Sport | 13:01 / 05.03.2018
36233
15 daqiqa o‘qiladi

Leoga Messidan maktub

Leo! (Men seni shunday atayman. Keyinchalik sen haqingda nimalar gapirishmasin, o‘zga sayyoralik degan ta'riflarni-da ishlatishmasin, men seni yoshligingda buvimiz qanday erkalagan bo‘lsa, shunday atayman: Leo!) Dadangning soatiga bir qarab qo‘y-chi, tungi soat 11 ga yaqinlashib qolibdi-ya? Qo‘rqyapsanmi samolyotdan? Qo‘rqma, umring osmonda o‘tib ketadi hali. Hozir uchayotganing chinakam osmonda ham, futbol maydonidagi majoziy osmonda ham. Deyarli har kuni samolyotga chiqasan. Qo‘rqma, hozirdan o‘rgan!

Dadangning soatida agar yil, oy, kun ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bugungi kuningni, ya'ni 2000 yilning 17 sentabrini unutmasliging turgan gap. Sen hozir bobolaring yurti bo‘lmish Kataloniyaga ketyapsan.

Bo‘ying borasidagi g‘alati kasalliging borligi aytilganida, “River Pleyt” klubi rahbarlari har oy 900 dollar to‘lashga qurbi yetmaganini eshitib, uydagilaring xafa bo‘lib qolishgandi. Ko‘ryapsanmi, Argentina jamoasining to‘lay olmagani Ispaniya safariga sabab bo‘lmoqda. Sen o‘shanda ham ranjimaganding, tushunmaganding ochig‘i. Osmon ko‘m-ko‘kmi, Leo? To‘g‘ri qilasan ko‘p narsani o‘ylamay. Nima bo‘lsa bo‘ldi, deb ketayotganingni bilaman, esimda hanuz.

Leo, hozir samolyot qo‘nadi va otang bilan birgalikda “Barselona” klubi sport direktori Karles Reshak huzuriga yo‘l olasizlar. U sizlarni darhol qabul qilmaydi. Otang oxirgi sigaretasini chekib, diqqinafas bo‘ladi. Sen unga e'tibor berma, u Argentinaga qaytishni istamayotganidan yo sening futbolchi bo‘lmay qolishingdan cho‘chiyotganidan emas, azbaroyi seni davolashni o‘ylab, shu sigaretlarni tutatib tashlaydi. Aslida sen 13 yoshga kirib ko‘p narsani bilib bo‘lding: Sening futbolchi bo‘lishingni uyingdagilardan faqat buving istagan. Hali har gol urganingda uni eslaysan, gollaringni unga bag‘ishlab ko‘rsatkich barmog‘ingni osmonga qadab nishonlaysan. Hozir o‘zing samolyotda osmonda ketyapsanu, buving ham yoningda uchib ketayotgandek tasavvur miyangda.

Leo, Reshak yomon odam emas. Sizlarni kuttirib qo‘yganiga yarasha, keyin sening jamoaga o‘tishing uchun bor imkoniyatini ishga soladi. 3 oktabr kuni klub direktorlari kengashini uchta narsaga ko‘ndiradi: Oilang Yevropaga ko‘chib keladi, davolanishingga ketadigan pullar to‘lanadi va sen ertasigayoq klub akademiyasiga qabul qilinasan. U sening o‘yiningga mahliyo bo‘lib qoladi, ko‘rasan.

“Barselona” seni o‘ziga rom etadi. Sen undagi muhitga juda tez ko‘nikasan. O‘rtoqlar orttirasan va bir necha yil o‘tib, sen bu diyorning farzandi ekaningni-da sezib qolasan. Ishonaver, hatto Argentina ham senga undan yaqin tuyulmaydi. Sen katalon tilida yozib qo‘yilgan bir yozuvga uzoq tikilib qolasan hali: unda “Klubdan-da ustunroq!” deb yozib qo‘yilgan bo‘ladi. Ispaniyalik o‘rtoqlaringdan biri senga bu yozuvni otasi aytgandek tushuntirib beradi: “Bizning Barselona boshqa jamoalardan farq qiladi. Biz oilamiz...”.

Senga oila degan so‘z boshqacharoq eshitiladi. Lekin atrofga termulsang, hammasi do‘sting aytganidek bir oila yashayotgandek qurilgan. Elas-elas eslaydiganing – “Nyuells old Boyz” jamoasi muhiti bilan taqqoslab ko‘rasanu, Argentinada, Rosarioda bunaqa ahil jamoani ko‘rmaganingni tan olasan.

17 yoshingda “Barselona”ning yoshlar jamoasida ilk o‘yiningni o‘tkazasan. Bitta uchrashuvda to‘rtta gol urib to‘g‘ri qilasan. Senga keyinchalik aslida do‘sting bo‘lmagan do‘stlaring “bekor qilding o‘zingni ko‘rsatib, hali seni himoyachilar sindirib qo‘yishmasa edi”, deyishganida, ishonma gaplariga. Senga Xudo kasallik bergani evaziga jarohatdan qutulib qolish uchun futbolchilarda kam uchraydigan jussa ham bergan. Sen boshqa fint egalariga o‘xshab jarohat olsang-da, juda tez tuzalib ketasan. Kutilgan muddatidan oldin qaytaverasan. Shuning uchun o‘sha ilk uchrashuvingda qo‘rqmasdan gollaringni qalashtirib tashlayver, hozirdanoq o‘zingni ko‘rsatib qo‘y.

Leo, sening La-ligadagi ilk debyuting “Espanol”ga qarshi kechadi. Bilib qo‘y, bu jamoa nomi bilan ham Ispaniya poytaxtidan Kataloniyaga qo‘yilgan ayg‘oqchilar klubi. Sen bu jamoani yaxshilab tanib ol, har Kataloniya derbisida ularni qiynashing kerak. Dastlabki o‘yiningda qiynalasan, gol ura olmaysan, lekin xotirjam bo‘l. Hali hammasi oldinda. O‘zi, senga gol haqida ko‘p gapirib yuborayotganimga e'tibor berma, balki men hali o‘ynab ketsam ham katta gap, deb o‘tirgandirsan samolyotda. Yo‘q, yo‘q, sen issiqqina kofeni xo‘plab meni eshitib ketaver: Gol degan so‘z sening do‘stingga aylanadi. Gol deganda seni tushunadigan bo‘lishadi odamlar. Kofeni xotirjam ichayotganingdan sezyapmanki, gaplarimga ishonmayapsan. Mayli, o‘zing bilasan.

Qayerga kelgandim? Ha-a, ilk golingga. Sen La-ligadagi debyut o‘yiningni 2004 yilning oktabrida o‘tkazganingdan deyarli bir yil o‘tib, 2005 yilning 1 may kuni “Albasete” klubi darvozasiga birinchi golingni yo‘llaysan. Sen shu goling bilanoq rekord qayd etasan: Kataloniya klubining eng yosh gol urgan futbolchisiga aylanasan. Rekord degan so‘zni tushunmayapsanmi? Leo, u sening ikkinchi o‘rtog‘ingga aylanadi. Katta bo‘lganingda tushunib olasan, ichaver kofeni, ichaver.

2005 yil sen uchun unutilmas yil bo‘lib qoladi. O‘n yildan buyon sen o‘ynayotgan jamoa Yevropa chempionlar Ligasi finaliga bora olmasdi. Poyqadaming yoqqanidan kataloniyaliklar musobaqani yutib olishadi. Albatta, turnirning final bahsi 2006 yili o‘tkazilgan. Jarohating tufayli finalni o‘tkazib yuborasan, o‘shanda bir chetda jimgina yig‘lab turganing hamon esimda. Sen o‘shanda ich-ichingdan o‘ylaysanki, hali qachon yana shunaqa imkoniyat beriladi. Eh Leo, finallardan zerikib ketasan hali.

Leo, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatini yengib kelayotganingda ham sen Barselonani sog‘inasan, ishonaver. G‘alati tuyg‘u – ikkinchi vataning tug‘ilgan diyoringdan ham o‘tib ketsa, buni nima deb atashni-da bilmay qolarkansan. 2006/2007 yilgi mavsum o‘sa boshlaysan. Bo‘ying emas, o‘yining. O‘sha yili sen Barselonani nima uchun yaxshi ko‘rishing kerakligini, bu yerdagilar nima uchun oila bo‘lib yashashga majbur bo‘lganlarini tushunib yetasan. La-liganing bezagi bo‘lmish el klasiko borligi uchun.

Mavsumning eng shiddatli o‘yiniga seni tayyorlash uchun Frank Raykaard bir gap aytadi hali: “Leo, bugun seni asosiy tarkibda tushiraman. O‘ylaymanki, Madridni bir o‘zing tinchitasan!”. Bu sehrli so‘zlarni so‘ylar ekan, golland juda-a-a jiddiy olmagandi. Sening hazilni ko‘p-da tushunmasliging shu yerda asqatadi. Bu gapni rost deb bilasan, buyruq fe'lida qabul qilasan va 3:3 bilan tugagan o‘yinda xet-trik yo‘llaysan. O‘sha kundan boshlab “messimaniya” degan so‘z gazetalar sahifasini bezaydi.

Leo, to‘g‘ri, gaplarimning davomini umuman tushuna olmayapsan, axir, Argentinaga tuzalib qaytish rejasi bilan chiqib ketgan ota-bola kelajakning bu maktubini qabul qila olmaydi. Ammo sening xotirjam ketayotganing menga yoqyapti. Hamisha yoqqan. Sen tabiatan shunaqasan. Boshqacha reaksiyani bilmaysan. Balkim o‘ta hissiyotli bo‘lsang, qayerdadir qoqilib qolarmiding, yo‘q, sen shu maktubni ham jimgina eshitib ketyapsan. Esingda qolmagan buvingning ertaklarini tinglab boryapsan go‘yo.

Xullas, Leo, senga gol degan so‘zni tushuntirib berdimu, uning sen bilan sinonimga aylanib ketganini qabul qildira olmadim, rekord degan yangi so‘zni eshittirdim, biroq, u ham sening maslaging ekani qorong‘uligicha qolib ketdi. El klasiko haqida ham gapni boshladimu, uyog‘ini qanday tushuntirishni bilmayapman. Leo, sen “Real” va “Barsa” ishtirokidagi o‘yinlarning bosh qahramoniga aylanib ketasan. Ayniqsa, poytaxtdagi “Santyago Bernabeu” stadioni sening mashg‘ulot o‘tkazadigan o‘yingohingga aylanadi. Yana qara-a-ab turibsan-a, aytdimku, eshitib ketaver, sendan nima ketdi?!

Hozir, asr endi boshlangan sanada sen samolyot ichida Kataloniya sari uchib ketyapsanu, Parijda braziliyalik yulduz porlamoqda. Ronaldino degan. U sening akangga aylanadi hali. Barselonaga kelganingda seni yaxshi qarshi oladi. Sen uning fintlariga mahliyo bo‘lib qolasan. U sening ilk golingga asissent ham bo‘ladi. Ammo tayyor tur, qismat aynan sen deb Ronaldinoni Barselonadan ketkazib yuboradi. Yo‘q, yo‘q, bu masalada sening zarracha aybing bo‘lmaydi, braziliyalik afsona o‘ziga o‘zi qiladi. Aytmoqchimanki, sen undan futboldagi sehrgarligini o‘rgansang ham, xarakterini aslo va aslo o‘rganma. Hayotiga taqlid qilma. Senga yarashmaydi va sen u hayotni eplay olmaysan ham.

Leo, 2007 yilning eng yaxshi futbolchilari ichida uchtalikda turganingda rosa hayajonlanasan, aytib qo‘yay. Chunki “Oltin to‘p”ni boshqa odam olayotgan bo‘lsa-da, sen uning yonginasida turish baxtiga muyassar bo‘lganingni futbolning eng katta mukofoti, deb bilasan. Lekin senga hayajonlanmaslikni, xuddi hozir kofeni ichayotganing kabi e'tiborsiz turishingni tavsiya etaman. Zotan, sen shu “Oltin to‘p”ni olaverib zerikib ham ketasan. Kelajakda tug‘iladigan o‘g‘illaringga o‘yinchoq olib kelgandek olaverasan.

Sen yaxshisi, o‘sha ilk taklif qilingan marosimingda “Oltin to‘p”ni olib turgan yigitga emas, uning yonida bu natijadan noroziroq turgan bo‘ydor yigitga e'tibor ber ko‘proq. U  Kataloniya safaridagi eng asosiy raqibing bo‘ladi. Uning Angliyada yurganidan xomtama bo‘lma, u hali sening yoningga kelib oladi. Iqtidorini soat sayin o‘stiradi va sening bir zum bo‘lsin to‘xtashingga yo‘l qo‘ymaydi. Seni Xudo shu yigit bilan kurash maydoniga olib chiqadi. Ishonaver, agar u shu davrda, sen bilan yelkama-yelka kurashmaganida, akangga aylangan Ronaldinoga o‘xshab o‘rta yo‘lda to‘xtab qolarding. U seni tinmasdan gollar urishga taklif etaveradi. Bir necha marta yiqilsa ham, kurashga to‘ymaydi. Xafa bo‘lmaginu, uning qarshiligiga har doim ham turib bera olmaysan. 2007 yili ilk bora seni taklif qilishgan saroyga o‘n yil davomida qatnaysan desam qo‘rqib ketma. Kofe tugadimi, tikilib qolding, bo‘ldi, aytyapmanku, xuddi ertak eshitgandek ketaver, bo‘ldi!

Leo, o‘ylab qarasam, bu maktubni shu zaylda davom ettirsam, umuman ishonmay qolarkansan. Yaxshisi, senga tez-tez, bo‘ladigan voqealarni sanab o‘tay:

Sen Pele degan o‘yinchining 1000 dan ko‘p gol urganini eshitgansan, ammo o‘zing ham unga yaqinlashishni o‘ylab ko‘rganmisan? Bo‘ldi, bo‘ldi, boshqa gapirmayman. Bu gapni ko‘tara olmasligingni bilardim. Boshqa narsani aytaman yaxshisi: Sening Barselonadagi yutuqlaring qo‘rqinchli darajaga chiqib ketsa-da, odamlar tug‘ilgan niqobning libosida shunga yarasha natijalar ko‘rishmaganidan, yoshligingda otang rosa maqtagani – Maradona bilan qiyoslanishing mushkullashadi. Yoshlar o‘rtasidagi mundial chempionligi bilan olimpiadadagi g‘oliblik nima bo‘ladi, demoqchisanmi? Buni eslamaydilar ham.

Sendan milliy terma jamoa tarkibida kattaroq natija so‘raydilar. Juda og‘ir kunlar bo‘ladi, penaltilar qurboni bo‘lasan, mundialda yengilasan, hozir uchib ketayotganing – Kataloniyaga borib klubing libosini kiya turib, unga Argentinadagi muvaffaqiyatsizliklar sababidan ko‘zingga kelgan yoshni artasan. Alam qiladi, bir kam dunyomi, deysan.

Yo‘q, Leo, sen taslim bo‘lmaslikka ham o‘rganishing kerak. Men senga 2018 yilga qadar qo‘lga kiritgan yutuqlaringni aytib o‘tdim, xolos. Ko‘piga tushuna olmading ham, har holda, his qilsang ko‘tara oladigan gaplar edi. Lekin 2018 yilning saratonida sodir bo‘lgan voqealarni yozmaslikka qaror qildim. Chunki hozirgina styuardessa olib kelgan kofeni tushirib yuborishing, dadang bu qilgan ishingdan xafa bo‘lishi mumkin.

Undan ko‘ra, sen samolyotdan tashqariga qara! Rosa ko‘p yulduzlar ko‘rinyaptimi? Ular seni qurshab turishibdi, to‘g‘rimi? Ha-da, ular sen ham bir kuni yulduz bo‘lishingni bilishadi. Kulib, qo‘l siltab turishganining sababi ham shu. Biz bilan qol, deyishyapti ular. Sen ularga ayt: “Yulduzlar, men sizlar bilan birga qolishim uchun yerga tushib 20 yilcha to‘p tepishim kerak... Maylimi?!”.

Qara, shu gapni aytishing bilanoq, samolyot pastga sho‘ng‘iy boshladi. Chiroqlar ko‘rinayotgan shaharni tanishing turgan gap, u sening ikkinchi vataning, axir.

Leo, oxirgi gapimni eslab qol: haligi birinchi o‘yiningda asli do‘st bo‘lmagan do‘stlaringning gapiga ishonib yurma tag‘in, to‘rtta golni xotirjam uraver! Hech kim sindira olmaydi seni, gapiraverishadi...

Xayrulla Hamidov

Mavzuga oid