Sport | 13:16 / 11.04.2018
43751
9 daqiqa o‘qiladi

«Zaharli desert». «Barselona»ning alamli oqshomi haqida

Kataloniya gazetalari chorak finali qur'a natijalarini juda iliq kutib olishgan, Rim jamoasini juda oson hazm bo‘ladigan desertga qiyoslashgan ekan. 

Foto: Skrinshot

«Roma» har qancha kuchli o‘ynamasin, agar u «Barselona»ni 3:0 hisobida yutar ekan, sabablarni raqibdan ham qidirib ko‘rishga to‘g‘ri keladi, menimcha. Kechagi kambekni so‘nggi yillarda kuzatganimiz – «Barselona»ning «PSJ» yoki «Milan»ga qarshi o‘yinlardagi irodasiga o‘xshatib bo‘lmaydi. Agar «Manchester Siti» «Liverpul»dagi 0:3 hisobini o‘z foydasiga o‘zgartira olganda ham, Rimdagi o‘yin butunlay boshqacha ekanini sezib turgan bo‘lardik baribir.

Sababi, «PSJ» ham, «Milan» ham, «Liverpul» ham paydo bo‘lgan bu ustunlik hali yetarli emasligini bilib turishar, bor diqqatini javob o‘yiniga qaratishgan ham edi. Muhit, o‘yin oldi holatlarning barchasi «kambek bo‘ladimi yoki yo‘qmi» degan savol atrofiga qurilgandi. Rimdachi? «Roma» bu o‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rgan bilmadim-u, «Barselona» futbolchilarining xayolida javob o‘yinidan-da ko‘proq, «Real»ning chempionlik «koridori» bo‘lgani shubhasiz. YeChL favoritining chorak finalga chiqishi ham katta muvaffaqiyat bo‘lgan oddiy klub ustidan yirik g‘alabasi va rasmiy javob o‘yini... Shu xolos. Bunday holatda diqqatni jamlash Valverdening o‘ziga ham oson bo‘lmagandir?

Agar parallel topish lozim bo‘lsa, 2003/04 yilgi mavsumda «Milan»ning «Deportivo» bilan o‘yinlari yodga tushadi. O‘shanda, «Milan» dastlabki o‘yinda ispanlar ustidan 4:1 hisobida ustun kelgan. Javob o‘yinida milanliklar kutilmagan qarshilikka duch kelishadi. «Deportivo» birinchi bo‘limdayoq uchta gol urib vaziyatni o‘z tomoniga og‘diradi. Ikkinchi bo‘limda to‘rtinchi gol ham kiritiladi. O‘yindan keyin italiyaliklar bosh murabbiyi Karlo Anchelotti qiziq gap aytgandi: «Agar birinchi o‘yinda kichik hisobda yutganimizda imkoniyatimiz ko‘proq bo‘lardi. Biz o‘zimizga ortiqcha ishonib yubordik, o‘yin paytida esa, ortga qaytishning imkoni bo‘lmadi. Raqib o‘z kuchiga ishonib bo‘lgandi».

Nafaqat Anchelotti, juda ko‘p italiyalik murabbiylarning 1:0dan ko‘ra, 2:0dan qo‘rqishlari haqida eshitganman. Minimal hisobda jamoa bor diqqatini natijani saqlab qolishga jamlaydi, ikkinchi gol esa bo‘shashtirib yuborishi mumkin. Agar raqib hisobni qisqartirsa, endi avvalgi 1:0 hisobidagi holatga qaytib bo‘lmaydi – raqib kuchayib ketadi.

Bu yerda gap faqat ruhiyatda emas. Tasavvur qiling, agar «Barselona» birinchi o‘yinda 2:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lganida? Oltinchi daqiqadayoq vaziyatda orqada bo‘lib qolgan «Barselona»da vaziyatni o‘nglash uchun 85 daqiqa bo‘lmasmidi? Kecha esa, faqat o‘n daqiqa qolgandi. Va albatta, butun mavsum yutqazmagan «Barselona» darvozasiga uchta gol urishni uddasidan chiqqan «Roma»ni butun dunyo to‘xtata olmasdi endi. Bu birinchidan.

Foto: Reuters

Ikkinchidan, «Barselona»ning nisbatan juda oson mavsum o‘tkazayotgani. Xuddi shu sababni ikkinchi uchrashuvda vazifani uddalay olmagan «Manchester Siti»ga ham tirkash mumkin. Har ikki jamoa ichki chempionatda juda ishonchli o‘yin ko‘rsatishmoqda va ikki raqamli son bilan ta'qibchilarini ortda qoldirib kelishmoqda.

Muammo shundaki, «Barselona» ham, «Manchester Siti» ham mavsum davomida futbol o‘ynashdi xolos, maydonda jang qilishmadi. Ta'qibchilaridan oradagi farqlar ularga xato qilish huquqini taqdim etar, har qanday o‘yinda yutqazish imkoniyatiga ega edilar. Ularga qarshi esa, deyarli har hafta kuchli to‘rtlik uchun hayot-mamot janglarini o‘tkazayotgan, ikki oydan buyon biror ochko yo‘qotishga haqqi bo‘lmagan o‘yinlarda jang qilib kelayotgan «Roma» va «Liverpul» saflangandi. To‘g‘ri, «Barselona» yo «Manchester Siti» o‘sha komfort holatda ham o‘z o‘yinlarini yutib kelishayotgandi, lekin bosimsiz, yetarlicha ustunlik bilan, zavq olib o‘ynash boshqa, yutqazishga umuman haqqing yo‘q o‘yinlarda kurashish boshqa. Turnir jadvalida oldinga chiqib olgach, hatto «Lester» ham vaqtincha top-jamoaga aylanib qolganini va hech kimga yutqazmaganini eslang. 

«Barselona» ham, «Manchester Siti» ham ushbu mavsumda Yevropada eng yaxshi futbol o‘ynayotgan ikki jamoa, lekin eng yaxshi jang qilayotgan, eng yaxshi kurashayotgan jamoalar emasdi. Ichki chempionatlarda ular bilan kurashadigan raqibning o‘zi yo‘q edi axir.

Aynan shu turnir jadvalidagi ustunlik jamoalar natijalaridagi o‘zgarishlarni sezilarsiz qoldirdi. Aslida 2018 yilda «Manchester Siti» «Manchester Yunayted» va «Tottenhem»dan, «Barselona» esa, «Real» va «Atletiko»dan kamroq ochko to‘plaganini hech kim sezmay turdi – axir peshqadamlik saqlanib turibdi, chempionlikka bir qadam, shunday emasmi?

Esingizda bo‘lsa, «Manchester Siti» noyabr oyida bir qator o‘yinlarda ketma-ket so‘nggi daqiqalarda gol urib, g‘alaba qozongandi. O‘sha ochkolar juda ham zarur bo‘lgan, o‘sha o‘yinlardagi g‘alabalar evaziga, «Siti» ta'qibchilaridan ancha oldinga o‘tib ketgandi. Menimcha, agar o‘sha o‘tgan yilning oxiridagi irodali «Siti» bugungi «Liverpul»ga qarshi bo‘lganida, Pep Gvardiola jamoasida imkoniyat yaxshiroq bo‘lardi. Bugungi «Siti»ni kuchsizroq demayapman, aslo. Kechagi birinchi bo‘lim manchesterliklarning juda qiyin vazifani bajara oladigan salohiyatga ega ekanini namoyish qildi, balki hakam xato qilmaganda, ikkinchi gol hisoblaganda butunlay boshqacha natijaning guvohi bo‘lishimiz mumkin edi. Bu yerda gap xarakterda. «Manchester Siti» har qanday raqibni yirik hisobda yengishi mumkin, lekin ilk zarbadan keyin o‘rnidan turishi oson bo‘lmaydi. O‘rganmagan zarba yeyishga. Xuddi shu holat kecha Salohning golidan keyin ham, avvalgi kuni Pogbaning dublidan keyin ham kuzatildi.

Foto: Reuters

«Roma»ga esa faqat qoyil qolish mumkin. Bundan roppa rosa 11 yil avval, 2007 yilning 10 aprelida Yevropa Chempionlar Ligasi chorak finalida «Roma» o‘ta qaqshatgich zarbaga uchragandi, «MYu» ularni 7:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. O‘shandan beri bu sana «Roma» uchun qora ranglarda bo‘lgan, eslashni ham istashmasdi. Endi esa, 10 aprel deganda o‘sha «Old Trafford»dagi sharmandali oqshom emas, kechagi kambek eslanadi, bayram qilinadi.

Foto: Reuters

Tarix shunday o‘chiriladi. Tarix shunday yoziladi. 

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid