Jamiyat | 22:08 / 06.04.2018
15729
4 daqiqa o‘qiladi

Farzandiga shifo tilab yig‘lar onalar  

Yashashni daraxtdan o‘rgansak bo‘larkan. Chunki daraxt umrining so‘ngiga qadar va hatto ildizidan uzishganidan keyin ham odamlarga xizmat qiladi, foydasi tegadi.  Xudo bergan kun. Xudo bergan taqdir. Xudo bergan rizq. Bu o‘tkinchi dunyoda qayerda nasibamiz bo‘lsa, o‘shani, albatta, olguvchimiz. Har bir tirik mavjudot borki bu qismat uning taqdirida bor. Oddiy qushni oling. Nasibasini olish uchun ongli mavjudot bo‘lmish insonlar oyog‘i ostiga kelib, rizq teradi. Demoqchimizki, umr yo‘limizda nimaiki bo‘lsa Yaratganga isyon qilmaymiz. Itoat etamiz. Zero itoatda mukofot bor. 

Taslim bo‘lmagan nigohlar bugun yana quvonchga to‘ldi. Yaxshi insonlarning hadyasi o‘z egalariga berildi. Ammo jigarbandlari oqqon kasaliga yo‘liqqan ikki ayol bilan suhbatlashar ekanmiz, yana o‘yga toldik.

- Bolam birinchi sinfga chiqqach, oradan ikki oy vaqt o‘tib, holsizlanadigan, ko‘p uxlaydigan bo‘lib qoldi, - dedi ulardan biri Nodira Abduqodirova. – Shundan so‘ng shifokorga olib borsam revmatizm tashxisini qo‘ydi va biz bir yil revmatizmga qarshi davolandik. Ammo samarasiz bo‘ldi. Shundan so‘ng yana shifoxonaga yo‘l oldik. Shifokorlar bu mening kasalim emas, deya aniq tashxis qo‘ya olishmadi.

Sharipova Nilufar

Qizim bilan rosa sarson bo‘ldik. Uning o‘qishlari qolib ketdi, salomatligi og‘irlashib bordi. Shunda gematolog uning oqqon bo‘lganini aytdi va mana biz shu yerda davolanyapmiz. Turmush o‘rtog‘im mavsumiy ishlarda ishlaydi. Sharoitmiz yaxshi emas. Hech kimning farzandi bu holga tushmasin ekan...

Rasulova Zaynura va uning onasi Iroda Rasulova

Ikkinchi ayol – Iroda Rasulova qizi haqida yig‘lab gapirar ekan shunday deydi:

- Qizimda bu kasallik 2017 yilning mart oyida boshlangan. 14 mart kuni Andijondagi shifoxonada tekshirtirganimizda uning qonidan shu kasallik kelib chiqqan. O‘shandan buyon shifoxonadamiz. Qarindosh-urug‘lar yordam qilishdi, ammo dori-darmonlari uchun baribir qo‘limiz kaltalik qilyapti. Shifokorlar aytishyaptiki, agar biz davolanish kursini to‘liq o‘tasak u yaxshi bo‘lib ketar ekan. Ammo buning uchun bizda mablag‘ yetarli emas. 

Aziz do‘stlar! Aktsiyamiz davom etadi. Har bir soniya g‘animat. Har bir daqiqa qadrli. Bir haqiqat bor: yashashni istayotganlar sizni kutmoqda! Bizning safimizda bo‘ling!

Qo‘shimcha ma'lumotlar:

Sharipova Nilufarning onasi Nodira Abduqodirova
Rasulova Zaynura va uning onasi Iroda Rasulova

Qo‘shimcha savollar uchun sayt ishonch telefoni: +998 95 146 23 23

Ushbu xayriya natijasida kerakli mablag‘ yig‘ildi. Xayriyada ishtirok etgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildiramiz. 22.04.2018

Mavzuga oid