Light | 01:02 / 21.05.2018
45110
4 daqiqa o‘qiladi

KUN.UZ bilan Sochiga unutilmas sayohat (fotojamlanma)

Qora dengizning shimoli-sharqida joylashgan Sochi shahri (Krasnodar o‘lkasi) Rossiyaning eng yirik kurort shahri, shuningdek  iqtisodiy va madaniy markazlaridan biri hisoblanadi. Sochi Rossiyaning eng uzun shahri bo‘lishi bilan birga, dunyoning ikkinchi o‘rindagi eng uzun shahri hamdir (birinchisi - Mexiko). Sochi odamlar orasida XXII Qishki Olimpiya o‘yinlari poytaxti bo‘lgani bilan ham mashhur. Sochi Jahon Olimpiya shaharlari ittifoqiga qo‘shilgan. KUN.UZ muxbiri ushbu ko‘rkam va sokin shaharda bo‘lib, sizlarni shahar bo‘ylab fotosayohatga taklif qiladi.

Sochiga yetib borishimiz bilan eng ko‘zga tashlangan jihat - shahardagi yashillik - daraxtlar, o‘simliklar, gullar... Tabiiyki, havosi bahri-dilingizni ochadi.

Bu yerda hamma narsa sayyohlar va mahalliy xalq mazmunli dam olishi uchun tashkil qilingan.

Qayerga qaramang, qayiqlar, velosipedlar, mototsikllar, mashinalar ijarasiga ko‘zingiz tushadi.

Sayohat davomida Sochi oilaviy hordiq chiqarish uchun ayni muddao ekaniga ishonch hosil qildik.

Bu yerda farzandlari bilan dam olishga kelganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Sochi deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga so‘zsiz Qora dengiz keladi. Bir vaqtning o‘zida ham sokinlik, ham jo‘shqinlik baxsh etuvchi manzara...

Bu damlar butun umr xotirangizda muhrlanib qolishi shubhasiz.

Shahar shovqini, charchoq, tushkunlik, kundalik yumushlardan charchaganlar uchun Sochiga sayohat qilish, Qora dengiz bo‘yida dam olish ayni muddaodir.

Bu yerda hamma odamlarda ko‘tarinki kayfiyat va tabassumni ko‘rish mumkin, eng asosiysi, bu ijobiy kayfiyat sizga ham "yuqadi".

Shaharda ko‘plab xalqaro forumlar va turli tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinadi. KUN.UZ 14-16 may kunlari Sochida bo‘lib o‘tgan X "ATOMEKSPO" xalqaro forumida ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi.

Shaharda Futbol bo‘yicha 2018 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik avjida.

Kech tushishi bilan turli ranglarga kiruvchi "Fisht" stadioni - barchaning diqqat markazida.

Sochidagi kafe va restoranlarning har biri o‘ziga xosdir. 

U yerda faoliyat yurituvchi ofitsiantlar sizni qiziqtirgan taom bilan bog‘liq barcha savollarga to‘liq javob berishadi.

Sochida turli millat vakillarining do‘stona suhbati va o‘yin-kulgisiga guvoh bo‘lish mumkin. Umuman olganda, "Sochi - do‘stlik shahri" deb bejiz aytilmasligiga ishonch hosil qildik.

Darvoqe, o‘zimizdagi ba'zi kafe va restoranlar ustidan "Wi-Fi yo‘q" deya shikoyat qilamiz, bu yerda esa odamlar telefonga tikilib emas, bir-biri bilan muloqot qilishi, chin ma'noda hordiq chiqarishi uchun ham bu xizmat taqdim etilmaganiga guvoh bo‘ldik.

Shahar ko‘chalarining tozaligi, mehmonxonalar va restoranlardagi sanitariya-gigiyena holati alohida tahsinga sazovor. 

Tozalash ishlari har yarim soatda olib borilishiga shaxsan guvoh bo‘ldik.

Dunyodagi eng uzun osma ko‘prik ham aynan Sochida ekanini bilasizmi?

Ekstremal turizmning yaqqol namunasi bo‘lgan SkyPark bo‘ylab sayohat qilishni istasangiz, KUN.UZ yangiliklar lentasini kuzatishda davom eting.

Lola Rahmonboyeva
Kun.uz

Mavzuga oid