Jahon | 08:30 / 18.03.2018
10580
2 daqiqa o‘qiladi

Mavrikiy tarixidagi ilk ayol prezident iste'foga chiqdi

Foto: EPA

Hind okeanida joylashgan orol-davlat Mavrikiy prezidenti Omina Gurib-Fakim moliyaviy mojaro sababli iste'foga chiqishga qaror qildi. 17 mart kuni uning advokati Yusuf Muhammadning ma'lum qilishicha, Gurib-Fakim o‘z lavozimini millat manfaatlari uchun tark etmoqda.

Muhammadning aytishicha, prezident 23 mart kuni o‘z lavozimini tark etadi. Ta'kidlanishicha, Mavrikiy tarixidagi ilk ayol prezident Yer sayyorasi instituti  nohukumat tashkilotining kredit kartochkasidan shaxsiy maqsadlarda foydalanganlikda ayblandi. U kartochkadagi mablag‘lar hisobidan kamida 25 ming yevroga turli buyumlar sotib olgan.  

Gurib-Fakimning aytishicha, u kartochkadan tasodifan foydalangan, sarflab qo‘ygan mablag‘larni esa darhol qaytargan. Mablag‘lar qaytarilganini nohukumat tashkiloti ham tasdiqlagan. 

Gurib-Fakim taniqli biolog olim bo‘lib, Afrikadagi ilmiy salohiyatni rivojlantirish uchun Yer sayyorasi institutiga qo‘shilgan. Unga 2016 yil may oyida tashkilotdagi vazifalari bilan bog‘liq safarlar va logistika xarajatlarini qoplash uchun tashkilot kredit kartochkasi taqdim qilingan.

 

Mavzuga oid