Jahon | 13:27 / 03.04.2018
46452
12 daqiqa o‘qiladi

World Travel Awards: Dunyoning eng zo‘r 10 mehmonxonasi

World Travel Awards mukofoti 1993 yildan buyon mavjud va u turizm sohasida "Oskar"ga tengdir. Ovoz berish jarayoni bir necha bosqichda o‘tadi - onlayn-saralashdan boshlab, to turistik biznes, OAV va jonli auditoriya vakillaridan iborat hakamlar hay'atigacha.

2017 yilda taqdirlash marosimi Vetnamda bo‘lib o‘tdi. Sovrindorlarning to‘liq ro‘yxati ancha uzun. U eng yaxshi aviakompaniyalar, brendlar va bir necha o‘nlab mehmonxonalarni o‘z ichiga olgan. Quyida World Travel Awards'ga ko‘ra dunyoning eng yaxshi 10 mehmonxonasi haqidagi ma'lumotlar taqdim etiladi.

Foto: World Travel Awards

1. Yetakchi mehmonxona — The Oberoi Udaivilas, Hindiston

  • Qayerda joylashgan: Udaypur, Rajaston shtati, Hindiston.
  • Joylashuv narxi: ikki kishilik nomer uchun - kuniga 471,25 AQSh dollari.
  • Rasmiy sayti: oberoihotels.com.

Oberoi majmuasi Udaypur shahrida sobiq maxarajalar avlodining ovchilik bilan shug‘ullanilgan hududlarida joylashgan. Mehmonxonaning har yeridan yam-yashil bog‘ va Pichola ko‘liga qaragan ajoyib manzara ochiladi. Mehmonxonaning o‘zi saroyga o‘xshaydi, mehmonlar u yerdagi hayotni hind ertaklariga o‘xshatishadi.

Oberoi'ning qadimiy intererlari plazma ekranli televizorlar va elektron seyf kabi texnik yangiliklar bilan uyg‘unlashgan. Mehmonxonada bo‘sh vaqtingizda yoga, Rajaston xalq raqslari bilan shug‘ullanish va mahalliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslariga taklif qilishadi.

Foto: World Travel Awards

2. Dunyoning eng romantik kurorti — Baros Maldives, Maldiv orollari

  • Qayerda joylashgan: Male, Maldiv orollari.
  • Joylashuv narxi: ikki kishilik nomer uchun - kuniga 716,96 AQSh dollari.
  • Rasmiy sayt: baros.com.

Mehmonxona beshinchi marta ushbu mukofotga loyiq deb topildi. Baros Maldives'ni boshqa mehmonxonalardan farqli jihati, uning faqat katta yoshlilarga mo‘ljallanganidadir. Bu yerda 8 yoshdan kichik bolalar qabul qilinmaydi, zero bu joy sokinlikni xush ko‘ruvchilarga moslangan.

Mehmonxonada personal suzish havzalari, spa-markaz va suv sporti hamda snorkling uchun hamma narsa bor. Bu yerda qirg‘oqdagi palmalar orasidagi villada yoki suv ustidagi svayalarda joylashish mumkin.

Baros Maldives'da, ayniqsa, delikateslar tanlovi keng. Bunga betakror servis va tropik dushni qo‘shsangiz, orzular maskani deyavering. Yana bir muhim ijobiy jihati: aeroportgacha atigi yarim soatda yetib olish mumkin.

Foto: World Travel Awards

3. Eng yaxshi dizaynerlik mehmonxonasi — Armani Hotel Dubai, BAA

Qayerda joylashgan: Dubay, BAA.

Joylashuv narxi: ikki kishilik nomer uchun - kuniga 394,37 AQSh dollaridan boshlanadi.

Rasmiy sayt: armanihoteldubai.com.

Mehmonxonaning betakror dizayni mashhur modeler Jorjio Armani tomonidan ishlab chiqilgan. Nomerlar Dubay markazidagi osmono‘par binoning 11 qavatini egallagan. Mehmonxona liftidan to‘g‘ri mashhur Dubai Mall savdo markaziga chiqishingiz mumkin. Derazalardan shahar va musiqiy favvoralar manzarasi ko‘rinadi.

Mehmonxona restoranida mahalliy taomlardan tashqari, muallif taqdimoti bilan yapon taomlarini ham tatib ko‘rish taklif etiladi. Shuningdek, binoning 125-qavatida restoran bo‘lib, uning manzarasi hech kimni befarq qoldirmaydi. Armani Hotel Dubai lyuks shopping, poytaxt hayoti va intererlarda geometriyani xush ko‘ruvchilar uchun ayni muddao.

Foto: World Travel Awards

4. Eng yaxshi kurort kompleksi — Mriya Resort & Spa, Rossiya

  • Qayerda joylashgan: "Opolznevoye" qishlog‘i, Yalta, Qrim Respublikasi, Rossiya.
  • Joylashuv narxi: ikki kishilik nomer uchun - 253,52 AQSh dollari.
  • Rasmiy sayt: mriyaresort.com.

Mehmonxona yaqinida plyaj bo‘lib, unga 5 daqiqada piyoda yetib olish mumkin. Mriya Resort & Spa mehmonlari xizmatiga 9 bar va restoranlar hamda tungi klub shay. Ochiq va yopiq suzish havzalari, spa-markazi, sauna, hammom va jakuzi suv muolajalarini yaxshi ko‘ruvchilar uchun ayni muddao. Bu yerda, shuningdek, tennis, skvosh bilan shug‘ullanish yoki bouling o‘ynash mumkin. Otelda bepul kinoteatr faoliyat ko‘rsatadi.

Mriya Resort & Spa'da nafaqat dam olish, balki salomatlik haqida qayg‘urish ham mumkin. Mutaxassis va shifokorlar har bir mijozga balneologik, tibbiy yoki kosmetik muolajalarni tanlab berishadi. Kompleks diagnostika va davolash muolajalari uchun zarur barcha jihozlar bilan ta'minlangan. Shved stoli va xushmuomala personallarga-ku gap yo‘q!

Foto: World Travel Awards

5. Eng yaxshi klassik mehmonxona — Dukes London, Angliya

  • Qayerda joylashgan: London, Angliya.
  • Joylashuv narxi: ikki kishilik nomer uchun - 486,96 AQSh dollari.
  • Rasmiy sayt: dukeshotel.com.

Restavratsiya qilingan Dukes tarixiy mehmonxonasi Vestminsterda Meyfeyr tumanida joylashgan. Eng qiziq muzeylar, saroylar va brend do‘konlari - juda yaqin masofada. Dukes mehmonxonasi — bu zamonaviy qulayliklar bilan to‘ldirilgan ingliz klassikasi. Bu yerdagi marmar hammom esa italyan uslubida ishlangan.

Dukes restorani va barida Britaniyaning klassik taomlari va eng yaxshi ichimliklar taqdim etiladi. Mahalliy shef-oshpaz Mishlen yulduziga sazovor bo‘lgan.

Agar siz Angliya tarixiga "sho‘ng‘ish"ni, nonushtaga tostlar va suli yormasidan tatib ko‘rishni, kaminli mehmonlar xonasida choy ichishni istasangiz, Dukes London sizning xizmatingizda.

Foto: World Travel Awards

6. Eng yaxshi tarixiy mehmonxona — Peninsula, Fransiya

  • Qayerda joylashgan: Parij, Fransiya.
  • Joylashuv narxi: ikki kishilik nomer uchun - kuniga 940,08 AQSh dollari.
  • Rasmiy sayt: paris.peninsula.com.

Mehmonxona Parijda, mashhur Arc de Triomphe yonida joylashgan. Peninsula birinchi navbatda - hashamat va nafislik demak. Nomerlar va xollar keng, baland shiftli va albatta, san'at asarlari bilan bezatilgan. Ko‘pchilik Peninsula'ni Yevropaning eng yaxshi oteli, deb hisoblaydi.

Qulayliklar orasida — alohida garderoblar, tropik dushlar, marmar vannalar, tirnoq quritgichlar va hatto L’Oiseau Blanc elita kosmetikasini sanab o‘tish mumkin. Bu yerda, shuningdek, an'anaviy spa-salon hamda 22 metrli shaharga qaragan suzish havzasi ham bor.

Tom qismida joylashgan restorandan poytaxtni tomosha qilish mumkin. Eyfel minorasi esa mehmonxonaning deyarli barcha derazalaridan ko‘rinadi. Minoragacha xuddi Yelisey dalalarigacha piyoda borish mumkin.

Foto: World Travel Awards

7. Eng yaxshi eko-mehmonxona — Finch Bay Galapagos Hotel, Ekvador

  • Qayerda joylashgan: Puerto-Ayora, Galapagos, Ekvador.
  • Joylashuv narxi: ikki kishilik nomer uchun 459,16 AQSh dollari.
  • Rasmiy sayt: finchbayhotel.com.

Bu ekzotik flora va faunani xush ko‘ruvchilar uchun qulaygina kichik mehmonxona. Bu yerda kechqurunlari shovqin bo‘lmaydi, lekin bu jihat sermanzara tabiat va ekskursiyalar ko‘pligi bilan qoplanadi. Ba'zi nomerlarda gamakli balkonlar bor. Finch Bay Galapagos Hotel — sokinlik istaganlar uchun ajoyib maskan.

Shaharda hordiq olishni istaganlar u yerga atigi 5 daqiqada katerda yetib olishlari mumkin. Mehmonlar bu mehmonxona oshxonasi taomlari juda mazali ekanini e'tirof etishadi: bu asosan mahalliy va Osiyo taomlari. Kechki ovqatga har bir mijozga 4 xil taom beriladi.

Ekskursiya paytida bu atrofda yovvoyi hayvonlarni ko‘p ko‘rish mumkin: ulkan toshbaqalar, iguanalar, dengiz sherlari, kitlar. Shuningdek, velosipedlar ijarasi yo‘lga qo‘yilgan. Bunga kayaking va dayvingni qo‘shsak, 2017 yilning eng yaxshi eko-mehmonxonasi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.

Foto: World Travel Awards

8. Eng yaxshi restoranlar va ko‘ngilochar markazlarga ega mehmonxona — The Venetian Macao Resort Hotel, Xitoy

  • Qayerda joylashgan: Makao, Xitoy.
  • Joylashuv narxi: ikki kishilik nomer uchun - kuniga 240,84 AQSh dollari.
  • Rasmiy sayt: venetianmacao.com.

The Venetian Macao — 39 qavatli osmono‘par bino, shahar markazida qad ko‘targan dunyoning eng baland yettinchi binosi. Bu bolalar bilan dam olish uchun eng zo‘r joy, deb bo‘lmaydi, biroq kattalar bu yerda mazza qilib hordiq chiqarishadi. Bu nafaqat mehmonxona, balki katta kazino, 15 ming kishiga mo‘ljallangan ko‘ngilochar arena, ko‘plab ko‘rgazma va konferensiya zallari hamdir.

Mehmonxona egalari uning bir qavatini haqiqiy Venetsiyaga aylantirishgan: istagan odam gondolda kanallar bo‘ylab sayohat qilishi mumkin. The Venetian Macao hududida 30 dan ortiq restoran va 350 do‘kon faoliyat yuritadi.

Ko‘ngilochar dastur juda ajoyib: konsertlar, sport bellashuvlari, Cirque du Soleil, rus baleti. Bundan tashqari, mehmonxonaga jahon yulduzlari ko‘p tashrif buyurishadi.

Foto: World Travel Awards

9. Eng yaxshi saroy mehmonxonasi — San Clemente Palace Kempinski Venice, Italiya

  • Qayerda joylashgan: Venetsiya, Italiya.
  • Joylashuv narxi: ikki kishilik nomer uchun kuniga 619,21 AQSh dollari.
  • Rasmiy sayt: kempinski.com/en/venice/san-clemente-palace-kempinski.

Kempinski — besh yulduzli mehmonxonalarning eng mashhur tarmog‘i, tarmoq faoliyatiga 100 yildan oshdi. San Clemente Palace mehmonxonasi Venetsiyada xususiy orolda joylashgan. Bu joyda ilgari ibodatxona joylashgan bo‘lgan - undan XII asr cherkovi qolgan. Kelishuvlarga ko‘ra, unda unashtiruv marosimlari o‘tkaziladi. Orolning katta qismini park egallaydi, unda mijozlar oftobda toblanishi, yo‘laklarda yugurishi yoki kokteyl ichib dam olishlari mumkin.

Ochiq suzish havzasi, tennis kortlari va mini-golf maydoni xizmatga tayyor. San Clemente Palace'ning hashamatli intererlari haqiqatda qirollik saroylari haqidagi tasavvurlarga muvofiqdir. Har soatda orolda bepul suv taksisi mehmonlarni 10 daqiqada Sen-Marko turistik maydoniga yetkazib qo‘yadi.

Foto: World Travel Awards

10. Eng yaxshi alkogolsiz mehmonxona — Angel’s Marmaris, Turkiya

  • Qayerda joylashgan: Marmaris, Turkiya.
  • Joylashuv joyi: ikki kishilik nomer uchun - kuniga  169,37 AQSh dollari.
  • Rasmiy sayt: angelsmarmaris.com.

Angel’s Marmaris mehmonxonasi — sog‘liq haqida qayg‘urish va orom olish uchun ayni muddao. Mehmonlar xizmatida - turk va bug‘ hammomi, sauna, jakuzi va mo‘jizaviy ta'sirga ega "sho‘r" xona. Mehmonxonaning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri faqat erkaklar yoki ayollar uchun mo‘ljallangan alohida suzish havzalari va plyajlarining mavjudligidir. Bunday sharoitlarda har bir inson o‘zini qulay his qiladi.

Mehmonlar ham asosiy korpusdagi nomerga, ham alohida villaga joylashishlari mumkin. Aksariyat xonalardan qirg‘oqning hashamatli manzarasi ochiladi. Otelning yana bir afzalligi — qirg‘oqda eng toza oppoq qumlarning mavjudligi. Angel’s Marmaris — ham oila a'zolari bilan, ham yolg‘iz dam olish uchun munosib joy.

 

Mavzuga oid