O‘zbekiston | 18:40 / 18.03.2018
13352
2 daqiqa o‘qiladi

«Iste’dod» jamg‘armasi​ ilmiy izlanishlar uchun grantlar tanlovini e’lon qilmoqda

Foto: iStock

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi «Iste’dod» jamg‘armasi Janubiy Koreyaning Sejong Universiteti bilan hamkorlikda magistratura va doktorantura bosqichida grant asosida ilmiy izlanishini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarni tanlovda ishtirok etishga taklif etadi Bu haqda jamg‘arma vakili Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Tadqiqot maqsadida o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lgan yoshlar 17ta, jumladan dizayn, arxitektura, qishloq xo‘jaligi, dasturlash, mashinasozlik, elektronika, robotexnika kabi yo‘nalishlardan birida xususiy ixtisoslikda tanlovda ishtirok etishi mumkin.

O‘qish va ilmiy izlanish yakuniga qadar har bir tadqiqotchiga 700-1100 AQSh dollari miqdorida oylik stipendiya taqdim etiladi. Bundan tashqari, o‘qish to‘lovi bilan bog‘liq xarajatlarining barchasi Sejong Universiteti tomonidan qoplanadi.

Talabgor IELTS bo‘yicha 6.0 (3 yil ish tajribasiga ega, maqolasi xalqaro ilmiy konferensiya/jurnalda e’lon qilingan talabgorlar uchun IELTS bo‘yicha 5.5 darajadan past bo‘lmagan natija so‘raladi) darajaga ega bo‘lishi ma’lum qilinadi. Mazkur tanlovda 30 nafar yosh izlanuvchi saralab olinishi aytilmoqda.

Tanlovda ishtirok etishni istagan yosh izlanuvchilar joriy yilning 28 mart kuniga (soat 18:00) qadar quyidagi havola orqali anketalarni to‘ldirishi, shuningdek, batafsil tuzilgan rezyumesini (ingliz tilida) ganiev@istedod.uz elektron manziliga bog‘lanish uchun uyali aloqa raqamini qoldirgan holda yuborishi so‘raladi. Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar 30 mart kuni esa Sejong Universiteti professorlari bilan suhbatga taklif etiladi.

Barcha murojaatlar bo‘yicha jamg‘arma vakili Jahongir Zohidov bilan (+99871) 232 6017 raqami orqali bog‘lanish mumkin.

Mavzuga oid