Xayriya aksiyasida pullarni o‘margan firibgarlar aniqlandi
Kun.uz tahririyati tomonidan e'lon qilingan bemor kishilarni sog‘ayib ketishi uchun o‘tkazilayotgan xayriya aksiyasida firibgarlik harakatini amalga oshirishda gumon qilinayotgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.
Ma'lum qilinishicha, tahririyatga miya faoliyatidagi nuqsondan aziyat chekib, yaxshilar ko‘magiga muhtoj ekanini bildirgan Baxtiniso Mahmudova noodatiy firibgarlik qurboniga aylandi. 1990 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaro A.D. Baxtinisoning ishonchiga kirib, go‘yoki, uning bank plastik karta hisobiga xayriya pullarini o‘tkazmoqchi ekani, buning uchun plastik karta bog‘langan telefon raqamga SMS-xabar orqali maxfiy kod yuborilganini aytadi. Barcha umidni mana shu xayriya aksiyasiga bog‘lagan qiz bunday firibgarga ishongan holda maxfiy kodni A.D.ga bildiradi.
Shundan so‘ng, Farg‘ona geofizika ekspeditsiya 3D-partiyasi ishchisi A.D. maxfiy kodni kiritish orqali «OSON» mobil ilovasi yordamida Mahmudovaga tegishli bank plastik kartasiga to‘liq egalik qilish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. U hisob raqamda mavjud bo‘lgan 2 mln 300 ming so‘m mablag‘ni boshqa hisob raqamiga o‘tkazib, pullarni internet orqali o‘ynaladigan totalizatorga sarflagan.
Toshkent shahar Yunusobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi katta surishtiruvchisi Mirzohid Mo‘minovning Kun.uz tahririyatiga bergan ma'lumotiga ko‘ra, mazkur ish yuzasidan A.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB Jinoyat-qidiruv bo‘linmasi tezkor vakili, kapitan Alisher Sohibovning ma'lum qilishicha, Baxtiniso Mahmudovaga nisbatan xuddi shu kabi firibgarlik boshqa shaxs tomonidan ham sodir etilgan.
«1996 yilda tug‘ilgan Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida istiqomat qiluvchi S.I. fuqaro Mahmudovaning ishonchiga kirib, masofadan turib unga tegishli bo‘lgan bank plastik karta boshqaruvini qo‘lga kiritadi. Shu orqali karta hisob raqamidagi 70 ming so‘mni o‘zlashtiradi. Tezkor qidiruv harakatlari davomida gumondor shaxs bilan aloqa o‘rnatildi. Shuningdek, Mahmudovaga yetkazilgan moddiy zarar o‘z vaqtida qoplandi», - deydi tezkor vakil Sohibov.
Eslatib o‘tamiz, o‘zga shaxsning bank plastik kartasiga boshqaruvni qo‘lga olish uchun mazkur plastik karta ulangan telefon raqamiga SMS-xabar orqali kelgan maxfiy kodni kiritish lozim. Karta egalarining soddaligidan foydalangan firibgarlar shaxslarning ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan maxfiy kodni so‘rashi odatiy holga aylanmoqda.
Ichki ishlar xodimlari hamda Kun.uz tahririyati shunday shaxslarning tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun shaxsiy ma'lumotlaringizni, shubhali SMS-xabarlar, maxfiy kodlarni o‘zgalarga bildirmasligingizni so‘raydi. Kun.uz ushbu mavzuga yana qaytib, voqea tafsilotlari haqida to‘liq ma'lumot taqdim etadi.
Mazkur shaxslardan aziyat chekkanlar 102 raqamiga yoki IIBga murojaat qilishlari so‘raladi.
Mavzuga oid
22:14 / 14.08.2024
Yangi Zelandiyada 300 dan ortiq oilaga tarkibida o‘limga olib keluvchi metamfetamin bo‘lgan konfetlar tarqatildi
12:33 / 27.01.2023
"Bolalarim to‘shakka mixlanib qolishidan qo‘rqaman" - ikki farzandi og‘ir xastalikka chalingan ona iztirobi
11:58 / 30.12.2022
“Onam uchun jigarimni beraman”- farzandlari uchun yashashga kuch topayotgan ona o‘kinchi
12:20 / 16.12.2022