Jahon | 22:02 / 26.04.2018
5182
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy hukumati o‘z kompaniyalari ulug‘ligi haqidagi milliy filmni prokatdan oldi

Foto: Videodan kadr

Xitoydagi kinoteatrlar va onlayn-premeralar qiluvchi saytlar egalari hukumatning "Ajoyib Xitoy" milliy filmini prokatdan olishga doir talabi haqida ma'lum qilishdi. Kartinada AQSh sanksiyalar joriy qilgan ZTE kompaniyasi nomi ham tilga olingan. China Digital Times va Asia Times kabi qator nashrlarda shu haqida xabar berildi.

"Ajoyib Xitoy" — Si Tszinpin hukumat tepasiga kelganidan keyingi Xitoyning texnologiyalar, ilm-fan va harbiy sanoat sohalaridagi ulug‘vorligi haqida so‘zlovchi 90 daqiqalik hujjatli film. Kartina mart oyida prokatga chiqdi va kassa yig‘imlari bo‘yicha rekordni yangilab, 70 million yuan (75 million dollar) keltirishga ulgurdi.

Mahalliy OAVda filmni Kommunistik partiyaning barcha a'zolari va amaldorlar tomosha qilgani, shuningdek maktab o‘quvchilari va talabalar ham olib borilayotgani haqida yozilgan.

Manbada ta'kidlanishicha, "Ajoyib Xitoy"da asosiy urg‘u Tszinpinning Xitoy iqtisodiyoti va IT-sohasi muvaffaqiyatiga ko‘rsatgan ta'siriga qaratilgan. Aksariyat kompaniyalar o‘z xodimlarini kartinani ko‘rishga majburiy yuborishgan. 

Maoyan reyting sayti unga maksimal 10 balldan 9,6 ball qo‘ygan, uning raqibi Douban esa baholash tizimini o‘chirib qo‘ygan.

AQSh savdo vazirligi ZTE kompaniyasiga yetti yillik taqiq qo‘ydi. Kompaniya Amerika sanksiyalaridan norozi bo‘lib, bu muammoni hal qilmoqchi ekanini ma'lum qilgan.

 

Mavzuga oid