Jahon | 18:03 / 08.05.2018
9184
4 daqiqa o‘qiladi

Fransiya musulmonlari Samarqand va Buxoroni ziyorat qilish orzusida

O‘zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat, taniqli musulmon ulamolarining ham e'tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Yaqinda qabul qilingan «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni, unda qayd etilgan Hadis ilmi oliy maktabi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Vaqf xayriya jamoat fondi faoliyatini tashkil qilish, Imom Buxoriy davlat mukofotini ta'sis etish haqidagi tashabbuslar xorijlik diniy arboblar, nufuzli ekspert va mutaxassislarning diqqatini o‘ziga tortmoqda.

O‘zbekistonlik sharqshunos va islomshunos olimlardan iborat delegatsiya 2 may kuni Fransiya musulmonlar kengashi faxriy prezidenti, Parij jome masjidi imomi Dalil Bubakr, muftiy Jyellul Buzidi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida diniy sohadagi tashabbuslarning mazmun-mohiyati, musulmonlar hamjamiyatiga yetkazadigan foyda va manfaatlari haqida so‘z bordi. Qayd etilganidek, O‘zbekistonning islom dini asoslarini o‘rganishga qaratilgan loyihalari butun musulmon ummatining qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.

Foto: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Mehmonlar masjid faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Ta'kidlash joizki, 1926 yil Parijning Jarden-de-Plant hududida 33 metrlik minoraga ega ilk jome masjidi qurilgan. Sharq me'morchiligining yuksak namunalari asosida barpo qilingan mazkur ibodatgoh musulmon madaniyati bilan tanishish istagidagi minglab fransuzlarning tashrif manziliga aylanib ulgurgan. Ayni vaqtda masjid Fransiya musulmonlarining har ikkala jahon urushida ko‘rsatgan vatanparvarligi, fidoyiligi va tengsiz jasoratining yuksak namunasi sifatida behad qadrlanadi.

Uchrashuvda Fransiya musulmonlarining hayoti, ibodatlari, an'ana va marosimlari haqida so‘z bordi. Musulmon ulamolari islom nomidan sodir etilayotgan turli xunrezliklarni qoralashi, bu kabi ko‘ngilsizliklarning oldini olish uchun, birinchi galda, yoshlarning ma'rifatini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish eng muhim vazifalardan hisoblanishi ta'kidlandi. 

Foto: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“O‘zbekiston vakillarining Parij jome masjidiga tashrifi bizni mamnun etdi. O‘zbekistondagi yangiliklarni eshitib juda ham quvondik. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilishini olamshumul ahamiyatga ega tashabbuslar, deb hisoblayman. Bu tabarruk zamindan minglab zabardast allomalar yetishib chiqqan. Musulmon dunyosi ular bilan cheksiz faxrlanadi. Yangi markazlar yurtingizda ko‘plab olimu fuzalolarning kamolga yetishiga, dunyo bo‘ylab islom ma'rifatining keng yoyilishiga katta hissa qo‘shadi”, - deydi Parij jome masjidi muftiysi Jyellul Buzidi.

Foto: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Fransiya musulmonlar kengashi faxriy prezidenti Dalil Bubakrning ta'kidlashicha, Fransiya musulmonlarining O‘zbekistonga qiziqishi, tabarruk qadamjolarni borib ko‘rish istagi tobora ortib bormoqda. “Biz O‘zbekistonda ma'rifiy, bag‘rikeng islomni qo‘llab-quvvatlash,  yoshlarni eng yaxshi an'analar asosida tarbiyalashga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz Yaqin oylarda fransiyaliklar delegatsiyasining Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi shaharlarga sayohatini rejalashtirganmiz. Frantsuz musulmonlari uchun Imom Buxoriy, Imom Termiziy maqbaralari, Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qilish katta orzu”, - deydi Dalil Bubakr. 

Mavzuga oid