Jahon | 20:30 / 12.03.2018
19177
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda dunyodagi eng baland oynavand ko‘prik ochildi

Xitoyning Vanyuan shahridagi Batayshan tog‘li landshaft bog‘ida dengiz sathidan 1980 metr balandlikda joylashgan oynavand piyoda ko‘prigi ochildi. 12 mart kuni Xitoy markaziy televideniyesining ma'lum qilishicha, bu ko‘prik dunyodagi eng baland joylashgan ko‘prik bo‘ldi.

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, barcha istovchilar yerdan 186 metr balandlikda ikki tog‘ cho‘qqisi orasida joylashgan ko‘prikdan sayr qilishlari mumkin. Ko‘prik o‘tgan balandlik 66 qavatli binoning tomiga teng. Ko‘prikning uzunligi 198 metrni tashkil qiladi, u eni 2,5 metr keladigan shaffof oynavand panellardan tashkil topgan.

Foto:Chinanews.com

Ko‘prik qurilishi fevral boshida yakunlangan, biroq bir oy davomida konstruksiya sinovdan o‘tkazilgan. Ko‘prik keng omma uchun 10-11 mart kunlari ochilgan. Loyihaning umumiy qiymati 10 mln yuanni (1,58 mln dollar) tashkil qilgan.

Foto:Chinanews.com
Foto:Chinanews.com
Foto: Shutterstock

Dunyodagi eng uzun oynavand piyodalar ko‘prigi 2017 yil 24 dekabrda Xitoyning Xebey viloyatida ochilgan. Uning uzunligi 488 metrni, eni esa 2 metrni tashkil qiladi. Ko‘prik Pinshan uyezdidagi ikkita tog‘ cho‘qqisini bog‘laydi va pastda joylashgan vodiydan 218 metr balandlikdan o‘tgan. U qalinligi 4 sm keluvchi 1077 ta oynavand paneldan tashkil topgan. 

Ko‘prik konstruksiyasi 2 ming kishining og‘irligini ko‘tara oladi, biroq unda bir vaqtda 500 kishi bo‘lishiga ruxsat berilgan.

 

Mavzuga oid