Sport | 14:05 / 11.04.2018
29377
5 daqiqa o‘qiladi

«Barselona»ning Chempionlar Ligasidagi eng sharmandali 10ta mag‘lubiyati

Foto: Giuseppe Maffia/ Getty Images

«Barselona» klubi Chempionlar Ligasi chorakfinali javob bahsida «Roma»ga 0:3 hisobida yutqazib, musobaqani tark etdi. Bu mag‘lubiyat kataloniyaliklarning musobaqa tarixidagi eng katta omadsizliklari qatoridan joy oldi.

Rossiyaning «Chempionat» sayti ularning 10tasini esga oldi.

1992/93 mavsumi. «Barselona» – TsSKA – 2:3

Arxiv foto

Sovrinning amaldagi sohibi shov-shuvli tarzda Rossiyaning yosh jamoasiga yutqazib, saralash bosqichidayoq turnirni tark etdi va guruh bosqichiga chiqolmadi. Moskvadagi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgandi, o‘z maydonida esa, «Barselona» 1-bo‘limdayoq 2:0 hisobida oldinda edi. Ammo, Bushmanov, Mashkarin va Karsakovning gollari evaziga TsSKA yilning asosiy sensatsiyasini sodir qildi.

1993/94 mavsumi. «Barselona» – «Milan» – 0:4

Arxiv foto

Keyingi mavsumda kataloniyaliklar Chempionlar Ligasi finaliga chiqdilar va «Milan» klubidan qaqshatqich zarba yedilar. O‘yindan oldin, ko‘plab mutaxassislar Yohan Kroyff shogirdlarini asosiy favorit deb hisoblashayotgandi. Ammo, maydonda Fabio Kapello qo‘l ostidagi «Milan» ustunlik qildi. 1-bo‘limda Daniel Massaro tomonidan urilgan 2ta gol sharmandali natijani boshlab bergan edi.

1997/98 mavsumi. «Dinamo» Kiyev – «Barselona» – 3:0 va 4:0

Arxiv foto/DynamoFan75

Valeriy Lobanovskiy qo‘l ostidagi Kiyevning «Dinamo» klubi guruh bosqichining har ikkala o‘yinida ham «Barselona»ni yanchib tashladi. Kiyevda Sergey Rebrov, Yuriy Maksimov va Yuriy Kalitvintsevning gollari mezbonlarning 3:0 hisobidagi g‘alabasini ta'minladi. «Kamp Nou»dagi 0:4 hisobi esa «Barselona»ning yevrokuboklar tarixida, o‘z maydonidagi eng yirik mag‘lubiyati bo‘ldi. Kataloniya poytaxtida Andrey Shevchenko het-trikka erishdi.

1999/2000 mavsumi. «Valensiya» – «Barselona» – 4:1

Lui van Gaal boshchiligidagi «Barselona» musobaqa yarimfinalida Ektor Kuper qo‘l ostidagi «Valensiya»ga yutqazib, finalga chiqolmadi. Qarama-qarshilik taqdiri dastlabki o‘yindayoq hal bo‘ldi. «Ko‘rshapalaklar» o‘z maydonida 4:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Kataloniyaliklar 1-bo‘limdayoq uchta to‘p o‘tkazib yuborishdi. O‘z maydonida esa atigi 2:1 hisobida zafar quchdilar.

2001/02 mavsumi. «Roma» – «Barselona» – 3:0

Rimliklar o‘z maydonida avval ham «Barselona»ni yirik hisobda mag‘lub etishgandi. Bu 2001/02 mavsumi guruh bosqichida yuz berdi. Pepe Reyna darvozasiga barcha gollar 2-bo‘limning so‘nggi yarim soati ichida urildi. Gollarga Emerson, Vinchentso Montella va Damiano Tommazi mualliflik qilishdi. Aytgancha, o‘sha paytda «Roma»ni Fabio Kapello boshqarayotgan edi.

2012/13 mavsumi. «Bavariya» – «Barselona» – 4:0 va 3:0

Foto: EPA

Besh yil oldin «Barselona» Chempionlar Ligasi yarimfinalida «Bavariya»ga umumiy 0:7 hisobida yutqazdi. Yupp Haynkes qo‘l ostidagi myunxenliklar raqibga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi va dastlabki o‘yindayoq 4:0 hisobida g‘alaba qozonib, bellashuv taqdirini hal qilishdi.

2016/17 mavsumi. «PSJ» – «Barselona» – 4:0

Foto: Mehdi Taamallah/ Getty Images

O‘tgan mavsumda «Barselona» Chempionlar Ligasini nimchorakfinaldayoq tark etadigandek tuyulgandi. «PSJ» klubiga qarshi dastlabki o‘yindayoq kataloniyaliklar 4:0 hisobida tor-mor etildi. Ammo, «Barsa» o‘z maydonida haqiqiy mo‘'jiza sodir etib, 6:1 hisobida g‘alaba qozondi.

2016/17 mavsumi. «Yuventus» – «Barselona» – 3:0

Foto: Juventus.com

Chorakfinalda «Barselona» Turinda «Yuventus»ga 0:3 hisobida yutqazdi. Paulo Dibala o‘yinda 2ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. «Kamp Nou»da italiyaliklar himoyada ishonchli o‘ynab, 0:0 hisobini saqlab qolishdi va «Barselona»ni musobaqadan chiqarib yuborishdi.

Mavzuga oid