Buxoroda "Nasriddin Afandi" festivali: Xorijliklar festival haqida qanday fikrda?
1 aprel kuni Buxoro viloyatida "Nasriddin Afandi" festivaliga start berildi. Festival doirasida 10 dan ortiq loyiha o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, shunday loyihalardan biri Sharq taomlari va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmalari, shirinliklar, qandolat, salat va karving san'ati bo‘yicha mahorat darslaridir. KUN.UZ Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari bergan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
Loyihaning eng aziz mehmonlari Turkiya va Yaponiya davlatlaridan tashrif buyurgan mahoratli oshpazlar ham bu tadbirda faol qatnashishdi. Qizig‘i shundaki, mehmon-oshpazlar tadbirda qatnashish bilan bir vaqtda viloyat ahli hamda chet ellik sayyohlar uchun milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslarini olib borishmoqda.
«Nasriddin Afandi» festivali doirasida viloyatning barcha tuman va shaharlari o‘z milliy taomlari joy olgan to‘kin bayram dasturxonini yozishdi. Ayniqsa, G‘ijduvon va Shofirkon tumanlarining bayram dasturxonlari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Buxoroda o‘tkazilayotgan «Nasriddin Afandi» festivali ishtirokchilarning tantanali yurishlari bilan boshlandi. Festival ishtirokchilari «Ark» qo‘rg‘onidan "Labi-hovuz" majmuasiga qadar bo‘lgan masofani bosib o‘tishdi. Ishtirokchilar qatoridan viloyat musiqali drama teatri aktyorlari, yoshlar, bir guruh san'at vakillari joy olishgan. Tantanali yurish manzilga yetib kelgunga qadar tomoshabinlarni ham o‘z safiga chorladi.
«Nasriddin Afandi» festivali ishtirokchilarining tantanali yurishlari bayramona kayfiyatda o‘tdi. Ularning quvnoq hazillari, ajoyib raqslari, afandinamo kiyimlarining bari viloyatimiz ahli bilan birgalikda chet ellik sayyohlarni ham o‘ziga jalb etdi.
Germaniya davlatidan tashrif buyurgan mehmonlar katta bir shodiyonaning ustidan chiqishdi. «Nasriddin Afandi» festivali doirasida o‘tkazilayotgan rang-barang loyihalar, milliy qadriyatlar tarannumi, sho‘x qo‘shiqlar, betakror milliyona raqslar mehmonlarga bayramona kayfiyat baxsh etdi.
"Ayni mana shu bayram kunlarida Buxoroga kelganimdan behad xursandman, - deydi germaniyalik Mariya. - Bugungi festival o‘zbek millati, xususan, Buxoroning ko‘hna tarixi, buyuk xalq ekanligini bo‘y-basti bilan namoyon etdi, desam adashmagan bo‘laman. Ayniqsa, sizlarning milliy taomlaringizning ta'mini hech qachon unutmasam kerak".
Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan Kim Yong Pak festival taassurotlari bilan bo‘lishdi:
"Buxoroga «Nasriddin Afandi» festivalida ishtirok etish maqsadida kelganman. Festivalning maqsad va vazifalari, dasturi bilan tanishganimda bu qadar shov-shuvli, bu qadar qiziqarli bo‘lishini tasavvur ham qilmagan edim. Festivalni tashkillashtirish jarayonida har bir detalga, har bir yo‘nalishga alohida e'tibor qaratilgani meni juda quvontirdi. Bir kunlik festivalda olgan taassurotlarim asrlarga tatigulikdir".
Turkiya fuqarosi Emir ham fectival haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
- «Nasriddin Afandi» festivali haqida eshitishim bilanoq u menda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘tgan yili «Ipak va ziravorlar» festivalida ishtirok etgan edim. Festival jarayonlari kechagidek yodimda. Milliy matolarda yal-yal yongan go‘zal qizlar, shirin va totli taomlar, qiziqchilar, dorbozlar chiqishlari, betakror raqslar - bularga shunchaki ta'rif berib bo‘lmaydi. Bugun esa "Nasriddin Afandi" festivalida ishtirok etyapman. Xo‘ja Nasriddin Afandi haqida ko‘p eshitganman. Ayniqsa, uning qiziqarli hajviyalari, samimiy latifalarini o‘qib oila a'zolarim bilan rosa miriqib kulganmiz. Festivalda esa Nasriddin Afandining izdoshlari bo‘lgan qator qiziqchilaringiz bilan tanishdik. Jonli ijroda latifalarni eshitdik. Menga juda yoqdi".
Buxoroda o‘tayotgan «Nasriddin Afandi» festivali doirasida "Amaliy va badiiy san'at ko‘rgazmasi, hajviy rasmlar ko‘rik-tanlovi ham o‘tkazildi. Tanlovda ijodkor yoshlar, yosh iqtidor sohiblari ishtirok etishdi.
Pokiston davlatidan tashrif buyurgan 30 nafarga yaqin sayyohlar ham festival doirasida tashkil etilgan loyihalarda faol ishtirok etib, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, an'analarimiz bilan yaqindan tanishishdi, milliy taomlarimizdan baxramand bo‘lishdi.
«Nasriddin Afandi» festivalida viloyat yoshlari ham har tomonlama faollik ko‘rsatishdi. Chet ellik sayyohlarga festivalning maqsad va vazifalari, tartibini tushuntirishda, tomoshabinlarning vaqti mazmunli o‘tishini ta'minlashda, festival ishtirokchilariga qulaylik yaratishda katta ishtiyoq bilan harakat qilishdi.
Mavzuga oid
11:45 / 26.11.2024
Xitoy Buxoroda oqova suvlarni qayta ishlash loyihasini amalga oshirmoqchi
09:51 / 21.11.2024
Buxoroning ayrim hududlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
20:55 / 20.11.2024
“Eski, sovuq sinfxonalarda o‘qiyapmiz” – Buxoroda qurilishi bitmagan maktab-internat o‘quvchilari sarson bo‘lyapti
18:24 / 20.11.2024