Jamiyat | 23:40 / 29.03.2018
15054
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiyerda Davlat arxivi xodimi pora bilan ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi soliq valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Xovos tumani, Sohibkor QFY, Bog‘iston MFYda yashovchi fuqaro A.Boyqo‘ziyevning arizasiga asosan 28 mart kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yangiyer shahar Davlat arxivining ish haqlari bo‘yicha ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi A.Yuldashev nafaqaga chiqish uchun ish haqlari to‘g‘risidagi ma'lumotnomani olish uchun shahar Davlat arxiviga murojaat qilgan fuqaro A.Boyqo‘ziyevga arxivda uning ish haqlari to‘g‘risidagi ma'lumotlari mavjud bo‘lsada, o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, unga arxivda ish haqlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar mavjud emasligini aytib aldab, ishonchini suiiste'mol qilib, ish haqlari to‘g‘risidagi ma'lumotnomani rasmiylashtirib berish evaziga 1.500.000 so‘m pulni pora tariqasida berishni talab qilgan. U 27 mart kuni fuqaro A.Boyqo‘ziyevdan xizmat xonasida 300.000 so‘m va 28 mart kuni 1.200.000 so‘m pulni pora tariqasida olgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan.

Mazkur holat bo‘yicha Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan A.Yuldashevga nisbatan JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yangiyer shahar Davlat arxivining ish haqlari bo‘yicha ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi A.Yuldashev tomonidan sodir etilgan firibgarlik jinoyati u yashab kelayotgan Mirzaobod tumani hududida 29 mart kuni mutasaddi idora xodimlari ishtirokidagi yig‘ilishda muhokama qilindi.

Mavzuga oid