Sport | 17:20 / 25.03.2018
86321
2 daqiqa o‘qiladi

Yana bir futbolchi o‘yin vaqtida vafot etdi

Xorvatiyada bo‘lib o‘tgan uchrashuv vaqtida 25 yoshli yarimhimoyachi Bruno Boban vafot etdi. Bu haqda mahalliy Jutarnji List nashri xabar tarqatdi.

Tragedik voqea Xorvatiyaning nufuzi jihatdan uchinchi ligasi sanalgan chempionat doirasidagi «Marsoniya» va «Slavoniya» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida ro‘y berdi. O‘yinning 15-daqiqasida to‘p Bruno Bobanning ko‘kragiga to‘p kelib tegdi, u biroz vaqt o‘tib maydonda cho‘kkalab qoldi va hushini yo‘qotdi.

Klub shifokori darhol birinchi tez tibbiy yordamni ko‘rsatgan, biroz o‘tib stadionga yetib kelgan tez yordam mashinasi uni shifoxonaga olib borgan. Biroq ko‘rsatilgan yordamlar foyda bermagan va futbolchi ko‘zini ochmagan.

Qayd etilishicha, Bobanning otasi bir necha oy muqaddam vafot etgan. Brunoning akasi Gabriel esa Xorvatiya oliy ligasi vakili «Osiyek» safida to‘p surib keladi.