Jamiyat | 11:27 / 05.04.2018
192633
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik ona 3 yoshli o‘g‘lini nega o‘ldirganini aytib berdi (video)

Foto: Videodan kadr

Shu yilning 2 aprel kuni Qo‘qon shahrining Turkiston ko‘chasida joylashgan bino oldidagi archa daraxtlari tagidan 3 yoshli o‘g‘il bolaning jasadi topildi.

O‘tkazilgan tezkor qidiruv-surishtiruv harakatlari davomida, bolani o‘ldirgan qotil o‘zining onasi ekani ma'lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda Darakchi nashri.

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani, Ma'murobod qishlog‘i Namuna ko‘chasi 18-uyda istiqomat qiluvchi Saidaxon Tillavoldiyeva Murodjon qizi o‘zining o‘g‘li bo‘lgan, 2015 yil 4 noyabrda tug‘ilgan Firdavsbek Ibrohimjonovni bo‘g‘ib o‘ldirgan. Jinoyatni yashirish maqsadida, bolaning jasadini archa tagiga yashirib qo‘yadi.

Tezkor tadbirlar davomida, 3 aprel kuni Saida Tilavoldiyeva Toshkent shahrida qo‘lga olingan. 

Saidaxon Tillavoldiyeva turmushidan ajrashib, ota uyida yashay boshlagan. Joriy yilning 23 mart kuni esa oilaviy nizo tufayli 3 yoshli o‘g‘li bilan ota uyini tark etib, vaqtincha ishlash maqsadida Toshkent shahriga boradi. Lekin farzandi bilan o‘ziga mos ish topa olmaydi. 2 aprel kuni u farzandi Firdavsni vaqtincha qarab turishi uchun tanishi J.Uga qoldirish maqsadida Toshkentdan Uchko‘prik tumaniga keladi. Tanishi J.Uni topa olmagach, yo‘nalishli avtobusda Qo‘qon shahriga kelib, Qo‘qon–Toshkent avtobekati hududida o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldiradi va ishlash maqsadida yana Toshkent shahriga qaytadi.

«Sevimli» telekanalining «Zamon» informatsion dasturi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan lavhada, ona o‘z qilmishining sabablarini aytib berdi.

«Bolani tashlagani Toshkentdan qaytib keldim. Uchko‘prikka tashlagani kelsam, opa yo‘q ekan. Keyin uni mashinada Andijonga yubormoqchi edim, ammo bola unamadi. Keyin buni qayga olib boraman, ishlashim kerak, menga joy yo‘q, buni qayerda qoldiraman, deb o‘yladim va bolani o‘ldirishga majbur bo‘ldim. Qo‘limda bo‘g‘ib o‘ldirdim, shunga majbur bo‘ldim. Uyga qaytay desam, ayam kiritmasdi. Dadam qabul qilishi mumkin edi, ammo ayam kiritmasdi, baribir bola ko‘chada xor bo‘lib o‘lardi. O‘ldirganimdan keyin, bag‘rimga bosib o‘tirdim, kechirim so‘radim...» - dedi Tillavoldiyeva.

Ayni paytda qotil ona hibsda saqlanmoqda. Mazkur jinoyat buyicha esa tergov harakatlari olib borilmokda.

Mavzuga oid