O‘zbekiston | 16:54 / 18.04.2018
31673
2 daqiqa o‘qiladi

Din ishlari qo‘mitasi raisining yangi o‘rinbosarlari haqida ma'lumot berildi

Nuriyman Abulhasan / Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 apreldagi qaroriga muvofiq Muzaffar Muratovich Kamilov Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari etib, Nuriyman Abdurahim Abulhasan qo‘mita raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Adliya vazirligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, Muzaffar Kamilov ilgari Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida boshqarma boshlig‘i, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetlarida prorektor lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Nuriyman Abdulhasan Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markaziga direktorlik qiladi. U 1994 yilda Toshkent islom institutini (oliy ma'had), 1997 yilda Misr Al Azhar universitetini tamomlagan bo‘lib, ilgari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Prezident devonining Millatlararo va din masalalari bo‘yicha xizmatida va Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritgan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, u islom dini sohasida mintaqadagi yetuk mutaxassislardan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, bugun bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida 2003 yildan buyon qo‘mita raisi vazifasida faoliyat yuritib kelgan Ortiqbek Yusupov lavozimidan ozod etildi va uning o‘rniga Jasur Akromov qo‘mitaning yangi raisi etib tayinlandi.

Ma'lumot uchun, Hukumat tomonidan 2004 yil 23 apreldagi 196-son qaror bilan tasdiqlangan  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, Qo‘mita har bir shaxsning vijdon va diniy e'tiqod erkinligi huquqi, fuqarolarning dinga bo‘lgan munosabatidan qat'i nazar tengligini ta'minlash, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vazifalarni hal etish vakolati berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Mavzuga oid