Oq va qora: Kommunistik ruhiyatdan xalos bo‘lishimiz kerak
Mustaqil terrolog-analitik Said-Abdulaziz Yusupov muallifligida «Oq va qora» ko‘rsatuvining navbatdagi soni tayyorlandi. Dastur muallifi bu gal o‘zbek millatining tarixiga nazar tashlagan holda bugungi kun kishilari kayfiyati, ularning dunyoqarashi va amallari haqida so‘z yuritadi.
«Bugun jamiyatda yaxshi o‘zgarishlar bo‘lyapti. Ammo yetarli harakat bo‘lmayapti. Sabab bitta – davlat bir tomonlama harakat qilyapti. Aslida biz o‘zimizni isloh qilishga ojizlik qilyapmiz. Oddiy bir inson sifatida, oddiy bir fuqaro sifatida o‘zimizni isloh qilishga shoshilmayapmiz. Muammo aynan mana shunda bo‘lyapti. Ha, biz chiroyli gapiryapmiz, biz chiroyli tanqidlar qilyapmiz, biroq yetarlicha chiroyli amal qilmayapmiz.
Tarixga nazar soling, ruhiyatimizni tahlil qilib ko‘ring, o‘tgan asrlarga bir nazar tashlang bir muammoga guvoh bo‘lasiz. Biz ma'lum bir insonga munosabat bildirishda o‘zimizdan, ijtimoiy holatimizdan kelib chiqib munosabat beramiz. Quloq bilan munosabat beramiz, aql bilan emas. 200-300 yillardirki, bizning fojiamiz bu. Har birimizning fojiamiz shu. Ana shu qusur har birimizda bo‘lganiga sabab bu – millat fojiasiga aylanmoqda.
Aql bilan mushohada yuritib ko‘raylik. Masalan, o‘tgan asrning o‘n yettinchini yilini olsak, ayni siyosiy o‘zgarishlar bo‘layotgan davr edi. Yoki o‘ttiz yettinchi yillarini oling qatag‘on davri edi. Men doim o‘z-o‘zimga savol beraman: «Qanday qilib NKVD o‘zbek tilida yozilgan asarlardan antisovet ma'lumotlarni topgan? O‘shalarni ularga kim yozib bergan edi?» Javobi oddiy – o‘zimiznikilar».
Said-Abdulaziz Yusupov bu illatning paydo bo‘lish sirlari haqida o‘z fikrlarini bildirar ekan, jumladan, shunday deydi: «Bir insonni yomonotliq qilish uchun uni «yomon» deyishning o‘zi yetarli bo‘lib qolyapti. Yomon gap tarqalsa, nimagadir bizning «aql filtri»miz ishlamay qoladi.
Mana, prezidentimiz g‘iybat haqida qayta-qayta gapirdilar. Nimaga, chunki bu o‘tgan 25 yilda emas, balki yuz yillardan buyon fojiamizga aylangan holat.
Yevropaning bizdan farqi bilasizmi nimada? Men iqtisodiy ko‘rsatkichlari haqida gapirmoqchi emasman. Bilasizmi, Yevropada kimnidir yomonotliq qilish judayam qiyin. Yonidagi odamga «u gunohsiz», degan nuqtai-nazardan baho beradi yevropalik. Hatto jinoyatchilarning huquqlari poymol qilinishiga qarshi kurashishadi. Nimaga, chunki insonning qadri bor. Shuning uchun biz, ayni kunlarda jamiyatimizda inson qadrini ko‘tarishimiz kerak.
Bu ishni davlat emas, men, siz, u qilishi kerak. Davlat imkoniyat yaratyapti. Ammo biz fuqaro sifatida o‘zimizni yetarlicha isloh qila olyapmizmi?
Bizda demokratiya, so‘z erkinligi talab qiluvchilar bor. Ularni olqishlayman. Ammo so‘z erkinligi uchun kurashuvchilarni kuzataylik, ularning so‘z erkinligi tamoyillariga qanday amal qilishini ko‘ring - boshqa fikr egasini haqorat qilish bor. Bu holda biz qanday qilib demokratik jamiyat qurishimiz mumkin?
Volterona aytadigan bo‘lsak, «Men sizning fikringizga qo‘shilmasligim mumkin, ammo bu fikringizni aytishingiz uchun jonimni berishga tayyorman». O‘zimizga yoqmagan fikrni ham eshitishimiz, unga hurmat bilan munosabatda bo‘lishimiz kerak.
Bir haqiqatni unutmaylik. Qonimizda, ruhiyatimizda kommunistik ruhiyat saqlanib qolar ekan, hech qachon demokratik muhitga erisha olmaymiz. O‘n yettinchi yil, O‘ttiz yettinchi yil, «paxta ishi» qurbonlari - bularning barchasi kommunizm qurbonlari. Kommunizmda shaxs fikri yo‘q edi, jamoa fikri bilan edi. Hamma yomon desa, yomon bo‘lardi. Quloq bilan eshitib hukm chiqarilardi, aql bilan emas.
O‘zimizni o‘zimiz isloh qilishimiz kerak. Biz qalbimizning tub-tubida qolib ketgan kommunistik ruhiyatdan xalos bo‘lishimiz kerak. Birovni yomonlashsa, bir jarayonni shubha ostiga olishsa, uni tahlil qilib, aqlni ishlatib qaror qabul qilish kerak. O‘ylamay qaror qabul qilishlardan voz kechishimiz kerak.
Sizning huquqingiz boshlanadigan joyda mening huquqim tugashini his qilishimiz kerak», deydi muallif.
Mavzuga oid
10:00 / 18.09.2024
Tadqiqot: Dunyoda saylovlardagi demokratiya darajasi pasaymoqda
18:54 / 21.07.2024
«Meni „demokratiyaga tahdid“ deyishadi. Men esa demokratiya uchun o‘q yedim». Tramp suiqasddan keyingi ilk mitingida chiqish qildi
19:55 / 02.04.2024
Turkiya demokratiyasi ishlayapti. Bu – turkiy dunyo uchun yaxshi namuna
18:06 / 16.02.2024