Jamiyat | 20:08 / 29.03.2018
23079
3 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘be qurbonlarining oila a'zolariga xayriya mablag‘lari yetkazildi

Xalqimiz necha asrlardan beri yaxshi va yomon kunlarni boshidan kechirib kelmoqda. Albatta, hayot yo‘llari doimo ravon bo‘lmaydi. Bu bor xaqiqat. Yarangizni yangilashdan qo‘rqamiz. Lekin gapirmasak ham adolatsizlik bo‘ladi. Oqto‘be fojiasi hamon qalblarimizni iztirobga solmoqda. Bir zum tin olishga, vazminlikka, dangalini aytganda, do‘ppini yechib, mulohaza qilishga undamoqda. 

KUN.UZ tahririyati Aqto‘be fojiasi qurbonlarining yaqinlari uchun maxsus xayriya aksiyasi o‘tkazgandi. O‘tgan qisqa davrda muxlislarimiz bu aksiyaga befarq bo‘lishmadi. Qo‘llaridan kelgancha moddiy va ma'naviy ko‘mak ko‘rsatishdi. 

Sayt guruhi Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on va Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanlarida bo‘lib, marhumlar oilalari holidan xabar oldi va aksiyada yig‘ilgan mablag‘larni egalariga yetkazdi.

Xayriya aksiyasida jami 55 million so‘m yig‘ildi. Bu mablag‘ fojia tufayli boquvchisini yo‘qotgan eng muhtoj oilalarga taqsimlab berildi - To‘raqo‘rg‘ondagi 6ta, Toshloqdagi 5ta oilaga 5 million so‘mdan mablag‘lar topshirildi.

Bu tadbirga Shayxontohur tumani bosh imom xatibi Odilxon Qori Yunusxon o‘g‘li hamrohlik qildi. To‘raqo‘rg‘onda bizni tuman hokimi G‘ulomjon Murodxo‘jayev kutib oldi. Samimiy suhbatdan so‘ng, fojiada halok bo‘lganlar oilalarini ziyorat qilishga hokimlik vakillari hamrohligida otlandik. Dastavval, To‘raqo‘rg‘on tumani Qurama qishlog‘idagi Do‘stlik qabristonida o‘tganlar ruhiga Qur'on tilovat qilindi.

 

Aytish kerakki, Namangan viloyati hokimligining mazkur oilalarga ko‘rsatayotgan e'tiboridan mamnun bo‘ldik. Jumladan, xonadonlarning barchasi kapital ta'mirlanishi, imtiyozli tibbiy yordam, mehnatga layoqatli oila a'zolarini ishga joylashtirilishi fikrimizning ifodasi. 

KUN.UZ ijodiy safarini shu tarzda Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida davom ettirdi. Bizni tumandagi “Mahalla” jamg‘armasi rahbari hamda tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha muovini kutib oldi va hamrohlik qildi. 

Tahririyat xayriya aksiyasida ishtirok etib, musibatli oilalarni moddiy va ruhiy tomondan qo‘llab-quvvatlab, yuksak insoniylik namunasini ko‘rsatgan yurtdoshlarga, xususan, aksiyada faollik ko‘rsatgan Rossiya va Janubiy Koreyadagi vatandoshlarga minnatdorchilik bildiradi.

Mavzuga oid