Sport | 16:43 / 11.05.2018
11106
10 daqiqa o‘qiladi

Yevropa chempionatlarida mavsum yakunlanmoqda. Asosiy intrigalar

Navbatdagi yevromavsum ham nihoyasiga yetib bormoqda. Angliya, Germaniya va Rossiyada bu hafta chempionat o‘yinlari yakuniga yetadi. Fransiya va Italiyada 37-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

E'tiboringizga dam olish kunlari ushbu chempionatlarda bo‘ladigan ahamiyatli o‘yinlar haqida ma'lumotlarni havola qilamiz.

ANGLIYa

Hafta o‘rtasidagi o‘yinlar natijasi juda ko‘p masalaga oydinlik kiritdi. Endi «Manchester Yunayted»ga qo‘shilib, «Tottenhem» ham kelasi mavsumda YeChLda ishtirok etish yo‘llanmasini rasman qo‘lga kiritdi. So‘nggi yo‘llanma uchun «Liverpul» va «Chelsi» so‘nggi turda kurash olib boradi. Hozirda «Liverpul»da 72, «Chelsi»da 70 ochko mavjud. 

«Chelsi»ning chorshanba kuni o‘z maydonida «Haddersfild» bilan durang o‘ynashi 4-o‘rin uchun kurashdagi imkoniyatni pasaytirib yubordi. Endi «Liverpul» so‘nggi turda «Brayton» bilan durang o‘ynasa kifoya. Birinchi navbatda, to‘plar nisbati e'tiborga olinishini hisobga olsak, londonliklar to‘plar nisbati bo‘yicha 4-o‘ringa ko‘tarilishlari uchun so‘nggi turda 15 gol farqi bilan g‘alaba qozonishlariga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, APLni tark etuvchi oxirgi jamoa nomi ham so‘nggi turda rasman ma'lum bo‘ladi. Ha, faqat rasman. Zero asosiy raqibiga o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchragan «Suonsi» endi «Sauthempton»ga yetib olishi qiyin. Orada farq uch ochko. To‘plar nisbati bo‘yicha esa, «Sauthempton» 9 golga ustun bo‘lib turibdi. Demak, so‘nggi turda «Suonsi» g‘alaba qozonishi, «Sauthempton» mag‘lubiyatga uchrashi, bu ham yetmasdan, yana, bu ikki o‘yinda umumiy olganda +9 yo‘qolishi kerak. Aks holda, ligani tark etadigan uchinchi jamoa «Suonsi» bo‘ladi.  

ITALIYa

Italiyada bu hafta so‘nggi emas, 37-tur bo‘lib o‘tadi. Aytish mumkinki, kuchli beshlikda eng keskin intriga aynan «A Seriya»da bo‘lib qolmoqda. Birinchidan, Chempionlar ligasi uchun ikki yo‘llanmaga uch jamoa qattiq kurash olib borishyapti. Ikkinchidan, birato‘la 6 jamoada A Seriyani tark etuvchi 18-o‘ringa tushib qolish xavfi bor – 14-o‘rindagi «SPAL 2013» va 18-o‘rindagi «Kalyari» orasidagi farq atigi 2 ochko xolos.

Ayniqsa, mana shu oltilikdagi «Verona» va «Udineze» o‘rtasidagi o‘yin ham juda qiziqarli kechishi kutilmoqda.

Bu hafta bir katta uchrashuv bor. «Roma» o‘z maydonida «Yuventus»ni qabul qiladi. «Yuventus» o‘tgan haftada chempionlikni, kuni kecha esa, kubokni qo‘lga kiritganidan so‘ng, katta ehtimol bilan bu o‘yinda biroz kuchsizlangan tarkib bilan o‘ynashi kutilmoqda. «Roma» uchun esa, bu o‘yindagi g‘alaba juda zarur. Rimliklar 3 ochkoni qo‘lga kiritishsa, YeChL yo‘llanmasini hal qiladi.

4-o‘rin uchun esa, «Inter» va «Latsio» da'vogarlik qilyapti. Hozircha «Latsio» 2 ochko oldinda bormoqda. So‘nggi turda bu ikki jamoa o‘zaro kuch sinashishadi. Demak, o‘sha «final» o‘yinida yetarli imkoniyatga ega bo‘lish uchun bu turda har ikki jamoa g‘alaba qozonishga urinadi.

Darvoqe, «Atalanta» – «Milan» o‘yini ham e'tiborga molikdir. Chunki, «Milan» 60 ochko bilan oltinchi o‘rinda, «Atalanta» esa, 59 ochko bilan ularni ta'qib qilyapti. Bu o‘yin Yevropa Ligasi yo‘llanmasi masalasini hal qilishi mumkin.

ISPANIYa

Ispaniyada asosiy savollarga javob topib bo‘lingan. Chempion nomi ham, bu yil ligani tark etadigan uchlik ham, YeChLda qatnashadigan to‘rtlik ham allaqachon aniq bo‘lib ulgurgan.

«Betis» uy uchashuvlarini o‘tkazadigan «Benito Villamarin»da Andalus derbisi bo‘lib o‘tadi. Bu o‘yin nafaqat derbi, balki Yevropa Ligasi yo‘llanmalaridan birining egasi aniqladigan to‘qnashuvdir. «Betis» hozirda 59 ochko bilan 5-o‘rinda, «Sevilya» esa, 54 ochko bilan 7-o‘rinda bormoqda. Demak, bu o‘yinda «Betis» mag‘lubiyatga uchramasa, «Sevilya» bilan o‘rtadagi farq qisqarmaydi va jamoaning kelasi mavsumda yevrokuboklarda qatnashishi rasman aniq bo‘ladi.

GeRMANIYa

Bundesligada so‘nggi tur oldidan uch jamoa birgina YeChL yo‘llanmasi uchun imkoniyatga ega bo‘lib turishibdi.

«Hoffenhaym» va «Bayyer»da 52, «Leyptsig»da 50 ochko bor va ulardan faqat biri kelasi mavsum YeChLda ishtirok etadi. Demak bu savolning javobini topish uchun birato‘la uch o‘yin natijasini ta'qib qilish kerak bo‘ladi.

Yaqindagina mamlakat chempioni bo‘lgan va qatorasiga bir necha yil Chempionlar Ligasida o‘ynagan «Volfsburg» esa, Bundesligani tark etish arafasida turibdi. Jamoa «Frayburg»dan 3 ochko kam jamg‘argan, ya'ni xavfli zonani tark etish «bo‘rilar»ning o‘ziga bog‘liq emas. Uni mayli, o‘tish pley-offida ishtirok etish imkonini beradigan, hozirda «Volfsburg» egallab turgan 16-o‘rinda qolish uchun ham jamoa so‘nggi turda ochko olishi shart. Zero 17-o‘rindagi «Hamburg» «bo‘rilar»dan 2 ochko kam jamg‘arishgan xolos.

FRANTsIYa

Yaxshiyam, YeChL degan musobaqa bor, shu turnir yo‘llanmasi ham ligalarda qandaydir intrigalarni hosil qilib turibdi, aks holda allaqachon bu chempionatlarni kuzatishdan to‘xtagan bo‘lardik.

Fransiyadan YeChLda 3 jamoa qatnashadi. «PSJ» raqobatdan xoli, qolgan ikki o‘rin uchun «Lion», «Monako» va «Marsel» o‘rtasida shiddatli kurash kechmoqda. Lionliklar 75, «Monako» 74 va «Marsel» 73 ochkoga ega va 2 tur qolganda bu jamoalarning har birida imkoniyat mavjud.

Ayniqsa, bu turda «Strasbur» – «Lion» o‘rtasidagi uchrashuv juda shiddatli kechsa kerak. Sababi, «Strasbur»  17-o‘rinda bormoqda va ligada o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun bor kuchi bilan harakat qiladi. «Strasbur» ushbu mavsumda «PSJ» ustidan g‘alaba qozongan ilk jamoa bo‘lganini ham e'tiborga olsak, ularda «Lion»ga munosib qarshilik ko‘rsatish salohiyati bor.

ROSSIYa

Aytsak ishonmaysiz, lekin Rossiyada ham shu muammo. YeChL da qatnashadigan uchinchi jamoa kim bo‘ladi?

Yakshanba kuni so‘nggi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. TsSKA 55 ochko bilan hozir uchlikni band qilib turibdi. «Krasnodar» hisobida 53 ochko mavjud.

«Armiyachilar»  uyda «Anji»ni, «Krasnodar» esa «Rubin»ni qabul qiladi. TsSKA uchun bu o‘yinda durang ham kifoya qiladi. Sababi, Rossiya chempionati reglamentiga ko‘ra ochkolar teng bo‘lib qolganda, dastlab, o‘zaro o‘yindagi natijalarga qaraladi. TsSKA bu mavsum har ikki o‘yinda ham «Krasnodar» ustidan g‘alaba qozondi.

MUHIM O‘YINLAR:

11 may.

23:45. «Gengam» – «Marsel»

12 may.

18:30. «Bayyer» – «Hannover», «Hoffenhaym» – «Borussiya Dortmund», «Herta» – «Leyptsig»

21:30. «Betis» – «Sevilya»

23:59. «Strasbur» – «Lion», «Monako» – «Sent Eten» 

13 may.

16:00. TsSKA – «Anji», «Krasnodar» – «Rubin»

19:00. «Liverpul» – «Brayton», «Nyukasl» – «Chelsi»

21:00. «Atalanta» – «Milan»

23:45. «Roma» – «Yuventus»

Mavzuga oid