Jamiyat | 09:44 / 15.03.2018
49771
3 daqiqa o‘qiladi

To‘yga sarflangan o‘rtacha mablag‘ga nimalar qilish mumkin edi?

Xalqaro Press klubning 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida o‘rtacha to‘yga qilinadigan xarajatga nimalar qilish mumkinligiga doir ma'lumotlar taqdim etildi. Ayrim ekspertlar O‘zbekistonda to‘y marosimlariga o‘rtacha hisoblaganda 3 mlrd dollar pul sarflanishini aytgan bo‘lsa, boshqa biri o‘zbek to‘ylariga sarflanadigan pullar bir yilda 12 trln so‘mdan ortiq bo‘lishini ta'kidladi.

Sessiya moderatori Sherzodxon Qudratxo‘jayev XPK ham to‘y xarajatlarini taxminan hisoblab chiqqani va unga nimalar qilish mumkinligi haqida fikrlar bildirib o‘tdi. 

Foto: Xalqaro Press klub

Unga ko‘ra, kelin xarajatlari, mebel, sep-sarpo, osh, parda, fotihaga sarflanadigan pullar, kuyov tomon xarajatlari, kortej puli kabilar e'tiborga olingan. Xususan, ta'kidlanishicha, katta restoranda bugungi kunda nikoh to‘yini o‘tkazish o‘rtacha 10 ming AQSh dollariga teng (Toshkent shahri misolida). 

“Biz o‘rtacha 160 mln so‘m pul ketadi, deb hisobladik. Bugungi kunda bu pulga Toshkent shahri atrofidagi 3 ta tumandan birida 13 sotix yerga issiqxona qurib, daromad olsa bo‘ladi. Yoxud 2700ta parranda boqib, kuniga 2500ta tuxum sotsa bo‘ladi. Bu ham biznes qilishning bir turi. Baliqchilikni biz hisoblamadik. 18 bosh sigir xarid qilsa bo‘ladi. 3200 tup intensiv mevali bog‘ barpo qilish mumkin edi, bitta to‘yga sarflangan pullarga. Mahalliy universitetlarda 17 talabaning bir martalik shartnoma pulini to‘lash mumkin. Bolalar o‘ynaydigan maydoncha yoki futbol maydonchasini qurish uchun 18 mln.dan 30 mln.so‘mgacha mablag‘ sarflanadi”, - dedi Qudratxo‘jayev. 

Foto: Xalqaro Press klub

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahallalarda ham 4-5 ta dang‘illama uy turadi, ammo o‘sha uylarning yonidan o‘tilsa, yo‘llari xarob ahvolda bo‘ladi. Birortasi shu yo‘lni asfaltlamaydi. 
“Bundan tashqari, 4-5 ta qasr turadi, yonginasida kambag‘alroq, qiynalgan odam bor. To‘y qilasan, jipingda oynani yopib o‘tib ketasan. Musulmonning musulmonga ko‘mak berishi vazifasi ekanidan kelib chiqib, shunga yordam bersa qanchalik yaxshi. To‘g‘ri uni boqimanda qilib qo‘yish emas, balki farzandi zehnlidir, ammo o‘qishga kirolmayotgandir. Shunga yordam bersa bo‘ladi, axir”, -  dedi XPK raisi. 

Mavzuga oid