Jamiyat | 12:07 / 22.05.2018
16177
4 daqiqa o‘qiladi

Oltinsoyning “Shakarqamish”i obod qishloqqa aylanadi

Qishloqlarni obodonlashtirish va zamon talablariga mos yashash sharoitlarini bu yerlarda istiqomat qilayotgan aholiga ham taqdim etish maqsadida O‘zbekistonda keng qamrovli “Obod qishloq” davlat dasturi amalga oshirilmoqda. KUN.UZ sayti muxbirlari Surxondaryo viloyatidan tushgan murojaatlarni o‘rganish davomida Oltinsoy tumanida ham bo‘lib, ushbu dastur doirasida obodonlashtirilayotgan “Shakarqamish” qishlog‘ida ham bo‘ldi va qayta qurish ishlari qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishdi. 

Biz Oltinsoy tumaniga quyosh botishiga yaqin kirib borganimiz tufayli olib borilayotgan ishlar bilan to‘la tanishish imkoni bo‘lmadi. Biroq Oltinsoy hokimi Erkin Boyniyozov “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha “Shakarqamish” qishlog‘ida tashkil etilgan shtabda majlis o‘tkazayotganiga guvoh bo‘ldik. Unda mazkur qishloqni obodonlashtirish ishlari qay darajada olib borilayotgani muhokama qilinib, topshiriqlar berildi.

Foto: tuman bosh arxitektori Oqbo‘ta Yangiboyev/Kun.uz

Shundan so‘ng, tuman bosh arxitektori Oqbo‘ta Yangiboyev bilan uchrashib, “Shakarqamish” qishlog‘ida qurilish-obodonlashtirish ishlari qanday borayotgani bilan qiziqdik.

Uning aytishicha, qishloq yo‘llari kengaytirilmoqda, ayrim fuqarolarning piyodalar yo‘lakchasiga chiqib ketgan uylari yoki yordamchi binolari buzilib, ichkariroqqa ko‘chirilmoqda. 

“Bu 4R100 yo‘li bo‘lib, eni 30 metrni tashkil etadi. Aholining ayrimlarining uylari ko‘cha tomonga chiqib kelgani uchun devorlari buzilib, ichkariroqdan quriladi. Uylar atrofi mana bunday namunadagidek o‘raladi. Piyodalar yo‘lakchasi alohida bo‘ladi. Mahallaning 17ta ko‘chasining barchasi xuddi shunday ko‘rinishga keltiriladi. Bu ishlarning bari “Obod qishloq” dasturi asosida bajariladi”, - dedi tuman bosh arxitektori. 

U, shuningdek bu yerda barpo etiladigan ijtimoiy infratuzilmalarga ham oydinlik kiritdi. 

“Mustaqillik bayramigacha barcha ishlarni tugallashni rejalashtirganmiz. 5400 kishi istiqomat qiladigan qishloqdagi maktab rekonstruksiya qilinadi, bitta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi qurib, foydalanishga topshiriladi. Oilaviy poliklinika ta'mirlanadi. 

Bundan tashqari, muhandislik tarmoqlari, infratuzilma inshootlari to‘liq ta'mirdan chiqariladi. 4 km 700 metrlik masofaga yangidan ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi. Bitta hammom, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, jumladan go‘zallik saloni barpo etiladi. Non sexi ham quriladi”, - deya oydinlik kiritdi Oqbo‘ta Yangiboyev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahallani obod qilishda mahalliy tadbirkorlar va fermerlar ham faol ishtirok etmoqda. Ular kam ta'minlangan oilalarning uylarini ta'mirlashda o‘z hissalarini qo‘shmoqda. 

KUN.UZ sayti mazkur kishlokda kurilish va obodonlashtirish ishlari yakunlanishi arafasida videoreportaj kilishni rejalashtirmokda.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid