘yinlarisiz Pro-ligada qatnashadigan klublar nomini bilib oldik. Tasavvur qila olasizmi, Angliya futbol ittifoqi chempionshipda qatnashadigan jamoalar ro‘yxatini musobaqa boshlanishiga bir oy ham qolmaganida e'lon qilishini? Amaldagi chempion Premer-Liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish tugul butunlay tarqatib yuborilishi va London jamoalarining o‘rinbosarlari mamlakatning ikkinchi darajali ligasida qatnashishinichi? Tasavvur qila olmaysiz-a? Lekin bizda bu amalda bo‘lishi mumkin. Bizda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Chunki futbolimiz bu sport turidan butkul uzoqda bo‘lgan insonlar qo‘lida qolib ketdi…
BARChA YO‘LLAR TOShKENTGA OLIB BORADI
Ochilboy Ramatov federatsiya prezidenti etib saylanganidan keyin sobiq rahbarlarga Oliy Ligada 12ta jamoa qoldirilishi faqat Toshkent jamoalarining rivojlanishiga olib kelishini, bu bilan barcha viloyatlardagi tizimni rivojlantirib bo‘lmasligini kuyunib gapirgandi. Bu gaplardan barchamiz xursand bo‘ldik. Biroq, ko‘rib turganimizdek, hech narsa o‘zgarmadi. Superligada baribir 12ta jamoa qoldirildi. Pro-liga borasida o‘zgarish esa undan ham oshib tushdi. PFL yangi mavsumda Pro-ligada qatnashadigan jamoalar ro‘yxatini e'lon qildi. Demak yangi mavsumda «Mash'al», «Sho‘rtan», «Dinamo», «Istiqlol», «Yozyovon», «Xotira-79», «Iftixor» (Yoshlar ittifoqi jamoasi), «Zomin», «Xorazm», «Andijon», «Orol», «G‘ijduvon», «Surxon», «Bunyodkor-2», «Paxtakor-2», «Lokomotiv BFK» jamoalari Pro-liga bahslarida qatnashadi. Aytgancha, qur'a tashlash marosimi paytida «Xotira-79» o‘rniga «Norin» paydo bo‘lib qoldi...
Ko‘rib turganingizdek, Toshkentning uchta klubi «Lokomotiv», «Paxtakor» va «Bunyodkor»ning o‘rinbosarlar jamoalari Pro-ligada o‘ynaydi. Nima deb o‘ylaysiz, ular bunga munosibmi? Bunga deyarli barcha bir ovozdan «YO‘Q» deb javob berishi turgan gap. Chunki, bu jamoalarning ishtirokidagi o‘yinlarga futbolchilarning tanishlaridan bo‘lak deyarli hech kim bormaydi. Toshkent klublarining asosiy jamoalari o‘ynaganida stadionlar huvillab yotadi-ku, o‘rinbosarlar o‘ynaganda kim ham kelardi? O‘FA barcha klublarga o‘ziga xos talablar qo‘ymoqda. Bazalaring bo‘lsin, pullaring bo‘lsin, sharoit bo‘lsin deb. Bu uchta klubda sharoit, baza bormi? Bor, lekin asosiy jamoaning bazasi. Ularda xususiy, o‘zigagina tegishli bo‘lgan hech narsa yo‘q. Nima uchun butun respublika jamoalari ichida yana poytaxt jamoalari ajratib qo‘yildi? Nima uchun Toshkent jamolarining o‘rinbosarlariga ikkinchi darajali chempionatimizda o‘ynashga imkon beriladi-da, boshqa viloyat jamoalari umuman tugatib yuboriladi? Ularni eshik qisganmi?
«TsEMENTChI» TUGATILDI
Quvasoyning «Tsementchi» klubi o‘tgan mavsumda Birinchi Liga chempioni bo‘ldi. Viloyatning uchinchi jamoasi bo‘lgan oddiy bir tuman jamoasi haqli tarzda Oliy Liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Lekin keyin nima bo‘ldi? «Tsementchi»ning puli yetmasligi, stadioni talabga javob bermasligi aytilib, Oliy Liga o‘ynash huquqidan mahrum qilindi. Yetmaganiga jamoa futbolchilari «Neftchi»ga o‘tkazib yuborildi. Bu bilan birga yo‘llanma ham oxir-oqibat «Neftchi»ga tegdi. Endi o‘ylab ko‘ring, quvasoylik muxlislar o‘z sevimli jamoalari endi «Neftchi»ga qo‘shib yuborilganidan xursand bo‘lishadimi? Yo‘q, albatta. Yo‘q, albatta. Chunki o‘sha «Tsementchi» Quvasoy shahri sharafini himoya qilib, shahar aholisiga xursandchilik ulashayotgandi. Bu jamoani Oliy Ligaga olib chiqqan futbolchilari nima bo‘ladi? Turgan gapki, Superligada «Tsementchi» hujumchisi Meliboyev o‘rnida «Neftchi» falon million «podemniy» berib tarkibga qo‘shib olgan futbolchilari o‘ynaydi. PFL va UFAning futboldan o‘ta yiroq rahbarlari o‘sha futbolchilarning orzulari haqida hech o‘ylashdimikin? Afsus, endi o‘sha jamoaning aksariyat yigitlari bir kun kelib farzandlariga oddiy tuman jamoasi bilan Oliy Ligaga chiqqanmiz deb aytib berisholmaydi. Chunki, ularning orzularini kabinetda o‘tirganlar barbod qilishdi...
SARALASh? REGLAMENT? NIMALAR DEYaPSIZ, BILGANIMIZNI QILAMIZ!
O‘FA va PFL o‘z reglamentiga tupuraverib, uni ho‘l qilib yubordi. Navbatdagisi Pro-liga bilan bog‘liq bo‘ldi. Futbolimiz rahbarlari bilan aloqasi bo‘lganlar quyidagi gaplarni ularga yetkazib qo‘yishlarini so‘rardik. Chunki ular gazeta o‘qishiga, muxlislarning fikri bilan qiziqishlariga ishonish qiyin. Janob rahbarlar, agar bilsangiz, bizda Ikkinchi Liga deb atalgan, faqirgina bo‘lsa ham, rasmiy maqomda o‘tkaziladigan musobaqa bor. Oliy va Birinchi Ligamizdan farqli aynan mana shu ligada hech qanday kelishishlar, g‘irromliklar bo‘lmaydi. Aksari mahalla jamoalaridan iborat jamoalar qishloqlari, mahallari sharafini himoya qilishadi. Unda g‘olib bo‘lgan jamoalar Birinchi Ligaga o‘tish o‘yinlarida qatnashishardi. Farg‘onaning «Istiqlol» jamoasi aynan o‘sha o‘tish o‘yinlarida juda yorqin o‘yin ko‘rsatib, keyin Birinchi Ligaga chiqqandi. O‘tgan mavsumda esa Birinchi Ligada ham ikkinchi bo‘ldi. «Istiqlol»ga qarshi o‘tish o‘yinlarida o‘ynagan bir himoyachi o‘yinni shunday eslagandi: «Istiqlol»ning bolalari oldingdan shuv etib o‘tib ketadi, bilmay qolasan. Juda yaxshi jamoa». O‘tish o‘yinlarida barcha viloyatlarning chempionlari qatnashadi va jamoalar bir-birlarini bilib olishadi. Bu mavsumda esa bunga ehtiyoj ham qolmadi. Jamoalar nomini e'lon qilishdi, qo‘yishdi. Kelasi yil Toshkentning «Metallurg» va «Olmaliq» jamoalarining ham yoshlar jamoasi Pro-ligaga qo‘shib, jamoalar soni qisqartirilsa, Ikkinchi Liga musobaqalarini jimgina to‘xtatib qo‘ysak ham bo‘laverarkan. Axir biz yaxshi ko‘ramiz-ku klublar sonini qisqartirishni, to‘g‘rimi? Yo‘q, azizlar, bunaqada bo‘lmaydi. Quyi divizion vakili o‘z ligasini yutsa, keyingi yil yuqorilashini his qilmasa, o‘ynagisi kelmaydi. Bizda futbol sistemasiga putur yetdi. Diskvalifikatsiya qilingan futbolchisi nazorat o‘yinida qatnashgani uchun klublar 500 million jarimaga tortilsa, Oliy Liga va Birinchi Ligada o‘ynaydigan jamoalar nomi hech qanday saralashsiz shunchaki e'lon qilib qo‘yilsa, Yoshlar Ittifoqi jamoasi tushunarsiz tarzda musobaqalarda qatnashsa, bunaqa hech qanaqasiga oldinga siljish bo‘lmaydi. Futbolimiz o‘z o‘zani bo‘yicha, hech qanday turtkisiz ham ancha yuqori darajaga chiqayotgandi. Bunday bemaza o‘zgarishlar esa uni faqat orqaga tortadi, faqat orqaga…
O‘tkir JALOLXONOV
Mavzuga oid
14:05 / 26.06.2024
Zo‘ravonlikka uchragan ayollar va ular farzandlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish reglamenti tasdiqlandi
08:55 / 23.01.2024
Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament ishlab chiqildi
10:09 / 04.09.2023
Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatish tartibi belgilandi
13:12 / 28.02.2023