Jahon | 09:08 / 16.04.2018
18717
3 daqiqa o‘qiladi

G‘arb Yaqin Sharqni ostin-ustun qilib tashladi – Chexiya prezidenti 

Foto: RIA Novosti / Pavel Lisitsyn

G‘arb davlatlari avval Iroq va Liviyada sodir etganlari hisobga olinsa, Yaqin Sharqni  ostin-ustun qilib tashladi. Bu haqda 15 aprelda Chexiya prezidenti Milosh Zeman F1 radiosida Suriyaga berilgan zarbalarga izoh berishi vaqtida aytib o‘tdi.

“G‘arb Yaqin Sharqni tasavvur qilib bo‘lmas darajada ostin-ustun qilib tashladi. U dastlab Iroqda ommaviy qirg‘in quroli borligini ta'kidlab, Iroqqa bostirib kirdi, vaholanki u yerda bunday qurol oxir-oqibat topilmagan. Bu operatsiya ko‘plab qurbonlarga, jumladan amerikalik harbiylarning halok bo‘lishiga olib keldi. Endi u yerda kurdlar iroqliklar bilan, iroqlik shialar va sunniylar bir-birlari bilan urushmoqdalar. Men ulkan moddiy ziyonlar haqida gapirmayapman”, deb aytgan Zeman.

Zemanning aytishicha, G‘arb bu bema'nilikdan xulosa chiqarish o‘rniga Liviya deb atalgan keyingi xatoga yo‘l qo‘ydi. “Fransiya boshchiligida Yevropa ittifoqining “ajoyib aralashuvi” tufayli hozirda Liviyada nafaqat normal hukumat mavjud, balki uning hududi orqali Yevropaga minglab va minglab noqonuniy muhojirlar yo‘l olmoqda”, deb o‘z so‘zlarini davom ettirgan Zeman. 

“Ziyoli odam bir xato qilib, keyin uni boshqa qaytarmaydi. Ongi pastroq, to‘g‘rirog‘i tentakroq odam esa bir xatoni qatorasiga ikki marta takrorlaydi. Biroq bir xatoni 3 marta takror qaytaradiganlar haqida nima deyish mumkin? Efirda yomon so‘zlar aytmaslik uchun yaxshisi men buni aytmayman. Bunda qo‘llash mumkin bo‘lgan eng “yumshoq” so‘z – “ahmoqlik”dir”, deb aytgan Chexiya yetakchisi.  

Uning fikricha, biror davlatga qurolli hujum faqatgina BMT Xavfsizlik kengashi roziligi bilan sodir etilishi kerak. Bundan yagona istisno, misol uchun, Afg‘onistondagi terrorchilarga zarba berish hisoblanadi.

“Biroq Suriya unday holat emas. Chunki bu yerda, birinchidan, radikallar prezident Asad tomonida emas, unga qarshi urushmoqdalar. Ikkinchidan, ular bu yerda burchakka taqalganlar. Bundan tashqari, Suriyaga birinchi qochqinlar qaytmoqda. Agar qandaydir kovboycha loyiha bu tendensiyani tormozlayotgan bo‘lsa, unda bu xatodan bo‘lak narsa emas”, deb ta'kidlab o‘tgan Zeman.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid