Jahon | 14:40 / 25.03.2018
7442
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiya Suriyada yangi amaliyotlar boshlashga tayyorligini ma'lum qildi

Foto: Anadolu

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma'lum qildiki, mamlakat qo‘shni Suriya hududida yangi aksilterror amaliyotlar boshlashga tayyor. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.

«Suriyaning Frot daryosidan g‘arbda joylashgan hududlarda aksilterror amaliyotlarni cheklashga qaratilgan chaqiriqlarga yo‘q deymiz. Turkiya uchun terrorchilarni kim qurollantirishi ahamiyatga ega emas, biz ularning barchasini yo‘q qilishga tayyormiz. Taal-Rifatdan Manbijgacha, Tall-Abyaddan Ras-al-Ayngacha bo‘lgan hududlardagi aholi Turkiyani olqishlamoqda. Turkiyaning siyosati xavfsizlik, xotirjamlik va tartib o‘rnatishga qaratilgandir», degan Erdo‘g‘an. Shu bilan birga, Turkiya prezidenti turklar bu yerlarni bosib olmayotgani, balki ozod etayotganini ta'kidlagan. «Hech kim Turkiyani  Suriyani istilo etishda ayblashga haqli emas»,— deya qo‘shimcha qilgan u.

Tell-Abyad va Ras-al-Ayn shaharlari Suriya Kurdistonida — Turkiya chegaralariga yondosh joylashgan, bu hududlar YPG (o‘zini o‘zi mudofaa qilish xalq otryadlari) nazoratidadir. Turkiya bu otryadlarni Anqara tomonidan terrorchi tashkilot sifatida baholangan Kurdiston ishchilar partiyasi qanoti sifatida hisoblaydi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid