O‘zbekiston | 19:40 / 26.03.2018
27211
2 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi gaz konida yong‘in bo‘lgani yolg‘onmi yoki rost?..

Foto: KUN.UZ

Xabaringiz bor o‘tgan yilining noyabr oyida saytimiz orqali Andijon viloyati, Buloqboshi tumani Uchtepa qishlog‘ida gaz koni topilgani haqida xabar bergan edik.

Fotoreportaj tarzida yoritilgan maqolada «Andijonneft» mutaxassislari tomonidan Uchtepa qishlog‘ida olib borilayotgan neft izlash ishlari davomida 1080 metr chuqurlikda  tabiiy gaz koni borligi ma'lum bo‘lgani va hududga gazni filtrlab tozalovchi uskunalar o‘rnatilib, «zangori olov»ni jilovlash ishlari jadal olib borilayotgani aytilgandi.

Mutaxassislar bergan ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur kondan  100 atmosfera bosimida soatiga 2300-2400 kubometr gaz oqimi chiqqan.

Shu yilning fevral oyida Uchtepa qishlog‘ida yana bir gaz koni va  5-quduqdan olib borilgan burg‘ilash va parmalash ishlari davomida 1250 metr chuqurlikdan istiqbolli neft koni topilgani haqidagi yangilikni o‘quvchilarga yetkazdik.

Kecha telegramdagi kanallardan birida o‘sha Uchtepa qishlog‘idagi yangi konlarda yong‘in chiqqani tasvirga olingan videolavha tarqatildi. To‘g‘risi, insonlar yangilikka, ayniqsa shov-shuvli xabarga juda qiziqadilar. Kanalning reytingini ko‘tarish uchun tarqatilgan yolg‘on videolavha bir zumda tarqalib ketdi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, Uchtepadagi gaz konida hech qanday yong‘in hodisasi sodir bo‘lmagan. Ijtimoiy tarmoq olamida bunday shov-shuvli yolg‘on xabarlar ko‘p uchrab turadi. Internetda haqiqatdan yiroq bo‘lgan bunday yangilikni “feyk” deb ataydilar.

Yolg‘on xabar yashin tezligida tarqalganidan so‘ng, aynan Uchtepa konida faoliyat olib boruvchi texnika xavfsizligi mutaxassisi Furqat Siddiqov o‘sha joyni o‘zidan videolavha tayyorlagan. Unda, Uchtepa gaz konida ish bir doimgidek ketayotgani aks etgan.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid