O‘zbekiston | 10:15 / 30.05.2018
8789
6 daqiqa o‘qiladi

“O‘zagroservis”ning 26ta mashina-traktor parki tadbirkorlik sub'yektlariga sotiladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e'lon qilingan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zagroservis” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining 2018 yil 1 noyabrdan quyidagilar orqali mashina-traktor parklarini boshqarishning eng samarali shaklini tanlash bo‘yicha eksperiment (keyingi o‘rinlarda – eksperiment) o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik bildirildi: 

“O‘zagroservis” AJning 26 ta mashina-traktor parkini tadbirkorlik sub'yektlariga sotish; 

“O‘zagroservis” AJning 3 ta mashina-traktor parkini davlat unitar korxonalariga (keyingi o‘rinlarda – “Tuman MTP” DUK) aylantirish. 

Belgilanishicha: 

a) “O‘zagroservis” AJ mashina-traktor parklarini sotish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimlari tomonidan 2018 yil 31 dekabrgacha quyidagilar orqali ta'minlanadi: 

baholash bo‘yicha ishlar xarajatlarini tegishli mashina-traktor parklari mablag‘lari hisobidan qoplagan holda mashina-traktor parklarining mulki va mulkiy huquqlarni baholash; 

bir yoki bir nechta tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tegishli mashina-traktor parklarining ustav jamg‘armasidagi ta'sischi ulushini ellik bir foizidan yuz foizigacha bozor narxida sotib olish bo‘yicha eng yaxshi takliflar tanlovini e'lon qilish va o‘tkazish; 

mashina-traktor parklarining ustav jamg‘armasidagi yuz foiz ulush sotib olingan vaqtdan boshlab ikki yil davomida tashkiliy-huquqiy shakl va asosiy faoliyat turini (mexanizatsiya va servis xizmatlari ko‘rsatish) saqlab qolish sharti bilan “O‘zagroservis” AJ va tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida tegishli shartnoma tuzish; 

mashina-traktor parklarining ustav jamg‘armalaridagi ta'sischi ulushini sotishdan kelib tushgan barcha mablag‘larni “O‘zagroservis” AJ tashkilotlarining qarzdorliklarini qoplashga yo‘naltirish;

b) ta'sischining tegishli mashina-traktor parklarining ustav jamg‘armalaridagi ulushini baholash qiymati bo‘yicha sotish imkoni bo‘lmagan taqdirda, “O‘zagroservis” AJ sotishga qo‘yilgan aktivlarning narxlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 3 iyuldagi PQ–2200-son “Davlat mulki obektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan tartibda bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli; 

v) “O‘zagroservis” AJ mashina-traktor parklarini “Tuman MTP” DUKga aylantirish tegishli viloyatlar hokimliklari tomonidan 2018 yilning 31 dekabrigacha quyidagilar orqali ta'minlanadi: 

mashina-traktor parklarining ustav jamg‘armalaridagi ulushni keyinchalikda ularni “Tuman MTP” DUKga aylantirgan holda tegishli tuman hokimliklariga balans qiymati bo‘yicha o‘tkazish; 

“O‘zagroservis” AJ ustav jamg‘armasidagi davlat ulushini tuman hokimliklariga o‘tkazilayotgan ulushning balans qiymatiga kamaytirish; 

tegishli tuman hokimliklari tomonidan “Tuman MTP” DUK ustavlarini tasdiqlash, shuningdek, ularni malakali kadrlar bilan to‘ldirish; 

g) tadbirkorlik sub'yektlariga sotilgan mashina-traktor parklari, shuningdek, “Tuman MTP” DUK tegishlicha “O‘zagroservis” AJning sotiladigan va qayta tashkil etiladigan mashina-traktor parklarining barcha huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadi; 

d) tegishli tuman hokimligi “Tuman MTP” DUKning ta'sischisi hisoblanadi va mazkur korxonaning mulki yetarli bo‘lmagan hollarda uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar tarzda javobgar bo‘ladi;

ye) tadbirkorlik sub'yektlariga sotilgan mashina-traktor parklari 
va “Tuman MTP” DUKlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 17 noyabrdagi PQ–2658-son “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 14-bandi bilan “O‘zagrotexmash” AJ va “O‘zagroservis” AJ tashkilotlari uchun belgilangan barcha bojxona, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, bo‘shagan mablag‘larni qarzdorlikni yopishga yo‘naltirgan holda, tatbiq etiladi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlariga eksperimentning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Eksperimentda ishtirok etuvchi tashkilotlarga quyidagilarni ta'minlash tavsiya etildi: 

mashina-traktor parklari tomonidan ko‘rsatiladigan mexanizatsiya va servis xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish, jumladan, yuk va yengil avtotransport vositalariga hamda texnikaning boshqa turlariga servis xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish; 

mashina-traktor parklari faoliyatiga investorlarni, jumladan, ularga xonalar, bino va inshootlarni ijaraga berish hamda mashina-traktor parki hududida birgalikda tadbirkorlik faoliyatini olib borish yo‘li bilan jalb qilish; 

tegishli mashina-traktor parklarining jihozlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan jihozlarning yangi zamonaviy turlarini sotib olish. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid