O‘zbekiston | 11:16 / 29.03.2018
13582
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat mukofotlariga tavsiya etuvchi sub'yektlar soni ko‘paymoqda 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XIV yalpi majlisida senatorlar yangi tahrirdagi «Davlat mukofotlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ma'qulladi. Unga ko‘ra, endilikda geraldika sohasida yagona davlat siyosati qonun bilan tartibga solinmoqda. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Senatning Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev yangi tahrirdagi qonun to‘g‘risida ma'lumotlar berib, davlat mukofotlarini taqib yurish, saqlash, mamlakat hududidan olib chiqish bo‘yicha tartib ishlab chiqarilgani ma'lum qilindi. 

«Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga nomzodlarni davlat mukofotlariga tavsiya etish bo‘yicha taqdimnomani endilikda Sudyalar Oliy kengashi, Markaziy Bank, Davlat xavfsizlik xizmati, Hisob Palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, nodavlat notijorat tashkilot va respublika tashkiloti rahbarlari ham kiritishi mumkinligi belgilanmoqda», deydi qo‘mita raisi. 

Ma'lumot uchun, qonunning mazkur yangi tahrirdagi ko‘rinishi 5 bob, 22 moddadan iborat. Ayni paytda O‘zbekistonda 50dan ortiq davlat mukofotlari ta'sis etilgan bo‘lib, munosib kishilar O‘zbekiston Qahramoni, 34ta faxriy mukofotlar, 10dan ortiq orden va medallar, shuningdek, O‘zbekiston faxriy yorlig‘i bilan amalda rag‘batlantiriladi.

Mavzuga oid