Jahon | 10:20 / 19.03.2018
28612
2 daqiqa o‘qiladi

Skripal qanday usul bilan zaharlangani aytildi

Foto: Henry Nicholls / Reuters

GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripal katta ehtimol bilan avtomobil ventilyatsiyasi orqali zaharlangan bo‘lishi mumkin. Bu haqda ABC News Britaniya maxsus xizmatlaridagi manbalarga asosan xabar bermoqda.

Telekanal suhbatdoshlarining ma'lumotiga ko‘ra, britaniyalik huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarida Skripal va uning qizi Yuliya aynan qanday zaharlangani borasida taxmin bor. Maxsus xizmatlarning fikricha, kukunsifat zaharlovchi modda qo‘llangan, u Skripal va uning qizi bo‘lgan BMW avtomobilining ventilyatsiya tizimiga yuborilgan.

Shu bilan birga, Britaniya hukumatining taxminicha, yana 30dan ortiq kishi kukun ta'siriga tushib qolgan bo‘lishi mumkin.

Skripal va uning qizi Britaniyaning Solsberi shahridagi ko‘chada mart oyi boshida topilgandi. London ma'lumotlariga ko‘ra, jinoyat joyida Rossiya tomonidan harbiy maqsadlarda ishlab chiqilgan «Novichok» moddasi izlari aniqlangan. Moskva ayblovlarni rad etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniya Rossiyaning so‘nggi qarori tufayli xavfsizlik bo‘yicha milliy kengashni chaqirishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid