Sport | 16:29 / 03.05.2018
9921
12 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Daniya

Jahon chempionati boshlanishiga sanoqli kunlar qolmoqda. Tribuna.Uz an'anasiga sodiq qolgan holda to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida ishtirok etadigan terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar navbat Ko‘hna qit'aning eng ko‘hna terma jamoalaridan biri — Daniyaga.

DANIYa:
Tashkil topgan davr: 8-asr
Poytaxti: Kopenhagen
Boshqaruv shakli: Konstitutsion monarxiya
Aholisi: 5.7 million (110-o‘rin)
Aul birligi: Krona

DANIYa TeRMA JAMOASI.

Foto: Andreea Alexandru/AP

Laqabi – «Daniya Dinamiti»
Konfederatsiya – UYeFA 
Federatsiya – Daniya futbol Ittifoqi
Yevropa Chempioni - 1992
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p ishtirok etgan – Peter Shmayxel (129)
Eng ko‘p gol kiritgan – Yon Dal Tomasson (52)
Ilk o‘yin – 1908 yil. 19 oktabr. Daniya - Fransiya - 9:0
Eng yirik g‘alaba – 1908 yil. 22 oktabr. Daniya - Fransiya - 17:1
Eng yirik mag‘lubiyat – 1937 yil. 16 may. Germaniya – Daniya – 8:0
Jahon chempionatida: Chorak final (1998)

TARIXI
Daniya futboli taraqqiy etish bo‘yicha Yevropada eng qadimiylardan sanaladi, mamlakatning ko‘plab klublari jahonning eng qadimiy klublaridan hisoblanishadi. Ammo o‘lkada xavaskorlik tamoyillarining asosiy o‘rin tutganligi sababli, uzoq vaqt daniyaliklar futbolni professional asosga qurib olgan boshqa davlatlarga qarshilik qila olmay kelishdi. Shuning uchun ham o‘tgan asr boshidagi Daniya yutuqlari asosan olimpiada bahslariga to‘g‘ri keladi. Ular 1906 yilda Olimpiada g‘olibi bo‘lishgan, keyingi 2ta olimpiadada esa kumush medal egasi bo‘lishgan.

Foto: Wikipedia

70-yillarga kelib mamlakat futboli taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarildi. 1977 yilda ilk bor «Oltin to‘p»ga daniyalik futbolchi, Allan Simonsen loyiq ko‘rildi. Aynan o‘sha yillardan boshlab, Daniya klublari professional maqomini ola boshlashdi, legionerlarni olib kelish va kuchli futbolchilarni Yevropaning kuchli chempionatlariga transfer etilishiga ruxsat berildi va aynan mana shu o‘ziga xos burilish Daniya futbolining tezlik bilan rivojlana borishiga katta turtki berdi. Yevropaning kuchli klublarida o‘ynay boshlagan Mikael Laudrup, Preben Elkyayer, Yyesper Olsen, Morten Olsen va Seren Lerbyu kabi futbolchilar 80-yillarning boshiga kelib o‘ziga xos ansambl yaratishdi, butun dunyoni o‘zlari haqida gapirishga majbur etdi va terma jamoa «Daniya dinamiti» degan laqabni oldi.

«Taqdimot marosimi»  Fransiya mezbonlik qilgan Yevro-84 bahslarida bo‘lib o‘tdi. Nemis mutaxassisi Yozef Piontek boshchiligidagi «dinamit» ilk uchrashuvda maydon egalariga kichik hisobda imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, keyinchalik daniyaliklarni to‘xtatib bo‘lmadi va ular yarim finalgacha yetib borishdi...

Meksikadagi jahon chempionati ham Daniyaning yorqin o‘yinlari bilan boshlandi. Ilk uchrashuvda yagona gol tufayli Shotlandiyani mag‘lub etgan jamoaning ikki karra jahon chempioni Urugvayga qarshi kechgan uchrashuvi umuman benefisga aylanib ketdi – 6:1. Elkyayer esa het-trik muallifiga aylandi. Guruhning so‘nggi uchrashuvi GFR ga qarshi kechdi. Guruhning g‘olibini aniqlashi kerak bo‘lgan uchrashuv ko‘pchilik uchun kutilmaganda Daniyaning 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yindan so‘ng, nemislar murabbiyi «Kayzer» Frants o‘yin oldidan shogirdlarida g‘alabaga bo‘lgan ishonch va xotirjamlik keragidan ortiq bo‘lganini tan olgandi.

Foto: Getty Images

Shunisi qiziqki, Daniya terma jamoasining taqdiri ko‘p jihatdan hollandlarga o‘xshab ketadi. Har ikki davlat futboli 70-yillardan so‘ng kuchaya boshlagan. O‘xshashlik faqat shunda emas. Uyog‘ini eshitib, hayratga tushmay ilojingiz yo‘q.

Xullas, Yevro-88 Niderlandiya terma jamoasining g‘alabasi bilan yakunlangach, keyingi turnir Shvetsiyada tashkillashtirildi. Saralash bosqichida Yugoslaviyani kuzatib qo‘ygan daniyalik yulduzlar yozgi ta'tilga tayyorgarlik ko‘rayotgan palla edi. Birdan UYeFA Yugoslaviya jamoalarini qaramog‘idagi barcha turnirlardan chetlashtiradi va Shvetsiyaga Daniya borishini e'lon qilib yuboradi. Murabbiy Rixard Miller-Nilsen shogirdlarini yig‘ishtirib, inglizlarga qarshi ilk o‘yinda maydonga tushirib yuboradi. Natijasiz. Hisob ochilmaydi. Keyingi turda maydon egalaridan mag‘lubiyat qabul qilishadi. Nimayam qilishardi, axir, tayyorgarlik ko‘ngildagidek bo‘lmagan, hech kim ulardan yuqori natija talab qilishga haqqi yo‘q. Ammo kutilmaganda jamoa o‘ynab ketib qolsa bo‘ladimi...

Guruhning so‘nggi uchrashuvi musobaqa favoriti Fransiyani «ko‘mish» bilan yakunlanadi – 2:1. Yarim finalda esa o‘sha «akalari», Yevropaning amaldagi chempioni, narigi guruhda yaqqol favoritlik qilgan Niderlandiyaga qarshi saf tortishadi. Go‘yoki xazillashayotgandek harakat qilib hisobda mushuk-sichqon o‘ynagan Daniya penaltilar bahsida «paq» etib yutib qo‘yadi. Yevropaning eng yaxshi futbolchisi Marko van Basten «lotoreyalar bahsida» xatoga yo‘l qo‘yganligiga nima deysiz? Yevropa Peter Shmayxelga tan berishni boshlaydi.

Foto: Getty Images

Finalda nemislar doimo barqaror va kuchli bo‘lishadi. «Biz 6 yil oldingi xatoni eslaymiz va raqibni kuchli deb maydonga tushamiz», degandi Berti Forgts, nemislarning yangi bosh murabbiyi. Haqiqatdan ham o‘sha kuni daniyaliklar kuchli edilar, Yyensen va Vilfortlar kiritgan ikki to‘p ularni Yevropa chempioniga aylantiradi – 2:0. Bu hisob sizga tanish tuyulmayaptimi?
   
Terma jamoaning asosiy yulduzlari Shmayxel va aka-uka Laudruplarning faoliyatlarining yakunlanishi oqibatida mamlakat futbolida ham sezilarli «spad» vujudga keldi. Yevro-2004dagi shvedlar bilan birga italiyaliklarni guruhda qoldirib ketishlari, 2010 yildagi mundialdagi ishtirokdan boshqa daniyaliklar haqida eslagulik biror hodisa yo‘q. So‘nggi ikki yirik musobaqa – JCh-2014 va Yevro-2016 ham Daniya terma jamoasisiz o‘tdi.

Foto: Christof Koepsel/Getty Images

BUGUNGI DANIYa
Bugungi Daniya terma jamoasi ko‘rsatayotgan o‘yin uslubi va yetakchi futbolchilariga qarab turib, so‘nggi o‘n yillikdagi biz bilgan – jismoniy kuch va tezkorlikni targ‘ib qiladigan, asossan ingliz maktabida shakllangan Daniyani topa olmaysiz. Daniya skandinav yoki britan futbolidan chekinib, ko‘proq Yevropaga yaqinlashayotgandek, o‘sha 90-yillardagi kabi Niderlandiya maktabiga o‘xshab qolayotgandek.

Yarimhimoyadagi, umuman terma jamoadagi yetakchi futbolchi Kristian Eriksen APL da o‘ynasa-da, «Ayaks» tarbiyalanuvchisi va bilamizki, «Tottenhem» ham ko‘proq kombinatsion futbol namoyish etadin. Uning markazdagi sherigi Lasse Shyone ham bir paytlar Eriksenning klubdoshi bo‘lgan va hozir ham «Ayaks» yetakchilaridan biri sanaladi. Hujum chizig‘idagi Nikolay Yyergenssen «Feyyenord» bombardiri bo‘lsa, «Kopenhagen»da o‘ynayotgan Viktor Fisher ham aslida «Ayaks»da tarbiya topgan.

Har bir pozitsiya kabi Daniyaning himoya chizig‘ida ham sheriklarini oldinga boshlaydigan va o‘yinni boshqara oladigan yulduzlar bor. «Lester» tarkibida Angliya chempioni bo‘lgan darvozabon Kasper Shmayxeldan tashqari, markaziy himoyachi Andreas Kristiansenga ham e'tibor qaratish zarur. U ushbu mavsumda «Chelsi»ning asosiy himoyachilaridan biriga aylandi. Jamoa sardori, «Sevilya» yetakchilaridan biri Simon Ker bilan tandem o‘laroq, Kristiansen jahon chempionatidagi eng yaxshi himoyachilardan biriga aylanishi mumkin. 

Foto: Getty Images

E'TIBOR BeRISh LOZIM: Pione SISTO
Kelib chiqishi ugandalik bo‘lgan 23 yoshli futbolchini Yevropa dastlab o‘tgan mavsumda, «Midtyulland»ning «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinlarida tanib olgandi. Ayniqsa, Daniyada bo‘lib o‘tgan o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozonishgan, Sisto esa, o‘z qanotida «MYu»ning nomdor himoyachilarini «yosh bola» qilish bilan birgalikda, hal qiluvchi gol muallifi ham bo‘lgandi.

Aslida Sisto futbol skautlari uchun notanish emasligi va «Barselona». «Milan», «Yuventus», «Portu» kabi Yevropa grandlari allaqachon Sisto bilan qiziqib yurganliklari haqida ham xabarlar tarqaldi. 2016 yilda u «Selta» bilan shartnoma imzoladi va hozirda La Ligada ikkinchi mavsumini o‘tkazmoqda. 
Uning o‘yin uslubi, afrikaliklarga xos texnikasi balki Daniya terma jamoasi futboliga biroz mos emasdir, ammo aynan mana shu farq Sistoning porlashiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Yosh futbolchi uchun yangi bosqichga qadam qo‘yish va qaytadan Yevropa grandlari e'tiborini o‘ziga qaratish uchun yaxshi imkoniyat.

MURABBIY
Norvegiyalik murabbiy Oge Fritof Xareyde bir ko‘rsatkich bilan Sven Yoran Eriksson bilan birga tilga olinadi – u Yevropadagi uch mamlakat milliy chempionatini yutgan murabbiydir. Faqat Xappel, Trappatoni, Anchelotti va Joze Mourinolar to‘rttadan ligada chempion bo‘lishgan. Xareyde Skandinaviyaning har bir davlatida, Norvegiya, Shvetsiya va Daniyada chempion bo‘lgan. 
2014 yilda u Shvetsiyada eng yaxshi murabbiy deb ham topilgan. Xareyde 2015 yildan buyon Daniya terma jamoasini boshqarib kelmoqda va nihoyat JCh-2018 saralashida jamoa muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Polsha, Ruminiya va Chernogoriya kabi terma jamoalar bilan bir guruhda o‘ynagan Daniya 2-o‘rinni band etdi va pley-offda Irlandiyani yengib mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Foto: Mike Hewitt/Getty Images 

O‘z vaqtida «Manchester Siti», «Lids» kabi jamoalarni boshqarishga urinib ko‘rgan murabbiy nihoyat katta yarmarkada butun dunyoga o‘z bilimlarini namoyish etish imkonini qo‘lga kiritdi. 

JCh-2018

Foto: Getty Images

Daniyaliklar S guruhida Fransiya, Peru va Avstraliya terma jamoalari bilan birga joylashishgan. Frantsuzlar bilan bir guruhda o‘ynash ko‘pincha Daniyaga omad keltirganini ta'kidlash lozim. Misol uchun, o‘sha yuqorida eslangan Yevro-92 da ham, 1998, 2002 yillardagi mundiallarda ham bu jamoalar birga joy olishgan va har safar Daniya bu bosqichni muvaffaqiyatli yakunlagandi. 
Dastlabki o‘yin 16 iyun kuni Saranskda Peruga qarshi kechadi. 21 iyunda esa, Samarada Avstraliya – Daniya uchrashuvi rejalashtirilgan. Yevropa vakiliga qarshi hal qiluvchi so‘nggi tur o‘yini esa, 26 iyun kuni «Lujniki»da bo‘lib o‘tishi belgilangan.   

Internet materiallari asosida Qahramon Aslanov tayyorladi.

Mavzuga oid