Jamiyat | 23:57 / 03.04.2018
105667
8 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlar o‘zbek-afg‘on chegarasida: Birinchi kun 

Shu yilning 30-31 mart kunlari O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan OAV vakillari uchun media-tur tashkil etildi. Undan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekiston sarhadlarini qo‘riqlash, mamlakatdagi tinchlik-osoyishtalikni ta'minlashda chegarachilar xizmati qanchalik salmoqli ekani, qolaversa jurnalistlarni chegarani qo‘riqlashdagi o‘ziga xosliklardan xabardor etish edi. Ushbu sayohatda Kun.uz muxbiri ham ishtirok etib, chegarani qo‘riqlash qanchalik mas'uliyatli, shu bilan birga, mashaqqatli vazifa ekaniga ishonch hosil qildi. 

18 kishidan iborat jurnalistlar guruhi 30 mart kuni Toshkent viloyatidagi G‘ishtko‘prik chegara maskani faoliyati bilan tanishgach, Chirchiq harbiy aerodromidan Ispaniyada Airbus kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan CASA C-295 MW rusumli harbiy samolyotida O‘zbekistonning eng janubiy shahri – Termiz tomon parvoz qildik. 

Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz
Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz
Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz
Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz

Harbiy samolyotda ilk bor parvoz qilayotganimiz, aytish mumkinki, barcha jurnalistlar uchun qiziq va maroqli bo‘ldi. Qolaversa, chegarachilar libosida ekanimiz, bizga o‘ziga xoslik taqdim etganiga qaramay, yumshoq o‘rindiqlarda o‘tirib o‘rganganimiz tufaylidir, atigi 1,5 soatlik parvoz so‘nggida qandaydir charchoq sezila boshladi. Termiz aeroportiga eson-omon qo‘nib, harbiy samolyotni tark etarkanmiz, janubning issiq havosi dimog‘imizga urildi.

Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz
Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz

Termiz harorati yuqori ekani birdan sezildi. Avtobusda O‘zbekistondagi eng keksa – 9221 “U” harbiy qismi tomon ketarkanmiz, Surxon yurti markazida hayot qaynab yotganiga shohid bo‘ldik. Hamma o‘z ishi bilan band. Mening e'tiborimni tortgan jihati shu bo‘ldiki, chegaradosh shahar bo‘lgani uchundir, harbiy libosli kishilar tez-tez ko‘zga tashlanadi. Alohida qayd etish joiz, hammasi harbiylarga xos aniqlik bilan, rejadagidek bo‘lmoqda, qo‘limizdagi qog‘ozda qayd qilingan vaqtdan chetga chiqilgani yo‘q.

Nihoyat, biz ko‘zlagan manzil. U Hakim at-Termiziy ziyoratgohining shundoqqina yon tarafida joylashgan. Kelishimiz bilan xonalarimiz ko‘rsatildi va 30 daqiqa biroz tin olish uchun ruxsat berildi. Shu bilan bir kunlik chegarachidek muqaddas burchimizga start berildi. Albatta, avval xavfsizlik talablari tushuntirildi. Naq 16 kg keladigan zirhli nimcha, temir kaskani ilk bor kiyib ko‘rdik. Shundan so‘ng, qo‘mondonlik rahbariyati va chegarachilar hamrohligida o‘zbek-afg‘on chegarasi tomon yo‘l oldik. 156 kilometrdan sal ortiqroq chegara o‘ta jiddiylik, ziyraklik va sergaklik bilan qo‘riqlanadi. 

Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz
Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz
Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz

Ana, yana bir necha o‘n metrlardan so‘ng, azim Amudaryo sohillari. O‘z davrida Jayhun deb nomlangan sersuv daryoni mo‘g‘ullar bosqiniga qarshi kurashgan Jaloliddin Manguberdi va buyuk sarkarda Amir Temur necha bor kechib o‘tgan. Daryoning qoq o‘rtasida qadimgi Termiz xarobalari qarshisida, Amudaryoning qoq o‘rtasida maydoni taxminan to‘rt ming gektarlik sathga ega, uzunligi sakkiz, eni besh- olti kilometr bo‘lgan orol joylashgan. U «Payg‘ambar oroli» deb nomlanib, YuNeSKOning tabiat yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan. 

Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz

Kutilmaganda, ikki kishi O‘zbekiston tomondan chegarani buzib o‘ta boshladi. Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi chegarani buzib o‘tish, jinoyatchilarni ushlash jarayoni qanday bo‘lishiga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘lishimiz uchun maxsus mashg‘ulot o‘tkazishni rejalashtirgan ekan. Albatta, bu chegara buzilishi qasddan amalga oshirilganiga qaramay, chegarachilar harbiy Nizom doirasida ish tutishlariga majbur. Ularga mashg‘ulot ekani, tabiiyki, aytilmaydi. Shunga binoan, chegarachilar o‘z vazifalarini bajarishlari talab etiladi. 

Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz
Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz
Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz

Chegara buzilishidan sanoqli daqiqalar o‘tgach, dastlab daryoda xatar ishorasini yoqqan holda motorli qayiq paydo bo‘ldi. So‘ngra chegarachilar kemasi buzg‘unchilarning daryoga yaqinlashishining oldini ola boshladi. Bir necha daqiqada chegarani buzib o‘tganlar quruqlik va daryo orqali to‘liq qurshab olindi. Albatta, chegarachilar chegara buzilgan joyga yaqinlashgandagina mashg‘ulot o‘tkazilayotganini anglaganlari aniq. Ammo o‘quv mashg‘uloti har doim ham o‘tkazilmaydi va uning mashg‘ulot ekani hech qachon aytilmaydi.

Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz

Nizom bo‘yicha, shu kabi chegara buzilish holatlari ro‘y bergan taqdirda, chegarachilar voqea joyiga chiqishlari, holatni o‘rganishlari, chegarani yovvoyi yoki uy hayvoni buzganmi yoki inson omili chegara buzilishi ishorasi ishga tushishiga sabab bo‘lganmi, shuni aniqlashlari shart. 

Biz reja bo‘yicha katerlarga o‘tirib, Payg‘ambar oroliga o‘tayotganimizda shartnoma asosida chegarachilik qilayotgan namanganlik yurtdoshimiz bilan muloqotda bo‘ldik. 

-  Boyagi chegara buzilishi mashg‘ulot ekanini sezdingizmi, deb savolga tutaman chegarachi hamrohimni.
-  Bizga hech qachon bugun mashg‘ulot o‘tkaziladi, ertaga odatdagidek xizmatni davom ettirasizlar, degan gap-so‘zlar bo‘lmaydi. Biz axir respublikaning eng qaltis chegarasini qo‘riqlaymiz, - deydi chegarachi. 

U 10 yildan buyon shartnoma asosida shu yerda xizmat qilayotgani, oilasi ham u bilan birgaligi, sharoiti yaxshi ekanini ta'kidladi.  

Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz

 

Jurnalistlar va operatorlar chegara qo‘shinlari qo‘mondonligining yuqori lavozimli mulozimlari hamrohligida Payg‘ambar oroliga tushdik. Sohildan bir necha yuz metr ichkarida harbiy qismning bo‘linmasi joylashgan. Qo‘mondonlik vakilining aytishicha, mabodo Afg‘oniston hududidan g‘alamislar O‘zbekistonga shu hudud orqali o‘tishga urinishsa, qishning ayozli tunlari, qahraton kunlari, yozning jazirama kunlariga qaramay, ushbu orolda xizmat vazifasi va burchini sidqidildan bajarayotganlar qarshilik ko‘rsatadi. Orol bo‘ylab bir kilometrcha yurganimizdan keyin ortga, harbiy qismga qaytdik. 

Foto: Farrux Aliyev / xabar.uz

Ertalabki G‘ishtko‘prik chegara maskaniga safarimizdan boshlangan sayohatimizning birinchi kuni tugadi, harbiy qismda ovqatlanib, dam olamiz, deb o‘ylaganim xato ekani birozdan so‘ng oydinlashdi. Yuvinishga ajratilgan vaqtdan keyin naryadga saflandik. Barchaning qiladigan ishlari belgilab berildi. Naryadda turar ekanman, harbiylik, xususan xalq va davlat ishonchini oqlayotgan chegarachilar xizmati naqadar salmoqli hamda mashaqqatli ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildim. Tonggi soat 4 da uyqudan turib, chegara liniyasi bo‘ylab nazorat o‘tkazadigan bo‘ldik.

O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi ikkinchi kunimizdan olgan taassurotlarim bilan keyingi maqolada o‘rtoqlashaman. 

Ushbu lavhani tayyorlashda Xabar.uz fotomuxbiri Farrux Aliyev videomateriallaridan​ foydalanildi

 

Mavzuga oid