O‘zbekiston | 17:49 / 16.05.2018
10166
2 daqiqa o‘qiladi

Deputat: Qonunchilik palatasi faoliyatida yangi amaliyot joriy etilishi kutilmoqda

Foto: Xalq so‘zi

Amaldagi qonunchilikka muvofiq ikkinchi o‘qishda qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berish moddama-modda o‘tkazilishi belgilangan, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”. 

“Mamlakatimizda shiddat bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta'minlashda qonun hujjatlarini takomillashtirib, yangicha ish uslubini joriy etish ko‘zlangan maqsadlarga erishishning muhim sharti hisoblanadi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Bekzod Artikov. — Shunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalarida qonun loyihalarini ko‘rib chiqish amaliyotini takomillashtirish masalalari o‘rganib chiqildi”.

Uning ta'kidlashicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq ikkinchi o‘qishda qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berish moddama-modda o‘tkazilishi belgilangan. Biroq, amaliyotda ayrim qonun loyihasining moddalari bo‘yicha barcha fraksiyalar, deputatlik guruhlari yakdil fikrda bo‘lishadi. Bu esa, o‘z-o‘zidan ularni moddama-modda muhokamadan o‘tkazish tizimini samarasiz ekanligini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, faoliyatning bunday tartibi deputatlarning Qonunchilik palatasining yalpi majlislarida qonun loyihalarini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishda Reglamentda belgilangan rasmiyatchilik uchungina ortiqcha vaqt sarflashiga olib keladi.

Artikovning aytishicha, o‘tgan yilning dekabr oyida Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar jami 1 097 moddani o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularga moddama-modda ovoz berish uchun 12 soatdan ortiq vaqt sarflangan.

Mavzuga oid