O‘zbekiston | 11:46 / 15.05.2018
10513
2 daqiqa o‘qiladi

«Huawei» kompaniyasi O‘zbekistondagi «aqlli shahar» loyihasida ishtirok etmoqchi

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda «Huawei Tech Investment Tashkent» MChJ xorijiy kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Umarovning Kun.uz'ga xabar qilishicha, O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu kompaniyaning Shenchjen shahri (Xitoy)dagi shtab kvartirasiga tashrifi doirasida imzolangan memorandum kelgusida «Huawei» kompaniyasi bilan hamkorlik munosabatlarini yaxshilashga yordam beradi. 

Baxtiyor Umarov «Huawei» ishtirok etgan «aqlli shahar» dasturi oldida ​​​
Foto: O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi

 «Ayni paytda kompaniya O‘zbekistonda amalga oshirilishi kutilayotgan «aqlli shahar» loyihasida ishtirok etish istagini bildirdi. Qolaversa, Xitoyda joriy etilgan «aqlli shahar» dasturida ham «Huawei» kompaniyasining ishtiroki mavjud, ular bizni mazkur tizim bilan yaqindan tanishtirib o‘tdi. Istiqbolda O‘zbekistondagi «aqlli shahar» loyihasida nafaqat xitoyliklar, balki Janubiy Koreya, Isroil va Germaniya vakillari ham ishtirok etishlari mumkin», deydi vazirning birinchi o‘rinbosari. 

Shuningdek, O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi, xususan, «Huawei» kompaniyasi ko‘magida O‘zbekistonning har bir hududida yuqori texnologik markaz va laboratoriyalar ochishni rejalashtirmoqda. ​

Mavzuga oid