O‘zbekiston | 00:59 / 03.04.2018
31005
3 daqiqa o‘qiladi

To‘raqo‘rg‘on IES qachon ishga tushishi ma'lum bo‘ldi

Foto: UZ24.uz

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida barpo etilayotgan issiqlik elektr stansiyasining ishga tushishini nafaqat namanganliklar, balki Farg‘ona viloyati aholisi ham sabrsizlik bilan kutmoqda. Chunki mazkur energetika inshooti mintaqada elektr ta'minotidagi muammolarga barham berish bilan birga, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish, hayot farovonligi, turmush madaniyatining yuksalishiga xizmat qiladi. Keyingi paytda odamlar orasida “To‘raqo‘rg‘on IESda nima gap? IES qurilishi to‘xtab qolgan shekilli? IES qachon ishga tushar ekan?” qabilidagi savollar ko‘paymoqda. 

“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi Namangan hududiy bo‘limi inspektori Sherzod Hojiyevning O‘zAga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston energetika tizimini rivojlantirish yo‘lidagi mazkur muhim loyiha bo‘yicha bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi buyurtmasi asosida bunyod etilayotgan mazkur stansiyaning umumiy loyiha qiymati 1 milliard 195 million 870 ming AQSh dollarga teng. 

Hozirgacha bu yerda obektgacha bo‘lgan yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, direksiya ma'muriyati uchun ikki qavatli bino, yong‘in xavfsizligi xizmati inshootlari, soatiga 120 kub metr ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan beton zavodi va boshqa ko‘plab yordamchi xo‘jalik inshootlari qurilgan. Bundan tashqari IES da ishlovchilar uchun qurilayotgan to‘rt qavatli ikkita turar-joy binosida pardozlash ishlari olib borilmoqda. Qurilish-montaj ishlariga 800 ishchi va 44 maxsus texnika jalb etilgan.

Issiqlik elektr stansiyasi qurilishini investitsiya dasturi asosida moliyalashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovlari natijalariga ko‘ra, loyihaga konsalting xizmati ko‘rsatish Yaponiyaning “TEPSKO” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu kompaniya bilan 18 million 338 ming AQSh dollarilik shartnoma imzolangan. Shuningdek, xalqaro tenderda Yaponiyaning “Mitsubihi Corporation”,”Mitsubishi Hitachi Power Systems” konsortsumi bosh pudratchi sifatida g‘olib deb topildi. Ushbu kompaniya bilan 749,43 million AQSh dollarlik shartnoma imzolangan. 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab yordamchi pudratchi – Turkiyaning “SaIik Enerji” kompaniyasi muhandis-texnik mutaxassislari ham qurilish-montaj ishlarida faol ishtirok etayotir. 

Issiqlik elektr stansiyasining 1-energobloki 2019 yilning dekabr oyida ishga tushiriladi. 2-energoblok va stansiyaning to‘liq ishga tushirilishi 2020 yilning mart oyiga rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid