O‘zbekiston | 14:52 / 14.05.2018
72584
5 daqiqa o‘qiladi

Orolga fotosayohat: Chekinayotgan dengizni izlab

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan UzWaterAware loyihasi doirasidagi Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi hamda tuman hokimliklari qo‘llovi va ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Orolbo‘yi hududi va Orol dengiziga media tur o‘tkazildi.

Unda O‘zbekistondagi ko‘plab ommaviy axborot vositalari xodimlari (jumladan, Kun.uz muxbiri), fotomuxbirlar, blogerlar, Suv xo‘jaligi vazirligi va FVV qoshidagi O‘zgidromet xodimlari, asli kanadalik bloger Loren Chan, MOMEM xodimlari ishtirok etishdi.

Media turdan ko‘ra formati ekspeditsiya ko‘rinishini olgan sayohatga qoraqalpog‘istonlik professional gid, tarix fanlari nomzodi, arxeolog Oktyabr Do‘spanov hamrohlik qildi.

Orol dengizi… Yarim asrdan buyon chekinayotgan, Markaziy Osiyo xalqlarining qalb og‘rig‘iga aylangan mavzu.

«Har safar kelganimda Orolni qarib-qartayib, bir burda bo‘lib qolgan, soch-soqollari oqarib ketgan mo‘ysafid cholga mengzayman, — deydi Oktyabr Do‘spanov. — U bilan tovush chiqarmasdan so‘zlashaman. Ketayotganimda u meni qo‘yib yuborishni istamayotgandek bo‘laveradi…»

Toshkentdan Nukusga 1 soatu 20 daqiqalik parvozdan so‘ng, mehmonxonada media tur a'zolari kechki taomlanish ustida ertangi qilinadigan ishlar rejasini tuzib chiqishdi.

Erta tongdan 12ta yo‘l tanlamas Toyota mashinalarida turnaqator bo‘lib Orol sari yo‘l oldik.

Qo‘ng‘irotdan o‘tganimizdan so‘ng bir paytlar Orol mavjlangan, biroq hozirgi kunda saksovulu shuvoqlar o‘stirilayotgan joyda bizni Qo‘ng‘irot tumani hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Kamolov kutib oldi. U jurnalist va blogerlarga qisqacha intervyu berib, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zladi.

Shundan so‘ng guruhimiz Ustyurt platosi tomon yo‘l oldi. Ustyurt qoyalari ko‘rinish bera boshladi. Chink deb ataluvchi qoyalar uzra yuqoriga o‘rlar ekanmiz, Oktyabr Do‘spanov o‘sha yerda kichik tanaffus qilib, yuqoridan turib bir paytlar Orol dengizi osti bo‘lgan bu maydonlar qay tariqa saksovulzorlarga aylantirilayotgani haqida gapirib berdi. Avvallari An-2 samolyotlari orqali saksovul urug‘i sepilgan maydonlar endi texnika bilan haydalib saksovullar ekilmoqda: qayerdadir urug‘idan, qayerlardadir ko‘chatidan.

Biroz oldinga o‘tib ta'kidlash joizki, hozir Amudaryoning suvi Orol dengiziga quyilmayapti. Chunki daryoning nihoyatda ozayib qolgan suvi dengizgacha yetib bormasdan, issiqda bug‘lanib va qum qa'riga singib yo‘q bo‘lib ketadi. Shu sababli Amudaryo deltasida turli ko‘llar yuzaga kelgan. Ana shunday ko‘llardan biri Sudoche ko‘li bo‘lib, biz o‘sha maskanga yo‘l oldik.

Ko‘lga borayotib, signal beruvchi qadimiy mayoq vayronlari oldidan o‘tdik. Oktyabr akaning aytishicha, bu mayoq dengizchilarga emas, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab harakat qilgan savdo karvonlariga belgi berish uchun xizmat qilgan ekan.

Sudoche ko‘li yoqasidagi Urga qo‘nalg‘asiga borar ekanmiz, mutaassib pravoslavlarning qabristoniga duch keldik. Ular o‘z vaqtida Chor Rossiyasi tomonidan bu yerlarga surgun qilingan, Orol bo‘yida baliqchilik ortidan kun ko‘rishgan ekan. Guruhimiz bilan Sudoche ko‘li oldidagi qadimiy baliqchilik zavodi oldida baliq tanovul qildik.

Yana ketma-ket tuproq changitib, yo‘lga otlandik. Qayd etib o‘tish kerak, bizga Ustyurtda ayni bahor hukmronlik qilgan kunlari borish nasib qildi. Hammayoq yam-yashil. O‘simliklar gullagan. Bir oylardan keyin ular suvsizlikdan qurib, atrof sap-sariq rangga bo‘yalar ekan.

Sobiq ittifoq davrida Komsomolsk-na-Ustyurte deb nomlangan qishloqchaga yetib keldik. Bu yerda bir paytlar aerodrom faoliyat ko‘rsatgan, o‘sha yerda to‘xtab nafas rostladik. 12ta mashinada yo‘l olganimizni unutmang: dam badam to‘xtab, hech kim adashib qolmaganiga ishonch hosil qilib, barcha yetib kelishini kutib yurardik. Bizni ko‘rgani qishloq yoshlari yetib kelishdi. Ayni paytda qishloq yaqinida gaz qazib olinmoqda. Qishloqda barcha kommunal sharoitlar mavjudligiga qaramasdan, ular sifatli tibbiy xizmatga muhtoj ekanliklarini aytishdi.

Nafas rostlab olganimizdan so‘ng, Orol bo‘yiga ekspeditsiyamiz o‘z yo‘lida davom etdi.

(Davomi bor)

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid