O‘zbekiston | 00:00 / 19.05.2018
18986
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro ekspert O‘zbekistonda yo‘llarga termoplastik chiziqlar zarurligini bildirdi 

Foto: KUN.UZ

Osiyo taraqqiyot banki yollagan xalqaro ekspert O‘zbekistondagi yo‘llarda termoplastik chiziqlar o‘tkazish, yo‘l chegaralarini, reflektor hamda ustunlarni yaxshilash zarurligini ta'kidlamoqda.

Ma'lum qilinishicha, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan qilingan murojaatga asosan O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llari holatini o‘rganish maqsadida, shu soha bo‘yicha xalqaro ekspert hisoblangan – Filipp Jordon O‘zbekistonda bo‘ldi.

«​Xalqaro ekspert o‘z safari chog‘ida Respublikamiz hududidagi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan – A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» avtomobil yo‘lini, shuningdek, M-37 avtomobil yo‘lining «Samarqand-Buxoro», M-39 avtomobil yo‘lining «Toshkent–Samarqand» yo‘nalishini, A-373 «​Toshkent-O‘sh»​ avtomobil yo‘lini ko‘zdan kechirdi»​, deyiladi Avtomobil yo‘llar davlat qo‘mitasi Axborot xizmati tarqatgan xabarda.

Jarayon yakunlari bo‘yicha Filipp Jordon qo‘mita tizimidagi korxonalar mutasaddilari hamda loyiha tashkilotlari ishtirokida o‘z taqdimotini o‘tkazgan. Shuningdek, O‘zbekistondagi yo‘llarda termoplastik chiziqlar o‘tkazish, yo‘l chegaralarini, reflektor hamda ustunlarni yaxshilash va boshqa masalalarda o‘z tavsiyalarini bildirgan.

Ma'lumot uchun, Osiyo taraqqiyot banki – O‘zbekistondagi yo‘l qurilishi va rekonstruksiyasi bo‘yicha yirik sheriklardan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent tumani «Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi»ning moddiy texnika bazasini mustahkamlash va avtomobil yo‘llarining holatini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasiga deputat so‘rovi yuborilgandi. So‘rovni ko‘rib chiqish muddati 10 kun etib belgilangan.

Mavzuga oid